Tut daraxti ildiz sistemasining tuzilishi. Ildiz o’simlik xayotida katta axamiyatga ega bo’lib, u daraxtning butun yer ustki qismlarini maxkam tutib turadi. Uning asosiy vazifalaridan biri tuproqdagi suvni va unda erigan mineral moddalar xamda karbonat angidridni (CO2) birgalikda shimib, o’simlikka o’tkazadi, o’simlik extiyojiga kerak bo’lgan oziq moddalarni o’z to’qimalarida to’playdi, tuproq muxitiga qand, kislota, fosfor xamda kaliyning mineral birikmalarini va boshqalarni tayyorlab beradi, xlorofillning xosil bo’lishida qatnashadi, tuproqdagi xlorofillsiz tuban o’simliklar - bakteriya va zamburug’lar bilan bevosita aloqador bo’ladi, tuproqda ro’y beradigan murakkab bioximik birikmalarning (amidlar, aminokislotalar, oqsillar, lipoidlar, nukleoproteidlar) sintezida ishtirok etadi. Bundan tashqari tuproq va qumlarni erroziyadan saqlaydi, sizot suvlari satxining pasayishiga ta’sir etadi va nixoyat daraxt qarib, chirigandan keyin tuproqni organik moddalar bilan boyitadi. Ildiz tuproqdagi mineral moddalardan organik moddalar xosil bo’lishida qatnashib, o’simlikning aktiv organi xisoblanadi.
Tut ildizlari bosh (o’q), yon, qo’shimcha (adventiv), patak ildizlardan iborat bo’lib, ularning xammasi birgalikda ildiz sistemasi deb ataladi. Bosh ildiz tana bilan ildiz bo’g’zi orqali birlashadi.
Tut ildizlari xosil bo’lishi jixatidan murtak va qo’shimcha ildizga bo’linadi. Tut urug’idan ko’paytirilganda paydo bo’lgan dastlabki ildiz murtak ildiz deyiladi, so’ngra murtak tirsagi (gipokotil) cho’ziladi va undan ikkita urug’barg yer betiga chiqadi. Tutning tanasi nam tuproq bilan ko’milganda yoki uni qalamcha va parxish yo’li bilan yoxud ildizning o’zi o’stirilganda, tana, novda yoki eski ildizdan yangi ildizlar paydo bo’ladi. Bunday ildizlarga qo’shimcha ildizlar deyiladi.
Murtak yoki qo’shimcha ildizlardan birinchi tartib yon ildizlar, birinchi tartib yon ildizlardan ikkinchi tartib yon ildizlar, ulardan uchinchi tartib yon ildizlar o’sib chiqadi va xokazo.
Urug’dan o’sib yetilgan bir yillik nixolchalar ko’chatzorga va tutzorlarga ko’chirib o’tkazilganda bosh ildizlari qirqiladi. Bosh ildizning qirqilishi yon ildizlarning rivojlanishiga va ko’plab patak ildizlarning xosil bo’lishiga sababchidir.
Katta daraxtlarning ildizlari o’sish sharoitiga qarab juda baquvvat bo’lib, u shox - shabba doirasidan 3-3,5 marta uzoqroqqa taraladi. Tut ildizi shox-shabbalariga nisbatan ancha ko’p va tez shoxlaydi. Kuzda, tut yer ustki qismining o’sishi ildiziga nisbatan oldin to’xtaydi, ya’ni xazonrezgidan so’ng xam ildizning o’sishi kech kuzgacha davom etadi. Ko’klamda esa avval ildiz o’sa boshlaydi.
Tut ildizining taraqqiyoti, tashqi va ichki tuzilishi, uning bajaradigan vazifasi bilan bevosita bog’liqdir. Tut ildizlari asosiy, o’rtacha va o’suvchi ildizlarga bo’linadi. Asosiy va o’rtacha ildizlar qatoriga bosh xamda uchinchi va to’rtinchi tartibgacha bo’lgan yon ildizlar kiradi. Ular yon - atrofga taralib, tuproqning ancha chuqur qatlamlariga borib yetadi. Bular o’simlik ildiz tarkibining asosini tashkil etib, uzunligi 30 sm dan bir necha m gacha va yo’g’onligi bir necha sm gacha bo’ladi. Bosh va yon ildizlarga o’suvchi va patak ildizlar joylashib, ular nisbatan ingichka kuchli shoxlab, juda mayda va ingichka ildizchalar xosil qiladi.
O’suvchi ildizlar o’zining tuzilishi va bajaradigan vazifasi jixatidan: a) so’ruvchi yoki aktiv; b) o’suvchi yoki o’q; v) oraliq (boshqa turga o’tuvchi); g) o’tkazuvchi ildizchalarga bo’linadi.
So’ruvchi yoki aktiv ildizlar o’simlik tez o’sayotgan paytlarda ildiz sistemasining eng ko’p (90% gacha) qismini tashkil etadi.
O’suvchi ildizlarning uchi g’ilof bilan qoplangan bo’ladi, u ildiz uchini o’sish vaqtida mexanik shikastlanishdan saqlaydi. G’ilofdan biroz yuqorida ildizning o’sish konusi undan so’ng mayda tukchalar bilan qoplangan so’rish qismi bo’ladi. Bu tukchalar epidermis to’qimasi (po’sti) ning bir xujayrali o’simtasidir. Uning sirtida yelimga o’xshash shilimshiq modda bo’ladi. Bu modda orqali tukchalar tuproq uvoqlari bilan yaxshi jipslashib, undagi eritmalarni so’radi. Tukchalar 10-15 kun davomida yashab, so’ngra quriydi. Yosh ildiz o’sgan sari uning so’ruvchi qismi doimo so’rilib, o’z o’rnini o’zgartirib turadi. Ular yosh o’suvchi ildizning qismida yangidan xosil bo’ladilar. Shu yo’sinda ildizning o’sish konusi tuproqda xar tomonga suriladi va o’simlik o’sishi davrida xali iste’mol qilinmagan yerdagi suv va eritmalar bilan muayyan ta’minlab turadi. Tut ildiz tukchasining uzunligi 100-150 va yo’g’onligi 8-13 mikron atrofida, 1mm o’suvchi ildiz satxida tukchalar miqdori 410- 515 dona bo’ladi.
Tutning ildizi tukchalaridan tashqari mikoriza (po’stloq xujayrasi ichidagi zamburug’ iplari) vositasi yordamida xam oziqlanadi. Mikoriza so’ruvchi ildizlarda namligi yetarli, serchirindi tuproqda uchrab, o’simlikdagi karbon suvlar bilan oziqlanadi, o’zi esa organik moddalarni minerallashiga yordam beradi.
So’rish qismidagi ildizning ichki tuzilishi birlamchi to’qimalardan iborat. Ildizning bu qismida keng xalqa shaklida po’stloq va o’rta qismida markaziy silindr joylashgan bo’ladi.
Po’stloqning ustki qismini bir qator xujayralardan tuzilgan epidermis (po’st) qoplab turadi. Po’stloqning ba’zi xujayralari cho’zilib, ildiz tukchalarini tashkil etadi. Po’stloq tagida bir necha qator xujayralardan tuzilgan ekzoderma joylashadi. Ekzoderma xujayralari tez kunda po’kaklashadi va po’stloq bilan ildiz tukchalarining tushib ketishiga sabab bo’ladi. Shundan so’ng ekzoderma ildizning ustini qoplab turish xizmatini o’taydi. Shu sababdan ildizning usti sarg’ish qo’ng’ir tusga kiradi va so’rish xususiyatini yo’qotadi.
Tut daraxti ildizlarining tirik parenximali to’qimalarida kraxmal donachalari, moy tomchilari va shakar to’planadi. Bu jamg’arilgan oziq moddalari kelgusi ko’klamda yangi ildiz, novda, barg va gul organlarini xosil qilishda sarflanadi.
Tut ildizlari juda xarakatchan bo’ladi, ya’ni o’ziga eng muvofiq bo’lgan tuproq sharoitlari tomoniga qarab o’sadi. Shu sababli ildizning shakllanishi va yerda joylanishi tuproq xususiyatiga, sizot suvlarining chuqurligiga, agrotexnikaga va tutning naviga bog’liq bo’ladi.
Qalin qavatli bo’z va sizot suvlari chuqur joylashgan tuproqlarda tut ildizlari chuqur qatlamlarigacha yetib, aylana atrofiga taralib o’sadi. Yer osti suvlari yaqin bo’lsa, ildizlar pastga ketmay (shag’al yoki suv satxiga yetgach) yon tomonga qarab o’sadi. Qatlami zich, uzoq vaqt ko’lmak suv to’planib qolgan yoki oz miqdorda va tez-tez sug’orib turiladigan tuproqning pastki qismida ildizlarning nafas olishi qiyinlashadi, natijada ular yerning yuza qismiga ko’tariladi. Bunday sharoitda o’sgan tutlarning qator oralari ishlanganda ko’plab mayda ildizlar kesiladi. Tut daraxtining ildizi kesilganda qaytadan yo’qotgan qismini tiklash (yangidan o’sish) xususiyatiga egadir. Tuproq qanchalik unumdor, g’ovak va namlik darajasi yetarli bo’lsa kesilgan ildizlar shunchalik tez va yaxshi tiklanadi.
Tutzorlarni qalin qavatli, yumshoq, donador, sizot suvlari chuqur joylashgan, o’zidan issiqlik va namlikni yaxshi o’tkazadigan tuproqlarda barpo qilish maqsadga muvofiqdir. Ekin orasini o’z vaqtida ishlash, o’g’itlash va sug’orib turish kerak. Shundagina tutning o’suvchi va so’ruvchi ildizlari yaxshi rivojlanadi va ularning umumiy miqdori ko’payadi. Bunday ildizlar tuproqdagi oziq moddalarni yaxshi so’rib, ularni tutning yer ustki qismlariga yetkazadi, bu esa bargli novdalarning tez o’sishi va mo’l xosil olishga imkon yaratadi