Masshtab samarsi mamlakatdagi tarmoq va korxonalarning raqobat bozoridagi hatti-harakati va faoliyat yo’nalishlaridan kelib chiqqan holda tashqi va ichki masshtab samaralariga ajraladi.
Tashqi masshtab samarasi butun tarmoqda ishlab chiqarish masshtabini o’sishi natijasida firma doirasida tovar birligiga to’g’ri keladigan xarajatlarning kamayishi.
Ichki masshtab samarasi firma doirasida ishlab chiqarish masshtabini kengaytirish orqali tovar birligiga sarflanadigan xarajatlarning kamayishi.
Tashqi masshtab samarsi shuni nazarda tutadiki, har bir firmaning hajmi o’zgarmagan holda bir xil tovar ishlab chiqaradigan firmalar soni ortadi. Odatda ushbu holatda bozor yetarli darajada raqobatbardoshligini saqlab qoladi, bu esa bu model asosidagi savdo qonuniyatlarini xalqaro savdoning klassik nazariyalariga yaqinlashtiradi, ya’ni eksportyorlar o’zlari ta’sir ko’rsata olmaydigan bozordagi narxda hoxlagan miqdorda tovar sotishlari mumkin.
Ichki masshtab samarasi esa ishlab chiqarish miqdori o’zgarmagan holda tovar ishlab chiqaruvchi firmalar soni kamaygan holatni nazarda tutadi. Ushbu vaziyat aksariyat hollarda nosog’lom raqobatni keltirib chiqaradi, ya’ni ishlab chiqaruvchilar o’z tovarlari narxiga ta’sir ko’rsata oladi va tovar narxini pasaytirish orqali sotish hajmini ortirishlari mumkin. Ichki masshtab samarasining ekstremal holati sof monopoliya hisoblanadi.