O‘qitishning ko‘rgazmali usullari. O‘qitish jarayonida ko‘rgazmalilik usulidan foydalanishning muhimligi o‘qituvchining o‘rganilayotgan narsa va hodisalarni hissiy idrok etishga, ularni kuzatib mushohada qilishga o‘quvchini undash, mantiqiy va nazariy elementlarning birligiga ishonch hosil qilishga, shuningdek, nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay olishga o‘rgata bilishi bilan izohlanadi.
Ta’lim jarayonida ko‘rgazmalilik usuli namoyish etish, illyustratsiya va ekskursiya tariqasida olib boriladi. O‘qitishda namoyish etish usulidan foydalanish materiallarning xarakteriga – mazmuni, shakli va hajmiga bog‘liqdir. Ko‘rgazmali materiallar xarakter e’tiboriga ko‘ra ikki turda bo‘ladi:
1. Aslicha ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan buyum va narsalar: o‘simliklar, hayvonlar, ma’danlar, kolleksiyalar, asbob va mashinalar, modellar va h.k.
2. Tasviriy-ko‘rgazmali materiallar: buyum, narsa va hodisalarning tasvirini ifodalovchi materiallar: rasm, surat, diafilm, kinofilm, jo‘g‘rofiya va tarix kartalari, chizmalar, jadvallar, diagrammalar va h.k.
Tasviriy - ko‘rgazmali materiallar – illyustratsiya materiallari deb ham ataladi. Ta’lim jarayonida tasviriy – illyustratsiya materiallaridan foydalanish keng qo‘llaniladi.
Ekskursiya ta’lim va tarbiya ishlarining shunday turidirki, bu usul bilan o‘rganilayotgan narsa va hodisalarni tabiiy sharoitda (tabiatni kuzatish, zavod, fabrika) yoki maxsus muassasalarga (muzey, ko‘rgazmalar) tashkiliy ravishda boriladi.
O‘qitishning amaliy usullari.O‘qitishning amaliy usullariga yozma mashqlar (masalalar yechish, chizmalar tayyorlash), tajriba – laboratoriya tipidagi mashqlar (frontal tajribalar, laboratoriya ishlari, amaliyot, o‘qitishning texnik vositalari va boshqalar); mehnat topshiriqlarini bajarish usullari kiradi.
Amaliy metodlar o‘qitishning og‘zaki va ko‘rsatmali metodlari bilan uzviy birlikda qullaniladi. O‘qitishning amaliy usullaridan foydalanishning ijobiy tomoni o‘quvchilarni tevarak-atrofdagi narsa va hodisalarni mustaqil kuzatishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytiradi, ularda mustaqillik, faollik va tashabbuskorlik ortadi. Amaliy ish tajribalari – ko‘nikma, malakalari, hosil qilinadi va mehnat madaniyati rivojlanadi.