veb-sayt: www.tilvaadabiyot.uz
51
2023-yil 7-son
Tadqiqot
Gavharshodbegim, Xadichabegim, Xonzodabegim, Gulbadanbegim va boshqa temuriy malikalarni misol qilib
keltirsak bo‘ladi. Bu malikalar haqida ko‘pgina qo‘lyozma va toshbosma asarlarda ma’lumotlar uchratishimiz
mumkin. O‘zbek adabiyotidagi tarixiy romanlarning ko‘p o‘rinlarida temuriy malikalar haqida so‘z boradi.
Tarixiy romanning vazifasi faqat tarix haqiqatini jonli, haqqoniy gavdalantirish emas, balki o‘tmish saboqlarini
yodga tushirishdan ham iboratdir. Odil Yoqubov fikricha, insoniyat hamisha o‘zi bosib o‘tgan yo‘lga bot-bot nazar
tashlab turishi, undan tegishli saboqlar chiqarishi lozim. “Ming afsuski, o‘tmishning achchiq saboqlari goho unutiladi,
tarixda yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanib turadi” [1], — deydi adib.
Ona lochin vidosi romani temuriylar davrining eng muhim hodisalari yuz bergan davr haqidagi asardir. Asarda
ijodkor kitobxon e‘tiborini asosan temuriyzodalarning ayollariga qaratadi. Romandagi sodir bo‘layotgan voqealarning
tub mohiyati ayollarning temuriylar saltanati vakillariga ma’naviy ta’sirlari nuqtayi nazaridan qarab badiiy tahlilga
tortiladi. Asarning bosh qahramoni Gavharshodbegimning shodlig-u iztiroblari bayoni
asosida boshqa temuriy
malikalar obrazlari ham o‘z tasvirini topgan. Ular ichida Bibixonimning, Shodimulk xonimning, Poyanda Sulton
begim, Husn Nigor xonim, Habiba Sultonning epizodik obrazlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bibixonim umri davomida Amir Temur bilan birga hayot kechirgan. Hukmdorning shod-u hurramligi, jang va uzoq
olis safarlarda ham doimo Temur bilan birga bo‘lgan. Tarixiy manbaalarning yakdillik bilan bergan ma’lumotlariga
, ko‘ra , o‘ta ziyrak, tadbirkor Saroy Mulkxonim saltanatni boshqarishda vujudga kelgan ayrim muammolarni hal
qilishda o‘zining dono maslahatlari bilan faol qatnashgan. Amir Temur Saroy Mulkxonimga oshkora bo‘ysinmasa-
da , biroq uning oqilona maslahatlariga qandaydir ehtiyoj sezib turgan.[2] Umrini oxirgi yillari, ya’ni Amir Temur
Xitoyga yurish qilgan vaqtida og‘ir kasalga chalinadi va Bibixonim qo‘lida vafot etadi. Romanda xuddi shu kabi
jarayon Shohrux Mirzo va Gavharshodbegim hayotida ham takrorlanadi.
Asar Gavharshodbegimning o‘y-u xayollari bilan boshlanadi. Bibixonim obrazi ushbu romanda asosan roman
boshida berib o‘tilgan. To‘y oqshomi paytida kelini Gavharshodbegimga tilla zirak taqib qo‘yar ekan , quyidagi
so‘zlarni bayon qiladi.
– Bu in’omning teran ma’nosi bor, – dedi. – Endi hamisha xonadon sohibining gapiga quloq solgaysiz,
aytganlarini so‘zsiz ado etgaysiz![3]
Yuqoridagi fikrlarga asoslangan holda Bibixonim obrazi o‘zining ulug‘vorligi va keng salohiyatli ayol ekanligi
bilan ajralib turadi. Romanda berilishicha, Shodimulkxonim chiroyda tenggi yo‘q deya ta’riflanadi. Amir Temurni
nevarasi Xalil Sulton bu juvonni ishqida kuyib-yonadi. Shodimulkni Temurning nufuzli amirlaridan biri Sayfiddin o‘z
haramiga kanizak qilib oladi. Shu zaylda o‘rtada turli xil mojoralar boshlanadi. Temur kanizni qatl qilishga buyuradi,
ammo Bibixonimnig zukkoligi bilan Shodimulk Xalil Sulton bilan turmush quradi.
Gavharshodbegim
obrazi asardagi eng muhimi, badiiy g‘oyani yo‘naltiruvchi xususiyatlari bilan boshqa
obrazlardan ajralib turadi. Chunki, asardagi asosiy voqealar, ya’ni temuriylar saltanati osmonidagi qora bulutlar
to‘planishi bilan bog‘liq voqelar bilan boshlangan ushbu asarda Gavharshodbegim taqdiri markazda turadi. Asar
Gavharshodbegimning Amir Temur tomonidan kenja o‘g‘li Shohruxga munosib ko‘rib tanlab olgani hodisalari
davridan boshlab, uning fojiali o‘limiga qadar hayotining iztiroblari, temuriyzodalarning toj-u taxt, birodarkushlik
urushlari barobarida yoritib beriladi.
P.Qodirovning “ Ona lochin vidosi ” romanlarida Gavharshodbegim obrazi o‘zining yangi talqinlari bilan boyiganiga
guvoh bo‘lamiz. Farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish sharq xalqlarida boshqa xalqlarga nisbatan ko‘proq bolani
onasi va buvisi zimmasiga tushadi. Ushbu asarda biz buning yaqqol guvohiga aylanamiz. Yozuvchi ushbu asarda
Gavharshodbegimni “Shohlarga fido malika” deb nomlaydi. Shohruxday hukmdorning ayoli, Ulug‘bekday yana
bir hukmdorning onasi bo‘lish odamlar qarashicha malikaga faqat saodat va farog‘at keltirganday ko‘rinadi. Lekin
bu shohona hayotning zamirida turli xil ziddiyatlar va xavf-xatarlar shunday ko‘pki, ulardan doim ogoh, ehtiyot va
sergak bo‘lishga intiladi.
Shunga qaramay, Abdulatif va Gavharshodbegim munosabatlari P.Qodirov talqinida
ham murakkabligicha
qolgan. Xususan, romanda Gavharshodbegimning Alauddavlani Abdullatifdan ortiqroq suyishi, nihoyat, “Bu yerda
o‘gay bola bo‘lib yashash jonimga tegdi! Alauddavla o‘z tug‘ilgan shahrida, hamma unga mehribon... Qachongacha
momomga mute’ bo‘lib yurgaymen” [3] , – deyishida Abdullatifning savdoyiligiga mehrsiz o‘sgani ham qo‘shilib
fojiasiga sabab bo‘lgani anglashiladi.
Shohrux Mirzo vafotidan keyin taxt uchun boshlanib ketgan qonli mojarolar tepasida Gavharshodbegim turadi.
Nevaralar o‘rtasida taxt uchun kurash boshlanib ketadi. Abdulqosim Mirzo podshohlik qilgan davrida malika
biroz tinch hayotda edi. Lekin Abdulqosim Boburning bevaqt o‘limi sababli, qonli mojarolar yana avjiga chiqadi.
Buyuk malika ham xuddi o‘g‘li Ulug‘bek singari qasddan o‘ldirildi.
Ona lochin vidosi romani ramziy nomlangan. Binobarin, u Lochin qushi haqida bitilmagan. Ammo, romanning
yetakchi qahramoni Gavharshodbegim siymosida Ona Lochinga xos jasurlik, g‘ayrat-shijoat, kengliklar-u
yuksakliklarni sevish, erkinlikka intilish, oilaparvarlik, bolajonlik, bag‘rikenglik singari xususiyatlar mujassamlashgan.
Gavsharshodbegimning ilm-ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoqi nihoyatda baland edi. Ilm-fan homiysi edi. Alisher Navoiy
va uning oilasini ham o‘z ta’minotiga oladi. Ma’naviy yuksalishda yangi lochinlar paydo bo‘lganidan xursand edi.