r ~ t // d ~ s // z ~ y (d’at – d’as – d’ay – yay (yoz)) undoshlari;
n // ң ~ s // z ~ y (qon – qoң, qanda – qayda, anig‘ – azig‘ – ayig‘, yan – yaz – yay kabi) undoshlari egalladi.
Turkiy tillar taraqqiyotining o`rta turk davri (X–XV asrlar) taraqqiyot jarayonining eng murakkab, shunga qaramay, hozirgi mavjud tillarning har birining o`ziga xos tovush qiyofasi, lug‘at boyligi va grammatik qurilishi jihatidan tashkil topish hamda mustaqil rivojlanish davri bo`ldi. Til taraqqiyotining bu davrini ham shartli ravishda ikki faslga Qoraxoniylar (X–XII asrlar) va mo`g‘ullar (XII–XIV asrlar) fasliga bo`lish mumkin.
Tarixiy yodgorliklarning guvoh berishicha, X asrda Yettisuv vohasida qorliq qabilalar uyushmasi kuchayib, markazi Bolaso`g‘un, keyinchalik Koshg‘ar bo`lgan qudratli turkiy Qoraxoniylar davlatini vujudga keltirdi. Ular sharqda barcha mayda qabilalarni o`z davlatiga birlashtirib, g‘arbda Amu va Sir vodiysiga Somoniylar hukmronligidagi qorliq-uyg‘ur, Sirning quyi oqimida o`g‘iz-qipchoq qabilalar uyushmalari joylashgan Markaziy va O`rta Osiyo hududlarida o`z hukmronligini kengaytirdi. Natijada Qoraxoniylar davlatida sharqda qorliq-uyg‘ur lahjalari asosidagi, g‘arbda esa o`g‘iz-qipchoq lahjalari asosidagi eronlashgan va arablashgan ikki turkiy til vujudga keldi.
Bu davr tili haqida yozma manbalar yetarli bo`lib, ulardan birinchisi M.Koshg‘ariy “Devon”idir. Koshg‘ariy ma’lumoticha, bu davr qabila va qabila tillari ikki tarmoq – shimoliy va janubiy tarmoqlarga bo`linib, shimoliy tarmoqqa sharqdan g‘arbga tomon pecheneg, qipchoq, o`g‘iz, yamak, boshqird, basmil, qay, yabg‘u, tatar, qirg‘iz, janubiy tarmoqqa g‘arbdan sharqqa tomon chigil, to`xsi, yag‘mo, irg‘oq, choruq, jumul, uyg‘ur, tabg‘ach qabila va qabila tillari kiritiladi. Qoraxoniylar davri adabiy tilining yana bir qimmatli yodgorligi Bolaso`g‘unlik Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik” asarlaridir. Bundan tashqari XII–XIII asrlarda yaratilgan Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat”, uning shogirdi Ahmad Yugnakiyning “Hibatul haqoyiq” asarlari o`sha davr turkiy adabiy tili va madaniyati durdonalaridir. Sharqiy va g‘arbiy adabiy til an’analari, keyinchalik hatto XIV–XV asrlarda “Qissasi Rabg‘uziy”; “Qissasi Yusuf” asrlari orqali davom ettirildi.
XI asrda Qoraxoniylar davlati o`zaro nizolar natijasida o`z mavqeini yo`qotgan. Bu davrda o`g‘iz qabilalari ittifoqiga mansub bo`lgan Saljuqiylar harakati va sulolasi vujudga kelib, ular janubiy-g‘arbda Armanistonning shimoli va Kichik Osiyo hududlarigacha bo`lgan yerlarni o`z hukmronligi ostiga olgan. O`g‘iz lahjasi asosidagi bu davr tili haqida ham “O`g‘iznoma” va “Kitobi dodam Qo`rqut” yodnomalari orqali qimmatli til manbalari saqlangan.
Qoraxoniylar davlatining yemirilishi qipchoq qabilalari ittifoqi manbaida hozirgi Qozog‘istonning Janubiy hududlaridan Quyi Idil (Volga) va Shimoliy Qrim hududlarigacha bo`lgan qipchoq cho`li – Dashti qipchoqda ko`chmanchi qipchoq uyushmalari davlati maydonga keldi.
XI asrlarda ular Yoyiq va Itil daryolari quyi oqimidagi Pecheneglar davlatini parchalab tashlab, qariyb Kichik Osiyo va Rusiyaning sharqiy dashtlarigacha o`z qo`llari ostida birlashtirdilar. Pecheneglarning bir qismi g‘arbga tomon siljib, mojorlar (hozirgi madyar, venger – Vamberi) tarkibiga singib ketdi, bir qismi esa sharqqa tomon siljib, hozirgi Qozog‘iston, Qoraqalpoqiston yerlariga kelib qoldi (Qoraqalpoq < chernie klouboki > qora kloubok > qora kalbok > qora qalpoq). So`nggi asrlarda bu qo`shilmalardan no`g‘ay, qozoq, qoraqalpoq elatlari vujudga keldi.
Qadimgi qipchoq qabilalar uyushmasi tili haqida deyarli yozma yodgorliklar saqlanmagan. XI–XII asr qipchoq tili haqida M.Koshg‘ariy lug‘ati va o`sha davrdagi atoqli otlar hamda joy nomlari orqaligina ba’zi ma’lumotlarni olish mumkin.
Turkiy tillar taraqqiyotining mo`g‘ul fasli aslida XIII asrlarda Sharqiy Sibir, Markaziy va O`rta Osiyo, O`rolning g‘arbiy hududlaridagi yerlarning mo`g‘ullar tomonidan istilo qilinishi davridan boshlanadi, lekin aslida mo`g‘ul istilosi sharqda XI asrlardan boshlangan edi.
Sharqda G‘o`bi cho`li (sahro)da yashovchi kambag‘al, madaniy qoloq ko`chmanchi mo`g‘ullar haqida H.Vamberi: “Ular til va qiyofasi jihatidan turklarga qarindoshdir. Ushbu xalq orasida 549 (1154) yilda dunyoga bir qahramon keldi. Bu qahramonning ismi Temurchi bo`lib temir kabi kuchli, qat’iy bahodir edi. Shu imtiyozlari tufayli yoz vatandoshlarining ibtidoiy tabiatidan foydalanib kuch to`pladi va butun Osiyoni ostin-ustun qildi. U jahon tarixi maydoniga 40 yoshida chiqdi. O`zining hamqavmlari va turk xalqlari bilan urushlarda g‘olibona harakat qilib, Chingiz laqabini oldi. Chingiz – toza, quvvatli ma’nosidadir”2.
“Chingizxon Mo`g‘ul yurtinda Yilun-yillik tegan yerda dunyoga keldi. Bir qo`li yumuq edi. Enaga bo`lgan xatun, qo`lini ochti, ko`rdikim, bir pora uyushkan qon. Muni kelib otasiga aytdilar. Bir kishi aytdi, bu o`g‘lon ulug‘ podshoh bo`lur. Yer yuzining barchasini olur. Bu qon aning nishonasi turur tedi. Ul kishining teganitek bo`ldi. Otasi otini Temuchin qo`ydi. Xon ko`targanda Chingiz laqab qo`ydilar”3.
Chingizning birinchi dushmani G‘o`biga yaqin bo`lgan Keroyit qabilasi xoni O`ngxon edi. O`z aymoqlari va Xitoyni bo`ysundirib. O`ngxonni yengdi. Uyg‘ur xoni Ediqut, Qurxon, Kuchlukxon ham yengildi.
Akad. Bartold mo`g‘ullar istilosi mo`g‘ullarning o`ziga nisbatan turklar taqdiriga kuchli ta’sir qildi. Chunki butun mo`g‘ullar istilo qilgan yerlarda davlat tili turkiy til bo`lib qoldi, deganda haqli edi. Sababi mo`g‘ullar bu davrda uyg‘ur yozuvini o`zlashtirib, davlat ishlarini shu yozuv va turkiy tilda olib borar edi.
XIII–XV asrlarda kelib, mo`g‘ul imperiyasi yemirilgach, ular hukmronlik qilib turgan barcha yerlar Temur va temuriylar tasarrufiga o`tdi. Bu davrda bir qancha turkiy adabiy tillar, jumladan, eski o`zbek adabiy tili ham shakllandi va rivojlandi. Bu davr tili haqida yozma manbalar yetarli darajada bo`lib, Durbek, Atoyi, Lutfiy asarlari, ayniqsa, A.Navoiy davri yozma adabiyoti buning yorqin misolidir.
Turkiy tillar taraqqiyotining yangi turk davri (XV–XX asrlar) turkiy elat va xalqlar yashaydigan butun hududlarda barcha turkiy elat va xalqlar, elat va xalq tillarining qo`shilishi va ajralishi natijasida yangi-yangi turkiy tillarning qat’iy qaror tipish davri bo`ldi.
G‘arbda butun chuvosh urug‘ va qabila uyushmalari yagona chuvosh xalqini, qipchoq-bulg‘or qabilalar uyushmalari tatar va boshqird xalqlari va xalq tillarini, qipchoq-poloves uyushmasi qozoq, qoraqalpoq, no`g‘oy, karaim, qo`miq, qorachoy, balqor, Qrim tatarlari xalq va elatlari, xalq va elat tillarini tarkib toptirdi. Bundan tashqari g‘arbda o`g‘iz-bulg‘or uyushmasidan gagauz va bolqon turklari tillari maydonga kelgan bo`lsa, o`g‘izlardan turkman xalqi va turk, ozarbayjon burjua millatlari va millat tillari, qorliq birlashmasidan o`zbek va uyg‘ur xalq va xalq tillari o`zlarining hozirgi qiyofasini topdi.
Bu davr sharqda ham barcha elat va xalqlarning hamda ularning tillarining o`ziga xos shakllanish va mustaqil takomillashish davri bo`ldi. XVII–XIX asrlarda qirg‘iz, oltoy, yoqut, tuva, karagas, xakas xalqlari va xalq tillari maydonga kelib, mustaqil taraqqiyot boshladilar.
XV–XX asrlar g‘arb, Markaziy va O`rta Osiyo arab, fors, qisman, rus, sharqda esa mo`g‘ul va rus tillari bilan yaqin aloqa va o`zaro ta’sir davri ham bo`ldi.
Umuman, XIX asrning II yarmi va XX asr boshlarida turk, ozarbayjon, o`zbek, uyg‘ur, qirg‘iz, tatar, boshqird xalq va millatlari o`zlarining yuksak madaniyati, yozuvi va mukammal yozma adabiyotiga ega bo`lgan bo`lsa, qozoq, qoraqalpoq, no`g‘ay, gagauz, karaim, qo`miq, qorachoy, balqor, tuva, karagas, yoqut, xakas, kamasin, shor, oltoy kabi xalq va elatlar o`zlarining yozma adabiyotiga ega bo`lmasalarda, o`z mustaqil tillariga ega edilar.
Turkiy tillar taraqqiyotining eng yangi turk davrini shartli ravishda XX asr deyilsa ham, aslida bu davr turkiy tillar taraqqiyotini XX asrning II yarmi belgilaydi. Chunki barcha turkiy ellar Ikkinchi jahon urushidan keyin siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan ravnaq topib, mislsiz darajada tez rivojlana boshladi.
1950 yillardan keyin g‘arbdagi ayrim turkiy burjua millat tillarini hisobga olmaganda, sobiq ittifoq hududlaridagi barcha turkiy tillar o`z mustaqilligi, yozuvi va yozma adabiyotiga, matbuotiga ega bo`ldi. Bu davr fanning hamma sohalarining, jumladan, tilshunoslik fanining ham o`ta rivojlangan davri bo`ldi. Hamma turkiy tillarda boshlang‘ich, o`rta va oliy maktab grammatikalari, imlo va tarjima lug‘atlari yaratildi, hamma turkiy tillarning o`ziga xos orfografik va orfoepik mezonlari belgilandi.
Hamma turkiy xalq va millatlar tili taraqqiyotining mezoni bo`lgan xalq og‘zaki ijodiyoti va yozma adabiyoti ravnaq topdi. Sobiq Ittifoqdagi hamma xalq va millatlarning jahon adabiyotiga tanilgan Oybek, G‘afur G‘ulom, H.Olimjon, M.Ovezov, Ch.Aytmatov, T.Kaipberganov, R.Hamzatov, Samad Vurgun, Berdi Kerboboev kabi o`nlab adiblari va fan mutafakkirlari yetishib chiqdi.
Ovro`pada shuhrat topgan qiyosiy-tarixiy tilshunoslikning ta’siri XIX asrning oxiri XX asrning birinchi yarmida turkiy tillarni qiyosiy o`rganish va tasnif qilish sohasida g‘arb turkshunos tilshunoslari bilan bir qatorda rus turkshunos olimlari I.N.Berezin, N.I.Ilminskiy, V.V.Radlov, N.A.Aristov, F.Katanov, F.Ye.Korsh, A.N.Samoylovich, V.A.Bogorodiskiy, S.Ye.Malov va boshqalar samarali ish olib bordilar. Lekin shuni aytish joizki, ularning ko`pchiligi turkiy tillarni qiyosiy o`rganish va tasnif qilishga bir tomonlama yondoshdilar: ulardan ayrimlari turkiy tillarni tasnif qilishida faqat ularning xududiy joylanishlarini asosga olgan bo`lsa, boshqalari turkiy tillarning yo davriy shakllanish jarayonini yo til xususiyatining ayrim tomonlarini hisobga oldilar; tasnifda har bir turkiy tilning boshqa turkiy tillar bilan umumiyligini shu turkiy tilda so`zlashuvchi jamoa (qavm, elat, xalq va millat)ning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot jarayoni bilan bog‘lab o`rganmadi va tasnif qilmadilar.
Shu jihatdan olib qaraganda turkiy tillarning rus tilshunosi A.N.Samoylovich va keyinchalik N.A.Baskakov tomonidan qilingan tasnifini oldingi barcha tasniflarning ilmiy umumlashmasi va xulosasi deb anglash mumkin.
A.N.Samoylovich turkiy tillarning tarixiy taraqqiyot jarayoni, tovush tizimi va so`z tarkibini hisobga olib ularni 6 guruhga ajratadi. Buni quyidagi jadvalda yaqqolroq ko`rish mumkin: