b) Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning ish xarakteristikalarini U=UN=const bo‘lganda foydali quvvat P2 ga bog‘liq ravishda emas, balki yakor toki Ia ga nisbatan bog‘liqlikda tasvirlash qulay hisoblanadi: n, M, P2, = f (Ia). Bu ikkala bog‘liqlik o‘rtasida farq kam, chunki Ua= const bo‘lganda P2 taxminan tok Ia ga mutanosibdir.
Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorda qo‘zg‘atish toki yakor tokiga teng (Iqoz= Ia) va u bilan bir vaqtda o‘zgaradi. Qo‘zg‘atish tokining valdagi yukka nisbatan bunday mutanosib ravishda o‘zgarishi O‘TM ish xarakteristikalarining parallel qo‘zg‘atishli motor ish xarakteristikalaridan keskin farq qilishiga sababchi bo‘ladi. Ketma-ket qo‘zg‘atishli motor validagi yukning oshishi bilan qo‘zg‘atish toki ham oshadi, demak, O‘TM ning asosiy magnit oqimi Ф ham mashina magnitlanish egri chizig‘i bo‘yicha ko‘paya boradi. Demak, ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning aylanish chastotasi yuk oshishi bilan tezda pasayadi.
U =UN= const bo‘lgandagi n =f (Ia) bog‘liqlik – tezlik xarakteristikasini ifodalaydi. (30.12) tenglamaga binoan ketma-ket qo‘zg‘atishli motor aylanish chastotasining o‘zgarishi quyidagilarga, ya’ni: 1) asosiy magnit oqimining o‘zgarishiga, 2) yakor zanjirida kuchlanish pasayishi (Iara)ga va 3) yakor reaksiyasiga bog‘liq bo‘ladi. So‘nggi ikkita sabab birinchiga qaraganda ikkinchi darajali omillar hisoblanadi va ular o‘zaro teskari yo‘nalishda ta’sir qilishgani sababli ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning aylanish chastotasi n amalda faqat asosiy magnit oqimining o‘zgarishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning magnit zanjiri to‘yinmagan (tokning Ia 0,8IN qiymatlarida) bo‘lsa, magnit oqimi Ф tokka mutanosib (Ф Ia) ravishda o‘zgaradi va buni quyidagicha yozish mumkin bo‘ladi:
Ф = KfIa . (30.14)
Bunda O‘TM larining aylanish chastotasi yuklama toki I = Ia ga teskari mutanosibda bo‘lib, tok (demak, Ф ham) kamaygan sari tobora oshadi va o‘zgarish xarakteri giperbola ko‘rinishiga yaqin bo‘ladi (30.5-rasm).
Teskari EYuK lar muvozanati tenglamasi (30.6)ga binoan, kuchlanishni U = UN= const qilish uchun, magnit oqimi Ф ning kamayishida O‘TM aylanish chastotasining oshishi lozim bo‘ladi.
O‘TM aylanish chastotasining haddan tashqari ko‘payishiga, mexanik sabablarga ko‘ra yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Xuddi shu sababdan, umumiy maqsadli ketma-ket qo‘zg‘atishli motorlarni salt ishlash rejimda, ya’ni yuksiz ishga tushirish yoki normal ishlayotganida yukini nominalga nisbatan 25 % dan pastga tushirish mumkin emas.
Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning yuksiz ishlab qolishi ro‘y bermasligi uchun uning aylanma harakatini tasma vositasida uzatishga yo‘l qo‘yilmasdan, balki yuk mexanizmi bilan qattiq birlashtirilib qo‘yiladi. Ketma-ket qo‘zg‘atishli motorning aylanish chastotasi qancha oshsa ham, u generator rejimiga o‘tmaydi, ya’ni tezlik xarakteristikaci – n =f (Ia) ordinatalar o‘qini kesib o‘tmaydi.