Qonga so‘rilgan zaharli moddani organizmdan chiqarish va zararsizlantirish. Agar toksik modda qonga so‘rilib, rezorbtiv ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lsa, uni organizmdan tezda chiqarish lozim. Buning uchun diurezni oshirish, peritoneal dializ, gemodializ, gemosorbsiya, qonni almashtirishga to‘g‘ri keladi.
Diurezni buyraklar normal ishlagan hollarda oshirish mumkin, faol diuretiklar – furosemid, mannit qo‘llanadi. Diurez kuchaytirilganda oqsillar hamda lipidlar bilan bog‘lanmagan moddalar organizmdan chiqib ketadi. Yurak-qon tomirlar etishmovchiligida, buyraklar faoliyati o‘zgarganda, miya, o‘pka shishlari xavfi bo‘lganda – diurezni kuchaytirish man etiladi.
Gemodializda (sun’iy buyrak) qon alohida dializator orqali o‘tkaziladi, bunda organizm oqsil bilan bog‘lanmagan toksik moddalardan ozod bo‘ladi.
Peritoneal dializda qorin bo‘shlig‘i elektrolitlar eritmasi bilan yuviladi. Dializ hosil qiluvchi suyuqliklar toksik moddalarni qorin pardaga olib chiqadi. Bunday suyuqliklar bilan yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun qorin pardaga antibiotiklar yuboriladi.
Gemosorbsiyada qondagi toksik moddlar sorbentlardan o‘tkaziladi, toksik moddalardan shu yo‘l bilan xalos bo‘linadi. Neyroleptiklar, trankvilizatorlar, fosfororganik moddalar bilan zaharlanganda gemosorbsiyaning detoksikatsion ta’siri ancha samarali bo‘ladi. Gemosorbsiya orqali oqsillar bilan bog‘langan zaharli moddalarni tutib qolish mumkin.
O‘tkir zaharlanish og‘ir kechgan holatlarda qonni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Zaharli moddalarni organizmdan chiqarish uchun jigarning zaharsizlantirish faoliyatini oshirishga to‘g‘ri keladi, buning uchun glyukokortikoidlar, glyukoza insulin bilan birga, metionin, peridoksin, sianokobalamin, foli, pangamat kislotalar yuboriladi.
Hayotiy zarur a’zolar va sistemalarni simptomatik davolash. Dori moddalar bilan o‘tkir zaharlanganda simptomatik davolash katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Avvalo nafas va qon aylanish sistemasi faoliyatini me’yorga keltirish lozim. Nafas sistemasini tutib turish uchun oksigenoterapiya qilinadi, og‘ir holatlarda sun’iy nafasga o‘tiladi. Narkotik, uxlatuvchi moddlar tufayli kelib chiqqan birliamchi nafas etishmovchiligida naleptiklar – kofein, bemegrid, kordiamin qo‘llanadi. Talvasa holatidan keyin kelib chiqqan ikkilamchi nafas etishmovchiligida analeptiklarni qo‘llash man etiladi, chunki ular talvasaning qaytalanishiga olib kelishi mumkin.
O‘pka shishida oksigenoterapiya, ko‘piklanishni kamaytiruvchi moddlar, ganlioblokatorlar, diuretiklar qo‘llanadi.
Talvasalar yuz berganda unga qarshi moddlar yuboriladi. Reflektor talvasalarda ingalyasion narkotiklardan efir, azot (I) oksid, noingalyasion narkotiklar – natriy tiopental, natriy oksibutirat, to‘g‘ri ichakka xlorgidrat yuboriladi. Tonik va klonik talvasalarda markaziy miorelaksantlardan xlordiazopoksid, diazepam qo‘llanadi. Og‘ir holatlarda bemorga sun’iy nafas beriladi.
Yurak etishmovchiligida yurak glikozidalari, o‘tkir qon tomirlar yetishmovchiligida glyukokortikoidlar yuboriladi, qon tomirlarni qisqartiruvchi moddalar – mezaton, noadrenalin, dofamin tomchilatib qo‘llanadi.
Buyrak etishmovchiligida suyuqlik, tuzlar kam beriladi. Jigar etishmovchiligida glyukoza bilan insulin, prednizolon, glutamin kislota, xolin, sianokobalamin, tiamin, riboflavin, askorbinat kislotalar yuboriladi. Qon ketishining oldini olish uchun vikasol yuboriladi.
Atsidoz holatlarida natriy gidrokarbonat eritmalari, tirisamin, alkaloz holatlarida ammoniy xlorid yuboriladi. Suv va elektrolit balansi saqlab turiladi.
Ko‘rinib turibdiki, dori moddalari bilan o‘tkir zaharlanish og‘ir kechadi, ba’zi holatlarda hayvonni davolab bo‘lmaydi, hatto nobud bo‘lishi mumkin. Shuning uchun dori modlari bilan o‘tkir zaharlanishning oldini olish choralarini ko‘rish kerak.