2. Izlanish (Tushuntirish) O‘quvchi (talaba)lar hodisa (dalil, qoida) ni o‘rganib, bu yo‘na-lishdagi o‘z shaxsiy kuzatuvlarini tugatganlaridan so‘ng, o‘qituvchi ularga ushbu kuzatuvlarni ma’lum bir qolipga tushirishga imkon berishi kerak. Bunda asosiy maqsad bu yo‘nalishdagi «konsepsiya»ni tuzish-dir. Bunda o‘qituvchining pirovard maqsadi o‘quvchi (talaba)larning mustaqil fikrlashlariga erishish bo‘lgani uchun, ularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri lo‘nda qilib tushuntirishi va ma’ruza o‘qishdan o‘zini tiyishi lozim. U to‘g‘ri fikrlar majmuasini savol-javobga asoslangan Suqrot usulini qo‘l-lash orqali o‘quvchilar e’tiborini o‘ziga tortib jalb etishga intilishi ke-rak. Bunda o‘qituvchi quyidagi savol (muammo) larga javob berishga tayyor bo‘lishi zarur:
• O‘quvchi (talaba) lar qanday turdagi ma’lumotlar yoki yangiliklar haqida gapirishlari mumkin va men bularga qoniqarli javob berishga tayyormanmi?
• Men qanday qilib o‘quvchi (talaba) larga ularning yangi fikrlarini umumlashtirish va bu borada tegishli xulosalar chiqarish uchun amaliy yordam bera olaman?
• Men qanday qilib sinfdagi talabalarni ko‘rsatilgan maqsad yo‘na-lishida boshqaraman va ular bilmoqchi bo‘lgan narsalarni oldindan aytishdan o‘zimni qanday qilib tiyib tura olaman?
• Agar talabalar muammoni yoki mavzuni yaxshi tushuna olmasalar, savolning mohiyatini anglamasalar, men nima qilaman?
• Qanday qilib men ularda mavjud bo‘lgan chegaralangan ma’lu-motlarni muammoni to‘g‘ri va xolisona tushunishlari uchun ishlatish-lariga amaliy yordam bera olaman?
• O‘rganilayotgan konsepsiyaga yoki mavzuga mos bo‘lgan muqo-bil fikrlar majmuasi nimalardan iborat bo‘lishi mumkin?
• Agar o‘quvchi (talaba) lar mendan «Bu muammo (dalil) ning yoki qoida (hodisa)ning qanday ahamiyati bor?» – deb so‘rasalar, men ularga qanday ma’lumot bera olaman yoki sabab ko‘rsata olaman?
3. Umumlashtirish (Kengaytirish) Bu bosqichda o‘quvchi (talaba)lar o‘zlarning mantiqiy fikrlarini
(topilmalarini) yoki xulosalarini oldingi bilimlari bilan bog‘laydilar yoki taqqoslaydilar. Buning asosida ular o‘z shaxsiy fikrlariga ega bo‘ladilar va olgan bilimlarini umumiy tushunchalar bilan bog‘laydilar. Bu bos-qich bilan bog‘liq xatti-harakatlarning pirovard maqsadi – o‘quvchi (talaba)larga o‘z bilimlarini tartibga solishga yordam berish va yangi tu-shunchalar doirasida fikrlashni va mulohaza yuritishni o‘rgatishdir. Bu bosqich juda ham muhim, chunki bizning maqsadimiz o‘quvchi (tala-balar)ga tayyor bilimlar majmuasini berishgina emas, balki ularning o‘zlari olgan bilimlari orqali fikrlari qanday o‘zgarganligini his qilish-lariga erishishdir.
Ushbu bosqichni rejalashtirganda o‘qituvchilar o‘zlariga quyidagi savollarni berishlari lozim:
• O‘quvchi (talaba) larning o‘rganilayotgan muammo yoki mavzu bilan bog‘liq qanday amaliy tajribalari mavjud?
• Men qanday qilib ushbu konsepsiyani ularning hayotiy tajribasi va kuzatuvlari bilan bog‘lay olaman?
• O‘quvchi/talabalarning olgan bilimlari qanday foyda keltirishi va qayerda ishlatilishi mumkinligi haqidagi qanday misollar mavjud?
• Qanday qilib ularga ilmiy izlanishlar, texnologiya va jamiyat ri-vojlanishi orasidagi mavjud bog‘liqlikni jonli hamda qiziqarli misol-larda ko‘rsatish mumkin?
• Qanday qilib talabalarda ilmiy izlanishlarga, o‘rganishga, diqqat bilan kuzatib xulosa chiqarishga qiziqishni uyg‘otish mumkin?
• Qanday qilib ilm-fan tarixi va undagi yutuqlarning jamiyat uchun ahamiyati haqida ularga ongli ravishda uqtirish mumkin?
• Ushbu konsepsiya (tushuncha, mavzu, qoida, fakt, tamoyil) ni qo‘llash yoki kengaytirish uchun qanday turdagi yangi tajribalar o‘tka-zish mumkin?
• Ushbu konsepsiya (tushuncha, mavzu, qoida, fakt, tamoyil) bilan uzviy bog‘liq keyingi konsepsiya (tushuncha, mavzu, qoida, fakt, tamoyil) nima?
• Men qanday qilib o‘quvchi/talabalarni keyingi konsepsiya (tushuncha, mavzu, qoida, fakt, tamoyil) ni o‘rganishga (yoki u bilan bog‘liq izlanishlar o‘tkazishga) qiziqtira olaman?
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, birinchi bosqichning mohiyati o‘rganilayotgan voqea (hodisa, qoida) yoki faktga o‘quvchi (talaba)larning qiziqishini uyg‘otish bo‘lib, ularda savol berish zaru-riyatini keltirib chiqarishdir. Keyin esa berilgan savollarni ma’lum faraz (gipoteza)lar shaklida ifodalab, ularni tekshirishni amalga oshirishga harakat qilinadi.
Ikkinchi bosqichning mohiyati hosil bo‘lgan savollarga javob to-pish uchun tadqiqiy ishlar o‘tkazishdir. Bunda, masalan, o‘quvchi (tala-ba) larga ularning farazlarini tekshirib ko‘rish uchun testlar ishlab chi-qish topshirilishi mumkin. O‘qituvchi o‘tkazilgan tajribalarni talabalar bilan muhokama qiladi va shu asosda ma’lum bir amaliy xulosalar chiqarishga yordam beradi. Uchinchi bosqichda xulosalar chiqarilib, na-tijalar haqida atroflicha mulohaza yuritiladi. Xulosa chiqarish bilan bog‘liq harakatlar oddiy yoki murakkab ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Masalan, statistik usullar bilan chiqarilgan xulosaning qanchalik ishonchliligini tekshirish, o‘zgaruvchilarning bir-biriga qanchalik bog‘-liqligini tekshirish, tegishli tenglamalarni chiqarish, natijaning ishonch-lilik darajasining ehtimolligini tekshirish mumkin. Nega bunday qili-nayotganligini o‘quvchi/talabalar to‘la tushunishiga erishish juda ham muhimligini alohida aytib o‘tish lozim. Demak, ularning har doimo «Xo‘sh, shunday bo‘lsa, nima qilibdi?» – degan ko‘rinishdagi savollar berishlari muammoni yanada chuqurroq o‘rganishlari uchun zamin yaratadi. Bunda zukko yozuvchimiz G‘afur G‘ulomning «Shum bola» asaridagi doimo «Innaykeyinchi?» deb savol beraveradigan boy ota sujetini esga olmay ilojimiz yo‘q, albatta. Biz ham bunday holatlarda o‘z ustozimizga «Juda ham xit qilib yubordingiz-da!» deyishga to‘la asosimiz bo‘ladi.
6.Kooperativ usulda ta’lim berish
O‘zin dono bilgan uch-to‘rtta nodon, Eshshak suhbatini qilur namoyon, Sen ham ular suhbatida eshshak bo‘l, Bo‘lmasa nodon deb qilishar e’lon.