8.4. Qalqonsimon bezoldi bezlari
Odamlarda ikki juft qalqonsimon bezoldi bezchalari mavjud. Ular qalqonsimon bezning orti yuzasida, ko’pchilik hollarda uning to’qimalarida joylashgan. Har bir bezning o’lchami 1-2 mm dan ortiq bo’lmaydi, ularning umumiy massasi esa –0,1-0,13 g.ni tashkil etadi va ular paratgormon ishlab chiqadi, hamda u organizmda Ca va P almashinuvini boshqaradi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarining gipofunksiyasida qon tarkibidagi Ca miqdorini kamayishi yuz beradi, bu esa oyoq, qo’l, gavda va yuz muskullari tomirlarini tortishishini – tetaniyani chaqiradi, bu hodisa qon tarkibidagi Ca ni miqdori kamayishi demak, sitoplazma hujayralarida ham kamayishi bilan bog’liq bo’lgan asab muskul to’qimalarining qo’zg’aluvchanligini ortishi hisobga yuz beradi. Ushbu bezlar gormonlari yetishmaganda suyaklar ancha mo’rt bo’lib qoladi, singan suyaklarning bitishi qiyinlashadi, tishlar juda yengil sinadi. Organizmga kalsiy xlor tuzini kiritilishi, kasallardagi tomirlar tortishini to’xtatadi, gormonni kiritilishi esa kasallikni kechishini yengillashtiradi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarini gormonal funksiyasi yetishmasligiga bolalar va emizikli onalar juda sezuvchan bo’ladi. Bu tushunarli, chunki, bu davrda organizmning kalsiyga bo’lgan talabi juda yuqori bo’ladi.
Qalqonsimon bezoldi bezchalarining giperfunksiyasida suyaklarning dekalsinasiyasi yuz beradi: suyaklar sinuvchan bo’lib qoladi, yengil deformasiyalanadi, qiyshiq bo’lib qoladi.
Buyraklar to’qimalarida, yurakni qon tomirlarida, yurak muskullarida, oshqozon shilliq po’stlog’ida va bronxiolalarda kalsiy tuzlarining yig’ilishi yuz beradi.
8.5. G i p o f i z
Gipofiz – bosh miya qutisining asosiy suyagining turk egari chuqurligida, miyaning tubida joylashgan oval shaklidagi uncha katta bo’lmagan hosiladir. Yangi tug’ilgan bolada gipofizning massasi 0,1-0,15 g ni 10 yoshga kelib esa, u 0,3 g ga yetadi. Jinsiy yetilish davriga kelib gipofizning massasi jiddiy ravishda (0,7g) ortadi, homiladorlik paytida esa gipofizning massasi 1 g.gacha kattalashadi.
Gipofiz miyaning gipotalamus qismi bilan tutashgan va uning oldingi, oraliq hamda keyingi qismlari farqlanadi.
Halqaro anatomik nomenklatura bo’yicha, gipofizning oldingi va oraliq qismlari – adenogipofiz, keyingi qismi esa – neyrogipofiz deb ataladi.
Hozirda adenogipofizdan: o’sish gormoni yoki somatotropin; tireotropin; adrenokortikotrop (AKTG); foltiropin; lyutropin va prolaktin yoki laktrotropin gormonlari ajratilgan.
Samototropin yoki o’sish gormoni suyaklarni uzunlikga o’sishini ta’minlaydi, moddalar almashinuvi jarayonini tezlashtiradi, ya’ni o’sishni tezlashishiga va tana massasini ortishiga olib keladi. Bu gormonni yetishmasligi bolalarning bo’yini kalta bo’lib qolishi (130 sm.dan past), jinsiy rivojlanishining to’xtashi kuzatiladi, lekin tananing proporsiyasi saqlanib qoladi. Gipofizar karliklarning (kaltalarniki) ruhiy-aqliy rivojlanishi odatda buzilmaydi. Gipofizar karliklar orasida buyuk odamlar ham uchraydi.
O’sish gormonining bolalik yoshlarida me’yoridan ortiq bo’lishi gigantizmga –bo’yning o’sib ketishiga olib keladi. Tibbiy adabiyotlarda bo’yi 2 m 83 sm va hatto undan ham baland bo’lgan (3 m 20 sm) gigantlar haqidagi ma’lumotlar ko’p. Gigantlarning odatda qo’l-oyoqlari uzun bo’lishi, jinsiy funksiyalarni yetishmasligi va jismoniy jihatdan bardoshi past bo’lishi bilan xarakterlanadi.
Ayrim vaqtlarda o’sish gormonini me’yoridan ortiq qonga ajratilishi jinsiy yetilishdan keyin boshlanadi, ya’ni qaysiki epifizor tog’aylar suyaklanganidan keyin naysimon suyaklarni uzunasiga o’sishi mumkin bo’lmay qoladi. Bu paytda akraligamiya rivojlanadi; bug’unlar va kaftlar, bosh suyagining yuz qismi (ular keyinroq suyaklanadi) kattalashadi, burun juda tez o’sadi, lablar, iyak, til, quloq va tovush bog’lari yo’g’onlashadi, natijada tovush dag’allashib qoladi: yurak, jigar, oshqozon-ichaklar tarkti hajm jihatidan kattalashadi.
Adrenokortikotrop gormoni (AKTG) buyrakusti bezi po’stloq qismi faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi. Qon tarkibida AKTGning ko’payib ketishi buyrakusti bezi po’stloq qismini giperfunksiyasini chaqiradi, bu esa moddalar almashinuvini buzilishiga va qon tarkibidagi qand miqdorini ortishiga olib keladi.
Yuz va gavdaning yog’ bosishi, yuz va gavdaning miqdoridan ortiq jun bosishi bilan xarakterlanuvchi Isenko-Kushinga kasalligi rivojlanadi; bu paytda ayollarda soqol va mo’ylovlar o’sadi: arterial bosim ortadi: suyak to’qimalari g’ovaklanadi, bu esa ayrim hollarda suyaklarning o’z-o’zidan sinishini chaqiradi.
Qalqonsimon bezning mo’tadil funksiyasi uchun zarur bo’lgan tireotropin gormoni ham adenogipofizda ishlab chiqiladi.
Gipofizning oldingi qismining bir necha garmonlari jinsiy bezlar faoliyatiga ham ta’sir ko’rsatadi va bular gonadotrop gormonlar deb yuritiladi. Ulardan biri follitiropin – tuxumdonlarda follikulalarni o’sishini va yetilishini stimullaydi, spermatogenezni faollashtiradi. Lyutropin – gormoni ta’sirida ayollarda ovulyatsiya yuz beradi va sariq tana hosil bo’ladi: erkaklarda esa u testosteronni ishlab chiqilishini stimullaydi. Prolaktin esa sut bezlaridan sut hosil bo’lishini yaxshilaydi, u yetishmaganida esa sut mahsuldorligi pasayib ketadi.
Gipofizning oraliq qismidan ishlab chiqiladigan gormonlardan teri qoplamini rangini boshqaruvchi melanotropin yoki melanotrop gormoni yaxshi o’rganilgan. Bu gormon pigment donachalarini saqlovchi teri hujayralariga ta’sir etadi. Bu gormon ta’sirida pigment donachalari hujayraning barcha o’simtalari bo’ylab tarqaladi, ana shu tufayli teri qorayadi. Ushbu gormon yetishmaganida pigmentning bo’yalgan donachalari hujayraning o’rtasiga yig’iladi va teri oqara boshlaydi.
Homiladorlik paytida qon tarkibida melanofor gormonining miqdori ortadi, bu esa terining ayrim qismlarini kuchli pigmentlanishini chaqiradi (bo’g’ozlik dog’lari).
Ko’pchilik holatlarda ayniqsa tug’ish paytida, kuchsiz –zaif tug’ish faoliyatida bachadon muskullarini qisqarishini kuchaytirish uchun yo’ldoshni tushirish va bachadondan qon ketishini to’xtashi uchun gipofizning keyingi qismi (neyrogipofiz) gormonlaridan foydalaniladi. Bunday paytlarda oksitotsin gormonidan foydalaniladi. Bu birgina bachadonning silliq muskullarining qisqarishini chaqirmay, balki sut bezlarining qisqaruvchi hujayralarining faoliyatini ham stimullaydi.
Antidiiuretik (ADG) gormon deb ataluvchi gipofizning keyingi bo’lagining hosilasi ancha murakkab ta’sir ko’rstaish xususiyatiga ega, u buyrak kanalchalarida birlamchi siydik tarkibidagi suvni qayta so’rilishini ta’minlaydi, natijada siydikni miqdori kamayadi, bundan tashqari qonning tuz tarkibiga ham ta’sir ko’rsatadi. ADGning miqdori qon tarkibida kamayganida qandsiz siydik ajralishi – qandsiz diabet yuzaga keladi, bu paytda bir kecha kunduzda 10 dan 20 l.gacha siydik ajraladi. Buyrak-usti po’stloq qavati gormonlari bilan birgalikda ADG organizmdagi suv-tuz almashinuvini boshqaradi.
Nisbatan yaqinginada oksitotsin va ADG gipofizni keyingi qismidan hosil bo’lmasligini ko’rsatish imkoniga ega bo’lindi. Ular aynan ana shu yerda jamlanadi va yetilishi mumkin. Bu gormonlar gipotalamusning oldingi qismidagi neyrosekretor hujayralarida hosil bo’ladi va u yerdan nerv tolalari orqali gipofizning keyingi qismiga transportirovka qilinadi. Ana shu sababli ham oksitotsin va ADG larni nitrogormonlar deb yuritiladi.
Dostları ilə paylaş: |