Amaliy (grafikaviy) ishlar ham yozma ishlar bilan o’xshash jihatlarga ega bo‘lib, ulardan asosan texnik jarayonlar (jumladan, geografiya, fizika, matematika, chizmachilik, rasm hamda texnologik ta’lim)da keng ko‘lamda foydalaniladi.
Ayrim holatlarda o‘quvchilar ovoz chiqarib o‘quv harakatlarini takrorlashlari va bajarishlari lozim. Ular izohli mashqlar deb nomlanib, bajariladigan harakatlarning mohiyatini anglagan holda ko‘nikma, malakalarni egallashga imkon beradi.
Laboratoriyadan amaliy ishlarning farqi shundaki, bu metod o‘quvchilarning mavjud nazariy bilimlarni amaliy masalalar yechimini topishga yo‘naltirilgan faoliyatini tashkil etishga xizmat qiladi. U o‘quvchilarning bilimlarini chuqurlashtirish, bilish faoliyatini nazorat qilish hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish borasidagi ko‘nikmalarini shakllantirish kabi funktsiyalarni bajaradi.
Zamonaviy ta’lim tizimida o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy bilimlar negizida amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirishda didaktik o‘yinlardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, o‘yin ham ijtimoiy faoliyat ko‘rinishi sanaladi.
Didaktik o‘yin – o‘rganilayotgan ob’ekt, hodisa va jarayonlarni modellashtirish asosida talabalarning bilishga bo‘lgan qiziqishlari va faollik darajasini rag‘batlantiruvchi o‘quv faoliyati turi
Hozirgi vaqtda o‘qituvchilar qo‘lida barcha o‘quv fanlari bo‘yicha didaktik o‘yinlarning ishlanmalari mavjud, ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha yaratilgan o‘quv dasturlarda turli didaktik o‘yinlarning ro‘yxati yetarli darajada ko‘rsatilgan.
Ta’limning globallashuvi ta’limiy va rivojlantiruvchi xarakteriga ega va yo‘nalishi jihatidan xilma-xil bo‘lgan kompyuter o‘yinlarining maktab amaliyotiga jadal kirib kelishini ta’minlamoqda. Didaktik o‘yinlar o‘quvchilarga ijtimoiy-foydali mehnat hamda o‘qish ko‘nikmalarini faol o‘zlashtirishda muhim ahamiyatga ega. Didaktik o‘yinlarning ahamiyati uning natijasi bilan emas, balki jarayonning mazmuni va uning kechishi bilan belgilanadi. O‘yinlar bolalarni ijtimoiy munosabatlar jarayonida faol ishtirok etishga tayyorlaydi, ularning turli psixologik zo‘riqishlarini kamaytiradi. Didaktik o‘yinlardan foydalanilganda o‘quvchilarning manfaatdor bo‘lishlari ijobiy ahamiyatga ega bo‘lgan taqdirdagina ularni taqdirlash mumkin. Aksincha, metodik jihatdan puxta asoslanmagan hamda shunchaki tashkil etilgan o‘yin ijobiy natija bermaydi.
Dostları ilə paylaş: |