I BOB UYUSHIQ BOʻLAKLARNING SEMANTIK-STILISTIK XUSUSIYATLARI 1.1. Ajratilgan boʻlaklar Murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiya va kategoriyalar oʻrganiladi. Bular quyidagilar:
I. Gapning ajratilgan boʻlaklari.
II. Gapning uyushiq boʻlaklari.
III.Undalmalar.
IV.Kirish boʻlaklar.
Murakkab gap sintaksisida sodda gap tarkibida kelib, ularni murakkab gaplarga aylantiruvchi sintaktik konstruksiyalardan biri sifatida gapning ajratilgan boʻlaklari koʻrsatiladi. Ularda mazmunan ma’lum maqsad ifodalanadi; ma’lum darajada predikativlik, hukm anglashiladi: Bu tomonning har yoni ochiq, atrofdagi togʻlar baralla koʻrinar, bu yerning havosiyam boshqacha – toza, oʻpka toʻlib nafas olar edi. Keyin bu tomonda boʻsh yerlar, ya’ni bedazorlar moʻl, u yerlarda bemalol chopqillab oʻynash mumkin edi. Biror gap boʻlagini ajratishda “soʻz tartibi, ajratilgan boʻlakning hajmi, oʻziga xos intonatsiyasi, pauza, soʻz aloqasining xarakteri”1 kabi belgilar e'tiborga olinadi.
Ajratilgan boʻlakning oʻziga xos semantik funksiyasi boʻladi. Bu hususiyat shundan iboratki, ajratish orqali ma’lum boʻlakning ma’nosi ajratib, boʻrttirib koʻrsatiladi, boshqa gap boʻlaklaridan ayirib, diqqat shu boʻlakka jalb etiladi. Bu logik ajratish intonatsiyada ham oʻz ifodasini topadi, ajratilgan boʻlak boshqa gap boʻlaklaridan farqlanuvchi alohida intonatsiya bilan talaffuz etiladi. Ajratilgan boʻlakning semantik xususiyati bu bilan cheklanmaydi, ajratilgan boʻlaklar orqali boshqa qoʻshimcha ma’nolar ham ifodalanadi: Biz bolalar zaldagi deraza pardalarini tushirib, nimqorongʻilikda fosfor burgutni tomosha qilib, xayolimizda u tufayli qoʻzgʻalgan har xil afsonalarni – toshqasrlar-u jodugarlarning bir “suf”i bilan toshqotgan odamlarni eslab, ayni chogʻda xaykalning qizil koʻzlaridan xayiqib, shu boisdanmi, past ovozda gaplashib oʻtirardik. Ajratilgan boʻlak orqali sabab, ta’kid kabi qoʻshimcha ma’no ottenkalari yoki modal munosabatlar ifodalanadi. Bunday qoʻshimcha ma’no munosabatlarining ifodalanashiga sabab shuki, ajratilgan boʻlak faqat oʻzi aniqlayotgan boʻlak bilan aloqaga kirishib qolmay, aniqlanmish bilan munosabatga kirishayotgan boʻlak bilan ham yoki gapning umumiy mazmuni bilan ham aloqaga kirishadi (yuqoridagi misolda birikmali aniqlovchi aniqlanmish bilan ham, kesim bilan ham aloqaga kirishgan). Ammo bu ikki yoqlama munosabatning biri ham semantik, ham grammatik boʻlib, ikkinchi xil munosabat esa faqat semantikdir.
Ajratilgan boʻlaklarning sodda gap singari oʻz mustaqil, logik urgʻusi bor, u gap boʻlaklaridan pauza bilan ajralib turadi, oʻziga xos intonatsiyasi boʻladi. Ajratilgan boʻlaklardagi intonatsiya oddiy gap boʻlaklarining intonatsiyasiga oʻxshamaydi, ajratilgan boʻlak alohida, pasaygan (ba’zan koʻtarilgan) intonatsiya bilan talaffuz etiladi. Odatda, ajratilgan boʻlakdan oldin kelgan, izohlanayotgan soʻzda intonatsiya koʻtariladi, ajratilgan boʻlakda esa intonatsiya pasayadi yoki odatdan tashqari koʻtariladi: Oʻzingiz oʻylab koʻring: yam-yashil qir ostidagi zumraddek oʻtloq oʻrtasida qad koʻtargan oppoq imorat ustida- tepasida bir bahaybat qush aylanayotir.
Ajratilgan boʻlaklar oʻziga xos xususiyatlari bilan, bir tomondan, oddiy gap boʻlaklaridan farqlansa, ikkinchi tomondan, ular toʻliqsiz yoki ergash gaplardan ajralib turadi. Ajratilgan boʻlakli gaplar mazmun va intonatsiyasidagi oʻziga xos xususiyatlari bilan murakkab fikrni ifodalaydi: Yoʻldoshboyning tugʻilgan kuni munosabati bilan chorlangan mehmonlar, ya’ni, “aybdor”ning padari buzrukvori-yu volidai muhtaramasi, tagʻin ikkita feldsher bilan Yoʻldosh oʻqiydigan sinf rahbari va biz jujuqlar – he, stulda toʻgʻri oʻtirishni bilmaydigan, ayrimining oyogʻi yerga tegmay tagiga qatlab olgan qishloq shumtakalarioldida burgutning ilk bor uzun ipda uchirilgani hikoya qilinar edi. Ammo murakkab fikrni ifodalovchi bu gap qoʻshma gap boʻla olmaydi, chunki tarkibida faqat bitta predikativ birlik mavjud. Shu bilan birga, bu xil gap konstruksiyasi sodda gap ham boʻlmaydi. Chunki tarkibida asosiy predikativ birlikdan tashqari, yarim predikativlik mazmuni boʻlgan ajratilgan gap boʻlagi bor. Shuning uchun ajratilgan aniqlovchi yoki ajratilgan izohlovchi ishtirok etgan gap konstruksiyalarini sodda gap bilan qoʻshma gap orasida turuvchi murakkab gaplar deb ajratish zarur boʻladi.
Gapning ajratilgan boʻlaklari muhim stilistik vositalardan biridir. Murakkab fikrni sodda, ixcham va ta'sirli ifodalash usullaridan biri ajratilgan boʻlaklardan foydalanishdir. Shuning uchun ham ajratilgan boʻlaklar masalasi grammatika bilangina emas, stilistika, intonatsiya, punktuatsiya masalalari bilan ham bogʻlanadi. Ajratilgan boʻlaklar oʻzining grammatik semantik, funksional xususiyatiga koʻra, sintaksisning maxsus sohasi murakkab gap sintaksisining oʻrganish obyektidir. Ajratilgan boʻlaklar tilda qadimdan qoʻllanilib kelinadi; bu grammatik kategoriya oʻzining tarixiy evolyutsion taraqqiyot yoʻliga ega. Ajratilgan boʻlaklarning ravishdoshli konstruksiyalarining, koʻmakchi konstruksiyalarining koʻp turlarini, ajratilgan aniqlovchilarni deyarli hamma va har qanday yozma yodgorlik tilida uchratish mumkin. Ajratilgan boʻlaklarning adabiyotda qoʻllanilishi ham faoldir. Buning sababi oʻzbek yozma tilining xalq tiliga yaqinlashib, yanada takomillashishidir.
Ajratilgan boʻlaklar oʻzining semantik funksiyasi va shunga muvofiq oʻziga xos intonatsiyasi bilan ajralib turuvchi alohida sintaktik konstruksiyadir. Ajratilgan boʻlakning sintaksisdagi oʻziga xos xususiyati shundaki, unda yarim predikativlik ma'lum darajada hukmni ifodalanadi: Bu tomonning har yoni ochiq, atrofdagi togʻlar baralla koʻrinar, bu yerning havosiyam boshqacha – toza, oʻpka toʻlib nafas olar edi. Keyin bu tomonda boʻsh yerlar, ya’ni bedazorlar moʻl, u yerlarda bemalol chopqillab oʻynash mumkin edi. Ajratilgan boʻlaklarda ana shunday yarim hukm, yarim predikativlik ifodalanadi. Bu hukmning toʻliq boʻlmasligiga sabab shuki, ajratilgan boʻlaklar asosiy hukmga tobe boʻladi, uni izohlaydi, aniqlaydi, toʻldiradi. Bundan tashqari, ajratilgan boʻlaklarda hukmning toʻliq boʻlishi uchun grammatik asos (oʻz egasinining boʻlmasligi) ham, intonatsion asos (gapda intonatsiya boʻlmasligi) ham yoʻqdir.
Ajratilgan boʻlaklar qaysi gap boʻlagiga oidligiga qarab, uning ma’nosini izohlab, aniqlashtirib, boʻrttirib keladi va shunga koʻra, badiiy asarlarda koʻp qoʻllanadi: Yoʻldoshboyning tugʻilgan kuni munosabati bilan chorlangan mehmonlar, ya’ni, “aybdor”ning padari buzrukvori-yu volidai muhtaramasi, tagʻin ikkita feldsher bilan Yoʻldosh oʻqiydigan sinf rahbari va biz jujuqlar – he, stulda toʻgʻri oʻtirishni bilmaydigan, ayrimining oyogʻi yerga tegmay tagiga qatlab olgan qishloq shumtakalari oldida burgutning ilk bor uzun ipda uchirilgani hikoya qilinar edi. Odatda, badiiy asarlarda gapning ikkinchi darajali boʻlaklari ajratiladi.
Ajratilgan aniqlovchilar predmetning belgisini qayta aniqlash, boʻrttirish, boshqa bir aniqlovchining ma’nosini izohlash, aniqlashtirish maqsadida qoʻllanadi. Masalan: Xuddi tirikday!