g) Ketma-ket va aralash qo‘zg‘atishli motorlarni ishga tushirishning o‘ziga xos xususiyatlari. Bunday motorlarni ishga tushirish parallel qo‘zg‘atishli motordagi kabi, ishga tushirish reostati vositasida amalga oshiriladi, lekin o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorda ishga tushirish momenti parallel qo‘zg‘atishlinikiga nisbatan katta bo‘ladi va (30.10) ifoda bilan aniqlanadi. Bu momentning katta bo‘lishiga sabab, yakor chulg‘amidan o‘tuvchi ishga tushirish tokining oshishi bilan, bu chulg‘amda ketma-ket ulangan qo‘zg‘atish chulg‘amining magnit oqimi ham o‘sadi. Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorlarning bu xossasi ayrim elektr yuritmalarda, masalan, yuk ko‘taradigan moslamalarda, tortish qurilmalarida va boshqa hollarda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorlarning quyidagi o‘ziga xos xususiyatlarini, ya’ni bu motorlarni salt ishlash holatida (valiga yuk ulanmagan holatda) va shuningdek, yuklamaning miqdori nominalga nisbatan 25% dan kam bo‘lgan hollarda, ishga tushirish qat’iyan mumkin emasligini esda tutish lozim bo‘ladi. Chunki bunday hollarda mashina magnit zanjiri to‘yinmagan bo‘lib, magnit oqimi Ф yakor toki Ia ga to‘g‘ri mutanosib (Ф Ia) ravishda o‘zgarganligi sababli aylantiruvchi momenti Mem yakor tokining kvadrati (I2a) ga to‘g‘ri mutanosib ravishda o‘zgaradi, ya’ni:
M= СmI2a. (30.11)
(31.5) va (31.6) ifodalardan aniqlangan quyidagi
n = (U − IaRa)/ (CEФ) (30.12)
tenglamadan ko‘rinishicha, ketma-ket qo‘zg‘atishli motor mexanik jihatdan zararli (me’yordan katta) bo‘lgan aylanish chastotasini hosil qiladi.
Aralash qo‘zg‘atishli motorning parallel va ketma-ket qo‘zg‘atish chulg‘amlari mos ulangan bo‘lsa, u xuddi parallel qo‘zg‘atishli motordek ishga tushiriladi. Agar qo‘zg‘atish chulg‘amlari o‘zaro teskari ulangan bo‘lsa, O‘TMni ishga tushirish qiyinlashib qoladi. Bu holda ketma-ket qo‘zg‘atish chulg‘ami butun ishga tushirish jarayoni davomida shuntlanadi (qisqa tutashtiriladi).