3. Tilni gap darajasida tahlil qilish metodlari. Tilni gap darajasida tahlil qilish metodlari sifatida oppozitsion tahlil, distributiv tahlil, transformatsion metod, bevosita ishtirokchilarga ajratish, gap bo‘laklari va gapni aktual bo‘laklarga ajratish metodlarini qayd etish mumkin.
Oppozitsion tahlil.Sintaktik birliklarning mazmun-mohiyati oppozitsion tahlil usuli yordamida yoritilishi mumkin. Masalan, gaplarning modallik mazmuni aynan ushbu metod orqali tahlilga tortilishi mumkin. Modallik munosabatlarining voqelanishida sintaktik birliklar, xususan, gaplarning o‘rni va roli alohida ta’kidlanadi. Bunda oppozitsion tahlil usuli tadqiqotchiga gaplarning modal mazmunidagi qarama-qarshiliklar juftligini tahlil qilish imkonini beradi. Masalan, modal mazmunli gaplarda voqea-hodisaning sodir bo‘lishi nuqtai nazardan, reallik va ehtimollikoppozitsiyalar juftligi, yoki shunday gaplarda voqea-hodisaning sodir bo‘lishida so‘zlovchining xohish-istakiga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi nuqtai nazardan, ob’ektiv zarurat va sub’ektiv zarurat kabi differensial juftliklar shular jumlasidandir. Ushbu oppozitsiyalar juftligi turli zamon, mayl shakllari yordamida reallashadi.
Oppozitsion tahlilning fonologik va grammatik tizimda keng qo‘llanilishida, avvalambor, ushbu tizimda tahlil materiallarining etarlicha ekanligi muhim o‘rin egallaydi. Grammatik kategoriyalar, shuningdek, sintaktik munosabatlar farqlovchi xususiyatlariga ega bo‘lgan turli grammatik shakllar vositasida voqelanadi.
Distributiv tahlil.Distributiv tahlil sintaksis tizimida gap tuzilmalarini tahlil qilishda keng qo‘llaniladi. Bunda asosiy e’tibor, sintaktik tuzilmaning mazmunidan ko‘ra, ko‘proq uning model-qoliplari va shakliy tuzilishiga qaratiladi. Gap tuzilmasi butun bir qurilma sifatida tahlil qilinadi. Tadqiqot materiali ma’lum qoidalarga ko‘ra “qayta tiklanishi” mumkin (nutq vaziyatidan kelib chiqib ellipsis yoki reduksiya hodisalari bartaraf etiladi). Tahlil jarayonida ramziy yozuvlar asosida shakllantirilgan formulalardan foydalaniladi (ot-N, fe’l - V, sifat - A, ravish - Adv). Distributiv tahlilda ellipsisning bartaraf etilishi va reduksiyaning amalga oshirilishi quyidagi misollarda ko‘rinishi mumkin: Masalan, «Navoiy Balxda, Marvda, Astrobodda yashaydi. Xorazmga safar qiladi» (P. Qodirov. Til va El. T., 2005. -135 b.) matnida biz «Navoiy» bo‘lagini qayta tiklashimiz kerak bo‘ladi va faqat shundagina ikkinchi gap (Nb) +Nj + V ko‘rinishini oladi. (Bu erda b- bosh kelishik, j-jo‘nalish kelishigi). Xuddi shuningdek, «Oqsaroy SHaxrisabzning markazida» gapi struktura jihatndan to‘liq bo‘lishi uchun fe’l kesimning tiklanishi talab qilinadi va uning formulasi Nb+ Nq + No‘+ (V) (Bushuy, Safarov, 2007, b. 143-146).
SHuningdek, distributiv tahlil orqali gap tarkibiy qismini shakllantiruvi bo‘laklar o‘rtasidagi munosabatlar, ularning birikish imkoniyati va xususiyatlari ham tahlil predmeti bo‘lishi mumkin.
Distributiv tahlilning afzalliklari sifatida quyidagilar qayd etiladi: a) xulosalarning tahlil tadbirlariga mutanosibligi; b) amallarning sodda va oddiyligi; v) qo‘llanish doirasining chegaralanmaganligi. Shuningdek, ushbu metodning kamchiliklari quyidagicha: a) tadqiqot materiallarining katta miqdorda bo‘lishi; b) taxlil usuli tadqiqot ob’ektining mohiyatini to‘la ochib bera olmaydi.