3. “Gugurt donalari” strategiyasi. U o‘quv materiallarining talabalar tomonidan o‘rganilgan qay darajada egallanganligini aniqlash maqsadida qo‘llaniladi. Strategiya talabalarga o‘quv materialining mavzusidan kelib chiqqan holda turli muammoli masala yoki vaziyatlarni yaratish, mavzuning asosiy tayanch tushunchalarini ajratib olish, ularni izohlash, tahlil qilish, ta’riflashda yordam beradi. Shuningdek, strategiya mashg‘ulot davomida har bir talabaga turli topshiriqlarni individual bajarish, uning ustida mustaqil ishlash imkonini beradi. Bu strategiya talabalarda bir qator tarbiyaviy xarakterdagi, ya’ni: mustaqil ishlay olish; muloqatga kirishuvchanlik; xushfe’llik; o‘zgalar fikrini hurmat qilish; faollik; faoliyatga ijodiy yondashish; faoliyatning samarali bo‘lishiga qiziqish va intilish; o‘zini o‘zi baholash kabi sifatlarni shakllantirishga yordam berdi.
Strategiya qo‘llanilgan mashg‘ulot talabalarni o‘rganilgan yoki o‘rganilishi kerak bo‘lgan mavzu bo‘yicha yakka va kichik jamoa bo‘lib fikrlash, o‘zlashtirilgan bilimlarni yodga olish, to‘plangan fikrlashni umumlashtirish, ularni yozma ravishda yoki rasm, chizma, tasvir, sxema, model ko‘rinishida ifodalashga o‘rgatadi. Mazkur strategiya juftlik, kichik guruhlar yoki jamoada tashkil etiladi. Talabalar tushunchalarni yozma ravishda ta’riflaydi va ularni taqdimot asosida jamoaga namoyish qiladi.
Mashg‘ulotda strategiyani qo‘llash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
O‘qituvchi talabalarga gugurt donalari yoki oddiy cho‘plardan istagancha tanlab olishni taklif etadi.
Talaba o‘z xohishiga ko‘ra gururt donachalari yoki oddiy cho‘plarni tanlaydi.
Har bir talaba tanlangan gugurt donalari yoki oddiy cho‘plarining soniga ko‘ra mavzuga oid tayanch tushunchalarni ajratib ko‘rsatib, ularning har biriga izoh beradi yoki qoidalarni aytadi.
Izoh:talabalar tomonidan tanlangan har bir gugurt donasi yoki oddiy cho‘p
bittadan tushunchani ta’riflash shartligini anglatadi. Shunga ko‘ra talaba agarda ikkita gugurt donasini tanlagan bo‘lsa, u holda ikkita tushunchani ajratib ko‘rsatib, ularni ta’riflaydi. Gugurt donalari sonining ortib borishiga ko‘ra tushunchalar soni va ularga beriladigan ta’riflar miqdori ham ko‘payib boradi.
“O‘qituvchi mehnatini ilmiy tashkil etish” mavzusining “Gugurt donalari” strategiyasida yoritilishi