Yozma ishlarni tashkil etish mazmuni va tamoyillari-fayllar.org
O‘quvchilarning matn yaratish va matn ustida ishlashlari mashg‘ulotning ikkinchi, to‘rtinchi bosqichlarida va sinfdan tashqari beriladigan topshiriqlarda markaziy o‘rinni egallaydi.
Matnlar xilma-xildir. Ularning aniq tur va ko‘rinishi qisman darslikda berilsa, asosan, o‘qituvchi tomonidan belgilanadi. Dastur o‘qituvchiga darslikdagi barcha matnlarni o‘z didi, talabi, sharoitga qulayligiga ko‘ra bemalol almashtirish, o‘qitish jarayonini tom ma’nodagi ijodiylik va izlanuvchanlik asosida qurishga to‘liq imkoniyat beradi. O‘quvchilar yaratishi lozim bo‘lgan matnlar bir necha xildir. Ulardan asosiylari:
1. Mashg‘ulotda hosil qilingan bilim va ko‘nikmani amalda qo‘llab matn yaratish. Bunday matnlar ikki va uchta gapdan iborat bo‘lishi, monolog va dialog tarzida, qisqagina tasvir yoki hikoya shaklida bo‘lishi mumkin. Ularning aniq shaklini o‘qituvchi rahbarligida o‘quvchining o‘zi tanlashi kerak.
2. Berilgan mavzu asosida tasvir (kichik insho) yaratish. Bundaytasvirlar yozma va og‘zaki ko‘rinishlarda o‘quvchilarning yosh va malaka darajasiga mos mazmun hamda hajmda bajarilishi lozim.
3. Insho-matnning oliy ko‘rinishi. Dastur quyidagi insho turlaridan foydalanishni ko‘zlaydi: a) ilmiy insho (til, tarix, biologiya va boshqa fanlardan har bir fan uchun xos bo‘lgan biror mavzu yoki masalani ochish); b) ilmiy-badiiy insho (badiiy asar, yozuvchi ijodi, adabiy jarayonlar tahliliga bag‘ishlangan insholar); v) badiiy- ijodiy insholar (san’at asarini o‘rganishdan o‘quvchining hosil qilgan shaxsiy kechinmalari tasviri); g) tasviriy insho (narsa, shaxs, manzara va h.k. tasviriga bag‘ishlangan insho); d) erkin mavzudagi insho.
Matn ustida ishlash ona tili mashg‘ulotlarida asosiy o‘rinni egallaganligi sababli, 8-sinfning boshida «Ijodiy matn. Insho va uning turlari» bo‘limi kiritildi. Bu bo‘lim o‘quvchilarning 1—7 sinflarda matn ustida olib borgan ishlarini umumlashtirib, ularni yuqori sinfda, litsey va kollejlarda ancha murakkab insho ustida ishlashga tayyorlaydi. Bu bo‘lim mashg‘ulotlari deduktiv-induktiv usulda tashkil etilishi mumkin.