Ta’lim berish etikasi Ta’lim berish etikasiga rioya qilish o‘qituvchining talabalar ko‘z o‘ngidagi obro‘-e’tiborini kuchaytirib, darsning ahamiyatini oshiradi. O‘qituvchining dars davomida jamoa orasida o‘zini tutishi, so‘zlash va muomala madaniyati, kiyinishi, nutq mazmuni, muhim bilimlarni bera olish qobiliyati, savollarga javob berishi, dunyoqarashining kengligi shak-shubhasiz uning reytingini (imijini, obro‘sini) oshirishga olib ke-ladi. Ta’lim berish etikasini rivojlantirish va uni har bir bosqichda tek-shiruvdan o‘tkazish uchun amalda quyidagi uch vositani qo‘llash mum-kin:
tasdiqlov,
dialog (muloqot),
o‘zaro, hamkor (kooperativ) muloqot.
Har bir talabaning bergan savollarini diqqat bilan tinglash, ijobiy fikrlarini tasdiqlash, ularning intilishlarini, qiziqishlarini hamda qobiliyatlarini hisobga olgan holda tegishli javob berish talabalar ko‘z o‘ngida o‘qituvchining hurmatini yanada oshiradi (ko‘taradi) va ular bu o‘qituvchi bilan bog‘liq fanga yana ham qiziqa boshlaydilar. Chunki ko‘pincha fan va uni o‘qitadigan o‘qituvchi haqida talabalar ko‘z o‘n-gida birday tasavvur hosil bo‘ladi. Ko‘pincha insonlar Sizning nimani gapirayotganingizga emas, balki qanday gapirayotganingizga e’tibor be-radilar va shu asnoda aytmoqchi bo‘lgan fikringizni qabul qiladilar. Agar Siz ularning o‘qituvchilar haqidagi ichki fikrini, dunyoqarashini va tasavvurini tasdiqlasangiz hamda ularning tasavvuridagi «Yaxshi» va «Ijobiy» o‘qituvchi bo‘la olsangiz, ular ham Sizning faningizni qiziqish bilan va yaxshi o‘zlashtiradilar.
Dialog (muloqot) tashkil qilish ta’lim berish etikasini rivojlan-tirishning ikkinchi asosiy bosqichidir. Talaba va o‘qituvchi orasidagi muloqotni maqsadga muvofiq ravishda to‘g‘ri tashkil qilish va mumkin bo‘lgan usullar bilan uni rivojlantirish ta’lim sohasida o‘ziga xos inqi-lobiy o‘zgarish yaratadi, desak yanglishmagan bo‘lar edik. Chunki ush-bu usulni qo‘llaganda talaba o‘qituvchidan cho‘chimasdan o‘z fikrlarini aytadi va u bilan o‘rtoqlasha oladi, bilmagan savollariga to‘g‘ri javob-larni olish va boshqalar bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi, shu bilan birga, kelajakda faol kurashuvchan va izchil demokratik po-zitsiyalarda bo‘lish sabog‘ini ham oladi. Talabalarni dialog usulidan bezdirmaslik uchun ularning har qanday savollariga e’tirozsiz, yotig‘i bilan javob berish lozim. Fikrlariga esa, ular qanday bo‘lmasin, ijobiy va ijodiy yondashish lozim. Ba’zi hollarda esa bu usul ularni xilma-xil ko‘rinishdagi o‘ta mutaassib (fanatik) dunyoqarashdan qaytarish uchun ham amaliy vosita bo‘lishi mumkin. Chunki keng va ijodiy fikrlovchi inson hech qachon «fanat» bo‘la olmaydi. Agar dialog davomida Siz bilmagan savol yoki muammolar kelib chiqsa, buni to‘g‘ri tan olish va keyingi darsda o‘rinli javob berish zarurdir. Talabalarning har qanday savoli javobsiz qolib ketmasligi juda muhim. Chunki shundagina ular o‘zlarining shaxsiy fikrlari ham ma’lum bir qimmatga ega ekanligini qalban his qiladilar. Bu esa teskari aloqa signali sifatida muqarrar ravish-da talaba miya faoliyatining kuchayishiga va yangi foydali fikrlar oqimi yuzaga kelishiga (generatsiyasiga) olib keladi.