2.4.6.Gidrografiya Gidrografiya geografiyaning yer yuzasidagi suvlarni o`rganadigan va
tasvirlaydigan bo`lim. Dengiz, ko`rfaz, ko`l hamda daryo, kanal, anhor (soy) va
ariqlarni tasvirlaydigan chiziqlarning yo`g’onligi 0,1 mm gacha bo`lgan uzluksiz
chiziq bilan chiziladi. Daryo va ariqlar plan masshtabiga bog’liq holda bitta yoki
ikkita chiziq bilan chiziladi. Masalan, eni 3 m gacha bo`lgan anhor va ariq 1:10000
masshtabda bitta chiziq bilan 3 m dan katta bo`lsa ikkita chiziq bilan tasvirlanadi.
Ular bitta chiziq bilan chizilayotganda chiziq yo`g’onligi boshlanish qismidan
boshlab, quyilish joyigacha asta sekin qalinlashib boradi. 2.10-shaklda anhorning
shartli belgisini 0,1 mm dan 0,6 mm gacha qalinlashtirib chizish ko`rsatilgan.
Buning uchun avval chiziq uzunligi teng ikkiga bo`linadi. Chiziqning o`rta qismi
nuqtasidagi yo`g’onligi 0,3 mm qilib olinadi. Har bir teng bo`lak yana ikkiga
bo`linadi va bu bo`lingan nuqtalardagi chiziq qismining yo`g’onligi mos ravishda
0,15 va 0,45 mm qilib olinadi. So`ngra bu beshta belgilangan nuqtada mos kelgan
chiziq yo`g’onligiga asosan anhorning boshidan boshlab asta-sekin qalinlashtirib
chiqiladi.
Planda gidrografik tarmog’i (shaxobchalari)ni chizishda birinchi navbatda
daryo so`ngra uning irmoqlari chiziladi. Daryo oqimining yo`nalishi strelka bilan
ko`rsatiladi. Strelkaning o`lchami plan masshtabi va daryo kattaligiga bog’liq
holda 6 mm dan 12 mm gacha o`zgarib boradi. Ikkita chiziq bilan tasvirlangan
daryoda suv oqimining tezligigini ko`rsatuvchi son strelkaning uzuq qismida
ko`rsatiladi.
Daryoni qayiqda, kemada, paromda kesib o`tadigan joy va gidrotexnik
inshootlar (to`g’on, ko`tarma, damba va shu kabilar)ning shartli belgilari daryo
o`qiga perpendikulyar qilib plan masshtabida chiziladi.
2.11–shaklda ko`priklar, plyajsiz tik qirg’oq, parom, qayiq bilan tashib
o`tkaziladigan joy, plyajli qirg’oq, suv osti to`g’oni, piyodalar o`tadigan
ko`prikning 1÷5000 va 1÷10000 masshtabda shartli belgilari ko`rsatilgan.