UDK: 418-371
KBK: 32.973
Taqrizchilar:
B.N.Raximov;
X.N.Zaynidinov.
Mas’ul muharrir:
S.S.Parsiyev.
Musahhih:
M.X.Axmedova.
ISBN 978–9943–7343-2-6
© «Nihol print» OK nashriyoti, 2021.
3
Kirish
Operatsion tizimlar har qanday kompyuter tizimining ajralmas
qismidir. Shu sababli, operatsion tizimlar kursi har qanday kompyuter
ta’limining ajralmas qismi hisoblanadi. Ushbu sohada tez o‘zgarishlar
ro‘y bermoqda, chunki hozirgi kunda kompyuterlar kundalik
hayotning deyarli barcha sohalarida - avtomashinalar ichiga
o‘rnatilgan qurilmalardan tortib, hukumatlar va transmilliy
kompaniyalar uchun eng zamonaviy rejalashtirishning eng murakkab
vositalariga qadar keng tarqalgan. Zamonaviy kompyuter bir yoki bir
nechta protsessorlardan, operativ xotiradan, disklardan, printerdan,
klaviaturadan, sichqonchadan, displeydan, tarmoq interfeyslaridan va
boshqa har xil kiritish/chiqarish qurilmalaridan iborat. Natijada esa
ancha
murakkab
tizim
hosil
bo‘ladi.
Bundan
tashqari,
komponentlarning barchasini boshqarish va ulardan maqbul
foydalanish juda qiyin vazifadir. Shu sababli, kompyuterlar operatsion
tizim deb ataladigan maxsus darajadagi dasturiy ta’minot bilan
jihozlangan, ularning vazifasi foydalanuvchi dasturlarini va barcha
manbalarini boshqarishdir.
Ushbu o‘quv qo‘llanmada operatsion tizimlarning asosiy
tushunchalari, tuzilishi, asosiy funksiyalari, imkoniyatlari, ularda
tarmoq xizmatlari va boshqalar ko‘rib chiqilgan. Uning maqsadi
zamonaviy operatsion tizimlarning tabiati va xususiyatlarini iloji
boricha aniq va to‘liq taqdim etishdir. Bu vazifa bir necha sabablarga
ko‘ra qiyin. Operatsion tizimlar o‘rnatilgan ko‘plab kompyuter
tizimlari va xilma-xilligi mavjud. Bular ichiga operatsion tizimlar
ishlaydigan o‘rnatilgan tizimlar: smartfonlar, bir foydalanuvchili
ishchi stansiyalar va shaxsiy kompyuterlar, o‘rta o‘lchamdagi umumiy
tizimlar, superkompyuterlar, shuningdek real vaqt tizimlari kabi
ixtisoslashtirilgan mashinalar kiradi. O‘quv qo‘llanmada keltirilgan
asosiy tushunchalar va algoritmlar ham tijorat, ham ochiq manbali
operatsion tizimlarda qo‘llaniladigan tushunchalarga asoslanadi.
Bizning maqsadimiz ushbu tushunchalar va algoritmlarni bitta
operatsion tizimga bog‘lamagan holda umumiy sharoitda taqdim
etishdir. Bundan tashqari biz hozirgi kundagi eng mashhur va eng
innovatsion Linux, Microsoft Windows va Android kabi operatsion
tizimlarni ko‘rib chiqamiz.
4
Ushbu kitobning mazmuni to‘qqizta asosiy bobdan iborat:
Birinchi bob operatsion tizimlar va ularning ahamiyatini
o‘rganishga bag‘ishlanadi. Ushbu bobda operatsion tizimlar nima, ular
qanday vazifani bajaradi, operatsion tizimlarning tuzilishi va ularning
asosiy komponentlari qanday yaratilganligi tushuntiriladi. Ushbu
boblarda operatsion tizimning umumiy xususiyatlari va foydalanuvchi
uchun operatsion tizimning vazifalari muhokama qilinadi. Bundan
tashqari operatsion tizimlarning rivojlanish davrlari, kompyuter
tizimlari tuzilishi va ahamiyati masalalari ko‘rib chiqilgan.
Ikkinchi bobda operatsion tizimda jarayonlarni va protsessorni
boshqarish masalalari ko‘rib o‘tilgan. Ushbu bobda zamonaviy
operatsion tizimlarning yuragi sifatida jarayon, oqimlar va
protsessorni boshqarish masalalari tasvirlangan. Jarayon - bu
tizimdagi ish birligi. Bunday tizim bir vaqtning o‘zida ishlaydigan
jarayonlar to‘plamidan iborat bo‘lib, ularning ba’zilari operatsion
tizimning jarayonlaridir (tizim kodini bajaradiganlar), qolganlari
foydalanuvchi jarayonlaridir (foydalanuvchi kodini bajaradiganlar).
Bundan tashqari ushbu bobda jarayonlarni rejalashtirish usullari,
jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlar, jarayonlarni sinxronlashtirish va
berkliklarga ishlov berish usullari muhokama qilinadi.
Uchinchi bob xotirani tashkil etish va boshqarish usullariga
bag‘ishlangan. Ushbu bobda jarayonni bajarilish vaqtida asosiy
xotirani boshqarish masalalari ko‘rib chiqilgan. Protsessorni ishlatish
va foydalanuvchilarga javob berish tezligini oshirish uchun kompyuter
bir
necha
jarayonlarni
xotirada
saqlashi
kerak.
Xotirani
boshqarishning turli xil yondashuvlarini aks ettiruvchi juda ko‘p turli
xil xotirani boshqarish sxemalari ko‘rib chiqilgan.
To‘rtinchi bobda kompyuter tashqi qurilmalarini boshqarishga
doir operatsion tizimlarning funksiyalari ko‘rib o‘tilgan. Ushbu bobda
zamonaviy kompyuter tizimida ma’lumotlarni saqlash qurilmalari va
kiritish/chiqarishni qanday ishlashini tavsiflaydi. Kompyuterga
ulanadigan kiritish/chiqarish qurilmalari juda xilma-xil bo‘lgani
sababli, operatsion tizim ushbu qurilmalarning barcha jihatlarini
boshqarishga imkon beradigan keng funksiyalarga ega ilovalarni
taqdim etishi kerak. Kiritish/chiqarish tizimini batafsil ko‘rib
chiqamiz, jumladan, kiritish/chiqarish tizimining dizayni, interfeyslari,
5
shuningdek tizimning ichki tuzilishi va funksiyalarini ham
o‘rganamiz.
Beshinchi bob fayl tizimi va fayllarni boshqarish jarayoniga
bag‘ishlanadi. Fayl tizimi operatsion tizimning fayllarni boshqarish
uchun javobgar bo‘lgan qismidir. Fayl tizimi ma’lumotlarni saqlash,
ma’lumotlar va dasturlarga kirish mexanizmini ta’minlaydi. Ushbu
bobda operatsion tizimlarda fayl tushunchasi, fayl tizimlari, tuzilishi
va tashkil etilishi, fayllarni fizik tashkil etish, ularni o‘qish va yozish
usullari, fayl turlari va atributlari, fayllarni boshqarish va ular ustida
amallar bajarish, fayllarni himoyalash va ularga murojaatlarni
boshqarish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Oltinchi bobda kompyuter tarmoqlarini qurish va boshqarish
masalalari ko‘rib o‘tilgan. Kompyuter tarmoqlari zamonaviy AKT
sohasida keng tarqalgan. Kompyuter tarmoqlari bu ma’lumotlar
bazalari, veb va mobil ilovalar, taqsimlangan tizimlar va boshqa
ko‘plab dasturlarning asosidir. Tarmoqning asosiy tamoyillarini
yaxshi tushunish yanada ishonchli va samarali dasturiy mahsulotlarni
yaratishga yordam beradi. Ushbu bobda kompyuter tarmoqlari,
ularning turlari, asosiy tushunchalari, kompyuter tarmoqlarining
tuzilishi va ularni qurish topologiyalari, ma’lumotlar kommutatsiyasi
va marshrutlash mexanizmi, kompyuter tarmoqlari arxitekturasi va
protokollari, operatsion tizimning tarmoq funksiyalari va turlari
masalalari ko‘rib chiqilgan.
Yettinchi bob operatsion tizimlarning tarmoq xizmatlarini
o‘rganishga bag‘ishlangan. Kompyuter tarmoqlarida tarmoq xizmati -
bu tarmoq ilovalari darajasida va undan yuqori darajada ishlaydigan
dastur bo‘lib, u ma’lumotlarni saqlash, boshqarish, taqdim etish, aloqa
yoki boshqa imkoniyatlarni ta’minlaydi, ular ko‘pincha dastur
darajasidagi tarmoq protokollariga asoslangan mijoz-server yoki
"peer-to-peer" arxitekturasidan foydalanib amalga oshiriladi. Ushbu
bobda mijoz-server arxitekturasi tuzilishi va asosiy tushunchalari,
tarmoq operatsion tizimlari va ularning asosiy tarmoq xizmatlari,
tarmoq kompyuterlarini tashkil etish va boshqarish mexanizmlari,
tarmoq fayllarini tashkil etish va boshqarish mexanizmlari, domen
tizimi va internet xizmatlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Sakkizinchi bobda operatsion tizimlarda xavfsizlik masalalari
ko‘rib o‘tilgan. Ushbu bobda kompyuter tizimlarining himoyasi va
xavfsizligi uchun zarur bo‘lgan mexanizmlar muhokama qilinadi.
6
Operatsion
tizimdagi
jarayonlar
bir-birining
harakatlaridan
himoyalangan bo‘lishi kerak va bunday himoyani ta’minlash uchun
biz faqat operatsion tizimdan tegishli avtorizatsiyani olgan jarayonlar
fayllar, xotira, protsessor va boshqa tizim manbalari bilan ishlashini
ta’minlashimiz kerak. Himoya bu dasturlar, jarayonlar yoki
foydalanuvchilarning kompyuter tizimining resurslariga kirishini
boshqarish mexanizmidir. Ushbu mexanizm kiritilishi kerak bo‘lgan
boshqarish vositalarini, shuningdek, bajarish vositalarini aniqlashni
ta’minlashi kerak. Xavfsizlik tizimda saqlanadigan ma’lumotlarning
yaxlitligini (ma’lumotlar va kodlar), shuningdek tizimning fizik
resurslariga ruxsatsiz kirishdan, ma’lumotlarni yo‘q qilish yoki
o‘zgartirishdan himoya qiladi.
To‘qqizinchi bob amaliyotda operatsion tizimlardan foydalanish
haqidagi bilimlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu bobda biz Linux,
Windows va Android operatsion tizimlarini ko‘rib chiqamiz. Linux va
Windows operatsion tizimlari tuzilishi, ularning imkoniyatlari va
ularda jarayonlarni boshqarish, xotirani boshqarish, qurilmalarni
boshqarish, fayllarni boshqarish, ularda qo‘llaniladigan fayl tizimlari
va ularning imkoniyatlari, fayllarga kirish usullari va ularda
xavfsizlikni boshqarish, shuningdek, Android operatsion tizimi
tuzilishi, uning qo‘llanilish sohasi va imkoniyatlari, fayl tizimi
tuzilishi va Android Debug Bridge dan foydalanish masalalari
muhokama qilingan.
|