Insho mavzusini shakllantirish va tanlash: Mavzu arabcha “joylashtirilgan”, “to‘qib chiqarilgan”, “tema”, “syujet” ma’nolarini ifodalaydi. “Ilmiy tadqiqot, badiiy asar, fikr-mulohaza yuritish, suhbat, ma’ruza va sh.k. uchun tanlab olingan obyekt” tushunchasini aks ettiradi (O‘TIL, II, 517).2 Insho mavzusi o‘qituvchi tomonidan yoki muvofiqlashtirilgan kengash, o‘quv-uslubiy birlashma tomonidan tanlangan va muhokama qilib tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Insho mavzusini tanlashda quyidagilarga e’tibor berish lozim.
1. Adabiy mavzudagi insholarda yozuvchi, shoir faoliyatining asosiy jihatlari qamrab olinadi. Erkin mavzular esa davrning muhim masalalariga bag‘ishlangan, o‘quvchilar qalbida ezgulik tuyg‘ularini shakllantirishga, yovuzlikka, jaholatga nafrat, yaxshilikka muhabbat uyg‘otishga qaratilgan bo‘lishi talab etiladi.
2. Mavzu har qanday subyektiv yondashuvdan xoli bo‘lmog‘i kerak.
3. Mavzu o‘quvchilarning yoshiga, saviyasiga mos bo‘lishi, ularning orzu-umidlari, qiziqishlarini aks ettirishga xizmat qilishi lozim.
Insho mavzuni to‘g‘ri belgilashdan boshlanadi. To‘g‘ri tanlangan mavzu inshoning muvaffaqiyatli chiqishi uchun tashlangan ilk qadamdir. Mavzu tanlashga o‘rgatish boshlang‘ich sinflardayoq amalga oshiriladi. Berilgan matnni bir necha mustaqil qismga ajratish, ularning har biriga sarlavha topish, bir matnga bir necha sarlavha tanlash kabi jarayonlar faqat boshlang‘ich sinflarda emas, balki keyingi bosqichlarda ham davom ettiriladi.
Inshoda yoritilgan fikrlar mavzuga muvofiq kelishi va uning mazmunini to‘la qamrab olishi lozim. Kuzning shirin-sharbat mevalari xususida fikr yuritib, uning sarlavhasini “Polizda” yoki “Qovun pishdi” deb atab bo‘lmaydi. Bu mazmunni “Kuz saxovati”, “Kuz ne’matlari” kabi sarlavhalar orqali yoritish mumkin. O‘quvchi mavzu talabini to‘g‘ri anglashi ham kerak. Masalan, insho mavzusi “Ta’til kunlarining birida” deb nomlangan bo‘lsa, o‘quvchi butun ta’til haqida, bahorgi yoki yozgi ta’til haqida fikr yurita olmaydi. Mavzu “Mening sevimli qahramonim” deb nomlangan bo‘lsa, o‘qilgan asarlardagi barcha qahramonlar haqida fikr yuritib bo‘lmasligi aniq.
Insho yoki har qanday matnning mohiyati mavzuga mos bo‘lishi lozim. Inshoda, albatta, mavzuga mos ravishda asos, ziddiyat, taqqoslash, misol, isbot bo‘lishi talab etiladi.
Insho mavzusi turli yo‘nalishlarda bo‘lishi mumkin. Adabiy mavzulardan tashqari tabiat tasviri, rassomlarning asarlari bo‘yicha hamda turli ijtimoiy-siyosiy, badiiy mavzularda ham yaratilishi mumkin.
Insho yozishda muayyan uslub tanlanadi (publitsistik, badiiy yoki mavzu talabi va mazmundan kelib chiqqan holda ularning birlashgan ko‘rinishidan foydalanish mumkin).
Sinov maqsadida, davlat attestatsiyalarida o‘tkaziladigan insholarda o‘quvchilarga turli variantlar tarqatiladi. Bu holat insholarning xilma-xil bo‘lishini ta’minlaydi, ko‘chirishning oldini oladi, albatta. Lekin turli variantlar o‘quvchilar qobiliyati, iqtidorini teng baholashga monelik qiladi. Negaki kimdir erkin mavzuda, kimdir adabiy mavzudagi insholarni yaxshi yozish ko‘nikmasiga ega. Mumtoz manbalar tahliliga doir mavzularda har kim ham insho yozavermaydi. Ba’zi o‘quvchilarga berilgan variant unga notanish bo‘lishi yoki murakkab tuyulishi mumkin. Sinovdan o‘tayotgan barcha o‘quvchilarga tanlash asosida bir xil mavzuda insho yozdirish yozma ishlarni to‘g‘ri baholashga imkon beradi.