Bo`g`in. So`zning bir nafas zarbi bilan aytiladigan tovush yoki tovush birikmasidan iborat qismi bo`g`in deyiladi. Masalan, otamiz so`zida uch bo`g`in bor: o-ta-miz. Birinchi bo`g`in tovushdan, qolgan ikkitasi tovush birikmasidan iborat. O`zbek tilida bo`g`in unlisiz tuzilmaydi. So`zda qancha unli bo`lsa, shuncha bo`g`in bo`ladi. Bo`g`in sonini aniqlash uchun so`zdagi unli tovushlarni sanab chiqish kifoya.
Bo`g`in quyidagi belgi asosida tasniflanadi:
Unli yoki undosh bilan tugashiga qarab: a) ochiq bo`g`in; b) yopiq bo`g`in farqlanadi.
Unli bilan tugagan bo`g`in ochiq bo`g`in deyiladi: ona, ota, opa.
Undosh bilan tugagan bo`g`in yopiq bo`g`in deyiladi: mak-tab, rahbar, shaxmat. Bir bo`g`in bittadan to`rttagacha, o`zlashma so`zda beshtagacha tovushdan iborat bo`ladi: ona, bosh, tekst. O`zbek tilida bo`g`inning quyidagi tipi mavjud:
1. Bir unlidan iborat: u (olmosh), e, o (undov so`z).
2. Bir unli va bir undosh: un, uch. 3. Bir unli va ikki undosh: bur, daftar.
4. Bir unli va uch undosh: do`st, mard. 5. Bir unli va to`rt undosh: tekst, punkt.
Unli yoki undosh bilan boshlanishiga qarab: a) berkitilmagan bo`g`in; b) berkitilgan bo`g`in.
Unlidan iborat yoki unli boashlanuvchi bo`g`in berkitilmagan bo`g`in deyiladi:o-na, ol-ma, am-ma.
Undosh bilan boshlangan bo`g`in berkitilgan bo`g`in deyiladi: ma-la-ka, ol-ma-zor, ko`k-lam.
Eslatma Sof o`zbekcha so`z o`zagida uchtagacha bo`g`in, bir bo`g`inda to`rttagacha tovush bo`lishi mumkin. Boshqa bo`g`in tipi o`zlashma so`zga xos.
O`zbek tilida bo`g`in ajratish muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Undan savod o`rgatishda, she’riy vazn o`lchovini belgilashda hamda yozuvda bir satrdan ikkinchi satrga ko`chirishda foydalaniladi.
Tilshunoslikdagi bo`g`in adabiyotshunoslikdagi hijo tushunchasiga har doim ham to`g`ri kelmaydi. Hijo ham arabcha bo`g`in demakdir. She’rdagi so`zning bir nafas zarbi bilan talaffuz etiladigan qismi, ya’ni she’r o`lchovidagi dastlabgi ritmik birlik hijodir. Hijo ba’zan bo`g`indan farqli o`laroq undosh tovushning o`zidan ham tuzilishi mumkin.
Vasl bog`i ichra sendek shohi zolim ko`rmadim, Ishq kuyida o`zimdek notavone topmadim.
(Navoiy)
baytidagi vasl, ishq so`zidagi l va q undoshi mustaqil hijoni tashkil etadi.