Chulg‘am fazasining EYuK. Hozirgi kunda o‘zgaruvchan tok mashinasi stator chulg‘ami uchun ikki qatlamli qisqartirilgan qadamli taqsimlangan chulg‘am turi keng qo‘llanilmoqda. Avval ta’kidlab o‘tilganidek, faza chulg‘ami seksiyalar guruhlaridan tarkib topgan; bu guruhlar ham o‘z navbatida, bitta qutblar jufti ostida joylashgan «q» ta seksiyadan iborat. Demak, barcha guruhlar bir xil magnit sharoitlarda bo‘lgan bir xil sondagi seksiyalardan tashkil topadi. Bunday elektr mashinaning faza chulg‘amida hosil bo‘ladigan EYuK shu fazaning tarkibidagi barcha g‘altaklar (seksiyalar) EYuK larining yig‘indisiga teng bo‘ladi. Fazaning ikki qatlamli chulg‘ami 2p ta g‘altaklar guruhidan, bir qatlamlisi esa p ta guruhdan iborat bo‘ladi. G‘altaklar guruhlari o‘zaro ketma-ket, parallel yoki aralash (ketma-ket va parallel birgalikda) ulanishi mumkin (10.10-rasm). Agar seksiya (g‘altak) guruhlari, o‘ramlar soni ws bo‘lgan q ta seksiyadan iborat bo‘lib, ular ketma-ket ulanganda chulg‘amning har bitta shoxobchasi (a) va fazasida hosil bo‘ladigan EYuK ta’sir etuvchi qiymatining 1-garmonikasi quyidagiga teng bo‘ladi:
E1 = 4,44 f w1kqis.1kt.1Ф1 = 4,44 f w1kch.1Ф1, (10.23)
bunda kch.1 = kqis.1kt.1 (10.24)
– o‘rta va katta quvvatli mashinalar chulg‘am koeffitsientining 1-garmonikasi.
10.4§. O‘zgaruvchan tok mashinalari chulg‘amlarining magnit yurituvchi kuchlari O‘zgaruvchan tok mashinasi havo oralig‘idagi induksiya stator aylanasi bo‘ylab magnit yurituvchi kuchning taqsimlanishi bilan aniqlanadi. Mashinaning statorida yoki rotorida joylashgan barcha o‘zgaruvchan tok chulg‘amlarining natijaviy magnit yurituvchi kuchi (MYuK) havo oralig‘ida aylanma magnit maydonini hosil qilishi lozim. Shuning uchun sinusoidal kuchlanish berilayotgan har bir chulg‘am, fazoda sinusoidal taqsimlangan MYuK ga ega bo‘lishi kerak. Agar bu shartlar bajarilmasa (berilayotgan kuchlanish nosinusosoidal yoki MYuK nosinusoidal taqsimlangan bo‘lsa), u holda magnit maydoni tarkibida yuqori garmonikalar bo‘lib, ular mashinaning energetik ko‘rsatkichlarini yomonlashtiradi.
O‘zgaruvchan tok mashinasi stator chulg‘amlari MYuK larini tahlil qilishda quyidagilar asos qilib olinadi:
1) o‘zgaruvchan tok chulg‘ami MYuK vaqt bo‘yicha o‘zgaradi va bu bilan birga fazoda (stator aylanasi bo‘ylab) taqsimlangan, deb faraz qilinadi;
2) stator chulg‘amidagi tokning vaqt bo‘yicha o‘zgarishi sinusoidal shaklda, demak, chulg‘am MYuK ham sinusoidal shaklda o‘zgaradi;
3) mashina havo oralig‘i stator perimetri bo‘yicha o‘zgarmas, ya’ni rotor o‘zagi silindrik shaklda, deb hisoblanadi;
4) rotor chulg‘amida tok yo‘q, demak, rotor magnit maydonni hosil qil-maydi, deb faraz qilinadi.