Jahon resurslarining yo’qolib borishi va atrof – muhitning buzilishi . Dunyo
aholisining 25% gacha bo‘lgan qismi rivojlangan mamlakatlarda yashaydi va ular
jahon resurslarining 80% ini iste‘mol qilishadi.
Ekologik muammolar. Jahon bankining 1992 yildagi jahonning rivojlanishi
to‘g‘risidagi ma‘ruzasida ta‘kidlanganidek, atrof – muhitni muhofaza qilish
rivojlanishning muhim qismi hisoblanadi. Uni samarali muhofaza qilmasdan
bo‘ladigan rivojlanish jarayoni borib – borib tanazzulga yuz tutadi.
XX asrning 70-yillarida iqtisodchilar va siyosatchilar iqtisodiy rivojlanish
uchun atrof – muhit muammosining muhim ahamiyatga egaligini anglab yetishdi.
Atrof – muhitning degradatsiyalashuvi, ya‘ni yomonlashuvi jarayonlari o‘z –
o‘zidan replikatsiyalanish xarakteriga ega bo‘lib, bu jamiyatga uning buzilishi va
resurslarning nobud qilinishi bilan xavf soladi.
Turli – tuman iqtisodiy faoliyat turlarida atrof – muhitni asrash uchun
sarflanadigan xarajatlarning miqdori to‘g‘risida yagona fikr mavjud emas. Biroq,
ko‘plab mutaxassislar ularni rivojlanish siyosatini ishlab chiqishda hisobga olish
zarurligini ta‘kidlashadi.
Tabiiy resurslar muammosi. Global energetika resurslari muammosi kelib chiqish
xarakteriga ko‘ra bir – biriga o‘xshash bo‘lgan ikkita muammodan iborat bo‘ladi:
energetik va xom ashyo.
70-yillarning oxiri va 80-yillarning boshida birinchi bo‘lib energetik va xom
ashyo inqirozlari nomini olgan voqealar kuzatila boshlandi.
Bu davrda ular mavjud xalqaro iqtisodiy aloqalar tizimiga qattiq zarba berdi,
ko‘plab mamlakatlardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni yomonlashtirdi. Biroq,
amalda ular ishlab chiqarishda enrgiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni
joriy etish uchun rag‘batlarni yaratdi. XX asrning 70-80 yillarida ishlab
chiqarishning energiya sig‘imi taxminan 25% gacha pasaydi.