Uzbek stationery



Yüklə 1,49 Mb.
səhifə33/80
tarix29.04.2023
ölçüsü1,49 Mb.
#104754
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   80
Interfaol ta’lim uz

Tahlil (Analiz) – O‘rganilayotgan mavzu bilan bog‘liq tushuncha-larning tashkil etuvchi (bo‘lak, qism) lari orasidagi bog‘liqlikni ko‘rsa-tish va tushuntirib berish talab qilinadi.
• ............. qanday tarkibiy qismlardan iborat?
• .............. qanday munosabatda?
• Solishtiring.........
• Qanday asosiy xossalar mavjud .............?
• U yoki bu bo‘lim (bo‘lak, qism) orasidagi farqni ko‘rsating: ..........
• Turkumlarga ajrating: ..............
• Tarkibiy qismlarga bo‘lib chiqing?
• Ushbu mavzu bilan bog‘liq bo‘lgan xatolaringizni toping. Qanday nuqtayi nazar to‘g‘ri bo‘lishi mumkin?
Sintez – Bunda mavzu bilan bog‘liq voqea-hodisa, material, uskuna, qism (bo‘laklarini) mantiqiy jihatdan butunga qo‘shish (birlashtirish, moslashtirish) ni uddalash talab qilinadi.
• O‘rganilayotgan masalaning mohiyatini qanday tarkibiy qismlar tashkil qiladi?
• Qanday tarkibiy qismlar qo‘shilsa, obyektning mohiyati sezilarli ravishda o‘zgaradi?
• Bajaring ...........................
• Faraz (fikr, nuqtayi nazar) ni qanday qilib tekshirar edingiz?
• Siz qanday qilib hosil qilardingiz (yaratardingiz, ko‘rardingiz)?
• Asosiy mavzularni va namunalarni aniqlang.............
• Ba’zi bir tarkibiy qismlarning bor yoki yo‘qligi masalaning mohiyatiga qanday ta’sir qiladi?
Baholash – Yuqorida ko‘rib o‘tilgan tahlil, analiz va sintez natija-lariga asoslanib, qaror qabul qilish hamda xulosa chiqara olish qobiliyati ko‘rib chiqiladi.
• Ushbu .......................... ni baholang?
• .................... bo‘yicha fikringiz qanday?
• Aniqlang...........
• Ushbu ............ ko‘rsatkichlarga mos tushadimi?
• Nega shunday? yoki Nega shunday emas?
• Namuna yaxshimi? Nega?
• Qanday ko‘rsatkichlarga asoslangan holda ................. ?
• .............................. ni asoslab bering?
• Ko‘rsatkichlarni qanday aniqladingiz? Ularni asosli ravishda tushuntirib bering.............
• Nega Siz shunday deb fikrlaysiz/o‘ylaysiz?
• ..................... haqida qanday xulosa chiqara olasiz?
Agar barcha fanlarni aniq va aniq bo‘lmagan fanlar deb, bir-biridan ajratsak, ikkinchi guruhga kirib qolgan fan namoyandalari bizdan juda qattiq xafa bo‘lishlari va ranjishlari aniq. Bu esa, o‘z navbatida, qo‘llanmamizning muvaffaqiyatiga pand berishi mumkin. Shuning uchun ham ularni bir-biridan ajratmaymiz va taklif qilina-yotgan uslubiyatlarni hech qanday cheklashlarsiz qo‘llashlariga teng imkoniyat yaratamiz. Bu, bizningcha, ushbu qo‘llanma doirasidagi de-mokratiyaning va umuminsoniy qadriyatlar hurmatining yaqqol na-munasi bo‘ladi, deb umid qilamiz. Yuqorida aytib o‘tilgan ko‘p usullar (ko‘rsatmalar, qoidalar, yondashuvlar) jamoa tomonidan aniq deb tan olingan fanlarni ham faol usulda o‘qitishda juda qo‘l keladi. Chunki bu usullar inson ruhiyati (psixikasi) ning imkoniyatlari va ta’lim berish sohasidagi eng oxirgi (ilg‘or) hamda zamonaviy yutuqlariga asoslangan. Bunda, albatta, «Hamma yangi narsalar, unutib yuborilgan eski nar-salardir», – deb ham aytishingiz mumkin. Lekin bu eski narsalarni to-pish va o‘z o‘rnida maqsadga muvofiq qo‘llash ham ma’lum darajada topqirlik hamda bilimni talab qilishi hech kimga sir emas.
Mantiqli savollar berishning va o‘quvchi tomonidan biror-bir nar-sani, hodisani, dalilni, omilni, qoidani yangidan kashf qilishning yoki ochishning, uning mohiyatiga tushunishning faol usulda ta’lim berish-dagi ahamiyatini hozirgi zamon amaliy-konstruktiv pedagogika fani ta-rafdorlari doimo uqtirib kelishgan. Bunda bizning bu konsepsiyani qo‘l-lashimizni ko‘rsatish uchun dono o‘zbek halqining «Ming marta eshit-gandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan yaxshiroq», – degan maqolini yodga olmasdan ilojimiz yo‘q. Chunki xuddi shu asrlar zamiridan chiqqan ijobiy fikr amaliy-konstruktiv pedagogikaning asosi (poydevori)ni tash-kil qiladi. Hozirgi paytda ilg‘or (progressiv) usulda ishlaydigan peda-goglar ta’lim berishni talaba (o‘quvchi)lardagi mavjud bo‘lgan bilim majmualarini ijodiy fikrlash asosida kengaytirish va qayta tuzish sifa-tida tushunib, bilim toliblariga loqayd (passiv) ravishda bilim berish usulini aslo tan olmaydilar. Chunki sust ta’lim usuli talabalarni befarq va loqayd qilsa, faol ta’lim usuli ularning iqtidori va iste’dodini rivoj-lantirishga, tasavvur doiralarini kengaytirishga, muloqotlarini jonli qi-lishga va ishga (hayotga) hamda jamiyatga ijodiy yondashishlariga olib keladi. Agar biz talaba (o‘quvchi)larning o‘zlari yaxshi bilgan hodisalari va bilimlari asosida ularga yangi bilimlar majmuasini berib, amaliy-konstruktiv pedagogika usullarini qo‘llasak, u holda quyidagi ikki ho-latni kuzatishimiz mumkin. Birinchi tomondan, o‘qituvchilar savollar berishlari va bu savollarga to‘g‘ri javob topishlari uchun faol ishlashlari kerak bo‘ladi. Bu jarayonda ular o‘zlarining bilganlarini yana bir marta yaxshilab eslashlari va buning asosida talabalarga nimalarni bermoqchi ekanliklarini aniqlab olishlari lozim. Ikkinchidan, o‘quvchilar o‘zlari-ning hayotdan olgan turli taassurotlaridan va bilimlarining xilma-xilligi-dan kelib chiqqan holda, yangi hodisa, qoida, omil va dalillarni o‘rgan-masdan turib, noto‘g‘ri xulosaga kelib, adashib qolishlari xavfi ham mavjud. Binobarin, o‘quvchilar yangi bilimni (ma’lumotni) o‘zla-richa noto‘g‘ri talqin qilsalar, bu ularning chala, to‘laqonli bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri bilim olishlariga olib keladi. Shuning uchun ham, o‘qituvchi-ning vazifasi ziyraklik bilan bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik va o‘quvchilarning oldingi bilganlarini ham bir karra tekshirib chiqishdan iborat. Bizningcha, quyidagi fikr bejiz aytilmagan:
«Har bir o‘qituvchining vazifasi o‘quvchida bilimga qiziqish uch-qunini yoqishdir xolos, uning alangaga aylanishi esa talabaga bog‘-liq».
Yuqorida aytib o‘tilgan fikrlar nafaqat aniq fanlarni, balki boshqa har qanday turdagi fanlarni ham o‘rganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Sizga ma’lumki, fan – fizik dunyo, jamiyat, ruhiyat, inson tuzilishi va atrof-muhitdagi qonuniyatlarni misol va qonun-qoidalarga suyangan holda har tomonlama o‘rganishdir. O‘quvchi ham o‘zidagi imkoniyat-larni ishga solgan holda bu qonuniyatlarni o‘zicha baholi-qudrat o‘rga-nishga harakat qiladi. Ular bolalik va yoshlik paytlarda xilma-xil voqea va hodisalar haqida o‘zlari uchun qandaydir tushun-tirishni (izohlashni) aniqlab oladilar va bularni keyingi o‘qish jarayo-nida, ta’lim-tarbiyada hamda butun hayot davomida to‘ldirib hamda qayta ko‘rib chiqaveradilar. Demak, o‘qitish va ta’lim-tarbiya jarayonini o‘quvchilarning mavjud haqiqiydaliliy (faktual) bilimlari bilan garmo-nik ravishda qo‘shib amalga oshirilsa hamda ularning qiziqishlari, intilishlari hisobga olinsa, juda yaxshi natijalarga olib kelishi mumkin. Aniq fanlarni sust (passiv) usulda o‘qitilsa, ulg‘ayganimizda muayyan bilimlar majmuasiga ega bo‘lishimiz mumkin, lekin bu bilim «tek-shirilmagan, sinalmagan» holda qolib ketaveradi va biz ularni real hayotda maqsadga muvofiq ravishda ishlatishimiz mushkul bo‘lib qoladi. Aniq fanlarni faol o‘qitishning amaliy-konstruktiv usuli bilim olish jarayonini o‘quvchilarning qiziqish va intilishlari bilan uzviy bog‘langan holda olib boradi hamda ularning bilganlaridan foydalanib yangi bilimlar majmuasini taqdim etadi. Demak, ular ongida mavjud bo‘lgan eski bilimlar majmuasi yangi bilimlar to‘plami uchun bir ulanish nuqtasi, o‘ziga xos harakat dasturi bo‘lib xizmat qiladi va bir-biriga eng muvofiq ravishda uyg‘unlashadi. Aniq fanlarni o‘qitish o‘quvchi (talaba)larda quyidagilar bilan aniqlanadigan ilmiy-amaliy yondashuvni tarbiyalaydi:
1. Chuqur, har taraflama va atroflicha bilim olishga intilish va bun-ga astoydil qiziqish;
2. Nazariy tomondan aniqlangan ko‘rsatmalar asosida ushbu fanga oid bir nima qilish orqali biror-bir hodisani, qoidani, dalilni yoki ma’lu-motni aniqlash yotadi. Masalan, mavzuga oid tajriba qilib ko‘rish, ama-liy ish o‘yinini tashkil qilish yoki misol va masalalar yechish;
3. Mavzuga oid va u bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘pincha uchrab tura-digan fikrlar, g‘oyalar, ma’lumotlar, asosiy dalillar, konsepsiyalar, qoi-dalar va hodisalarni yana ham diqqat bilan o‘rganish (skeptitsizm);
4. Xilma-xil hodisalarning bir-biriga munosabatidagi mantiqni hamda mantiqiy bog‘liqlikni va bunday aloqalar tub mohiyatini aniq-lash va isbot qilishni bilim olish jarayonida ishlatish (mantiqiy-nazariy fikrlash);
5. Tevarak-atrofdagi dunyo va hodisalar haqida ma’lum bir to‘g‘ri ma’lumotlar majmuasiga ega bo‘lish va uning asosida hamda unga ta-yangan holda mantiqiy-konstruktiv fikrlash (bilimdonlik);
6. U yoki bu sohadagi har bir real masalalarni hal qila olish, ma’-lumotlarni topish, ularni bir-biriga bog‘lash, maqsadga muvofiq ravish-da ishlatish hamda muammolarni hal qilish uchun ma’lum bir qoidalar, dalillar, ma’lumotlar, tushunchalar to‘plamiga ega bo‘lish va ularni amaliy ravishda ishlata olish (strategiyalar);
7. Boshqalarning fikrlarini, bilimlarini, ma’lumot majmualarini va g‘oyalarini bir-biriga maqsadga muvofiq ravishda bog‘lay olish hamda ulardan unumli ravishda foydalanib, yangi bilimlar majmuasini tuza olish (integratsiya);
Hayotni noto‘g‘ri aks ettiradigan, amaliy hayotdan uzoq va mav-hum ko‘rinishdagi ilmiy bo‘lmagan yondashuvga (noilmiy, antitezaga) yaqqol misol sifatida quyidagilarni kiritish mumkin (ya’ni, yuqorida aytib o‘tilganlarga qarama-qarshi dunyoqarashning mohiyatni tashkil etuvchilar):
1. Biror-bir narsani, hodisani, nazariyani yoki fanni bilish va o‘rganishni xohlamaslik va buni foydasiz deb bilish, atrof-muhitdagi hayotga nisbatan loqayd hamda befarq bo‘lgan munosabat (passivlik);
2. Voqea-hodisalar orasidagi mavjud bo‘lgan real munosabatlarni isbot orqali emas, balki faqatgina aqliy fikrlash, parallel ko‘chirish yoki qandaydir turdagi aqidaparastlik orqali bu narsa bunday bo‘ladi, u narsa unday – deb xulosa chiqarish, da’vo qilish, astoydil berilish yoki shunga shubhasiz ishonish va boshqalarni ham bu narsalarga ishontirishga harakat qilish (sxolastika);
3. Atrof-muhitdagi real dunyo haqida noto‘g‘ri va g‘aliz fikr yuri-tish yoki shunday g‘oyalarga so‘zsiz ishonish. Bu esa, o‘z navbatida, no-to‘g‘ri savollar berishga va g‘aliz tushunchalarga olib keladi hamda biz atrof-muhitni, hayotni noto‘g‘ri tushunib, talqin qila boshlaymiz (dezin-formatsiya);
4. Real muhitdagi voqea va hodisalarni, qoida va dalillarni, ma’lumotlarni, o‘zaro bog‘liqliklarni va munosabatlarni chuqur o‘rgan-maslik, izchillashtirmaslik va tahlil qilmaslik, isbot qidirmaslik (diq-qatning tarqoqligi – dezintegratsiya);
5. Olingan dunyoviy bilimlarga rioya qilmaslik, ularni vaqti-vaqti bilan tanqidiy nuqtayi nazardan qayta ko‘rib, fikrlab chiqmaslik, zamo-naviy yutuqlarni hisobga olib, ularni yanada to‘ldirmaslik, yuzakilikka yo‘l qo‘yish (begonalashish).
Misol uchun fizikaga bag‘ishlangan biror-bir dars mavzusi «Suv-ning bug‘lanishiga ta’sir qiladigan omillar» deb atalsin. Darsni bosh-lashdan oldin o‘quvchilarga bu borada bir savol beriladi. Masalan, «Xilma-xil turdagi va shaqldagi yuzalarda suv qancha paytda bug‘lanib ketadi?» – deyiladi va ulardan bunga qanday omillar ta’sir qilishini aniqlash so‘raladi. Ular biroz vaqt o‘ylab olgandan so‘ng, o‘qituvchi ularga bu yo‘nalishda ba’zi bir maslahatlar va tushuntirishlarni beradi. Sinf doskasiga (yoki katta bir qog‘oz bo‘lagiga) har bir o‘quvchining «Suv bug‘lanishining tezligiga qanday omillar ta’sir qiladi?» – degan savolga nisbatan o‘z fikrlarini yozishlari so‘raladi. Bunda o‘quvchilar batafsilroq bilishni istagan omillarga savol belgisi qo‘yib qo‘yish ham mumkin. Shundan so‘ng o‘quvchilardan ularning qaysi savollarga javob berishni xohlashlari so‘raladi. Ularning javobi va tushuntirishlari jonli va biror-bir real hayotda uchraydigan aniq misol bilan bog‘liq bo‘lsa, yana ham yaxshi bo‘ladi. Masalan, suv bug‘lanishining tezlashishiga va sekinlashishiga nimalar ta’sir qilishini ko‘rsatadigan qanday hodisani u misol sifatida keltira oladi, qanday qilib buning to‘g‘riligini tekshirish mumkin, qanday xildagi tajribalar bunga yordam beradi va hokazo. Omillarning alohida-alohida ta’siri haqida ham muhokama o‘tkazish mumkin. O‘quvchilar qaysi omillarning bug‘lanishni tezlashtirishi va qaysilarining sekinlashtirishini bilib olganlaridan so‘ng, xilma-xil tur-dagi materiallardan suvning bug‘lanish tezligining qandayligini muho-kama qilish mumkin. Masalan, sochiqdan – uning xilma-xil holatida, temirdan – xilma-xil sharoitlarda, yog‘ochdan – uning har xil holat-larida va shunga o‘xshashlar. Darsning oxirida o‘quvchilarga uylarida suvning bug‘la-nishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan biror-bir tajriba o‘tkazishlari so‘raladi. Keyingi darsda esa uning natijalari batafsil va har tomonlama muhokama qilinadi hamda bu bilan bog‘liq bo‘lgan tegishli xulosalar chiqariladi.
Demak, aniq fanlardan dars berishning bunday konstruktiv peda-gogik usuli quyidagi uch asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi, ya’ni:
O‘rganish bosqichi
Izlanish/Tushuntirish bosqichi
Umumlashtirish/Kengaytirish bosqichi
Ushbu amaliy-konstruktiv pedagogik ta’lim usuli bosqichlarning har birini alohida va birmuncha batafsilroq ravishda ko‘rib va o‘rganib chiqishga harakat qilamiz.

Yüklə 1,49 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   29   30   31   32   33   34   35   36   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin