3-§. Ilmiy bilishning darajalari va usullari, ularning ichki ishlar
idoralari xodimlari faoliyatidagi ahamiyati
Ilmiy bilish jamiyat taraqqiyotining muayyan bosqichida vujudga
kelgan bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ilmiy bilish avvalo ma’lum
bir maqsadga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Uning asosiy maqsadi – moddiy va
ma’naviy dunyo haqida chuqurroq, yangi bilimlar tomon borish.
Fanda, xususan falsafa fanida moddiy va ma’naviy olamni ilmiy
bilishning ikkita darajasi mavjud bo‘lib, ular empirik va nazariy
darajalarni tashkil qiladi.
Empirik bilimlar asosan tajriba natijasida qo‘lga kiritilib, kuzatish va
eksperimentlarga asoslanadi. U nazariy tadqiqot rivojlanishining muhim
omilidir. Tajriba ma’lumotlari asosida sxema va diagrammalar tuzilib,
xulosa va gipotezalar ishlab chiqiladi, yangi olingan ma’lumotlar
orasidagi bog‘liqlik aniqlanadi. Empirik ma’lumotlar klassifikatsiyasi
ayniqsa tabiiy fanlar qonuniyatlarini ishlab chiqishga yordam beradi.
Masalan, Arximed, Abu Ali ibn Sino, Muso al-Xorazmiy, Beruniy,
Ulug‘bek, Galiley, Paskal, Nyuton, Mendeleyev va boshqa olimlarning
tajribalari shunday natijalarga olib kelgan.
Empirik bilish bir tomondan avvalgi nazariy bilimlarga asoslansa,
ikkinchi tomondan empirik tadqiqotlar avvalgi nazariy bilim doirasiga
to‘g‘ri kelmaydigan yangi dalillarni keltirib chiqaradi. Masalan, XIX
asrning boshlarida fizikada ro‘y bergan kashfiyotlar buning yaqqol
dalillaridir. Obyektiv vujudga keladigan ana shunday muammoli
177
vaziyatlar empirik bilimlardan nazariy xulosalarga tomon o‘tishni taqozo
etadi. Bunday o‘tish o‘z mohiyati bilan dialektik o‘tish bo‘lib, u
hodisadan mohiyatga tomon qarab borishni ifodalaydi.
Ilmiy bilishning nazariy darajasi umumlashtirish va
ideallashtirishning yuqoriroq bosqichi bo‘lib, obyektiv borliqni butun
ichki bog‘lanish va qonuniyatlari bilan aks ettiradi. Masalan,
D.I.Mendeleyevning ximiyaviy elementlar davri sistemasi nazariy
umumlashtirishning yorqin misolidir. Eksperiment va matematik
hisoblash yo‘li bilan 1860-yillarda ma’lum bo‘lgan elementlar
o‘zlarining atom og‘irliklari ortib borishi bo‘yicha shunday
joylashtirildiki, o‘sha davrda noma’lum elementlarni olim oldindan
bashorat qilib aytib berdilar. Bir necha vaqtdan so‘ng bu elementlar
topilib galley, skandiy, germaniy deb, atala boshlandi. Ilmiy bashorat
mantiqiy tafakkurning nisbiy mustaqilligini ko‘rsatadi. Ilmiy bilishning
empirik va nazariy darajalari bir-biri bilan uzviy dialektik bog‘liqlikda
bo‘lib, biri ikkinchisini taqozo etadi.
Ilmiy bilishning bu darajalarini yuqorida qayd qilingan bilishning
hissiy va aqliy bosqichlari bilan aynanlashtirish noto‘g‘ridir. Agar hissiy
bilish va aqliy bilish bosqichlari o‘rtasidagi farq asosan ularning moddiy
olamni qay darajada in’ikos etishi bilan farqlansa, bilishning empirik va
nazariy darajalari ilmiy bilishning sohalariga taalluqlidir. Hissiy va aqliy
bilish alohida insonlar tomonidan amalga oshiriladigan in’ikos etishning
shakllari bo‘lib, individlar ruhiy faoliyatining sifat jihatdan farqlanuvchi
tipini tashkil qiladi. Bilishning empirik va nazariy darajalari esa,
tadqiqotchining bilish faoliyati davomida har xil usullarni o‘zida
ifodalab, o‘rganilayotgan obyekt xarakteri va qo‘llanilayotgan
usullarning har xilligi qarab farqlanadi. Hissiy in’ikos etish shakllariga
sezgi, idrok va tasavvurlar kirsa, ilmiy bilishning empirik darajasi
tadqiqotchining amaliy faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib,
eksperimentning qo‘yilishi va o‘tkazilishi, ilmiy ma’lumot va faktlarni
yig‘ish va qayd qilish, ularni sistemalashtirish va boshqalar kiradi.
Empirik bilish jarayonida faqat hissiy bilishning shakllaridan foydalanib
qolmasdan, balki aqliy bilish va uning asosiy shakllari yordamida qayd
qilish, ilmiy faktlarni qayta ishlash va boshqa jarayonlar amalga
oshiriladi. Olingan natijalarning oddiy tilda ifodalanishining o‘zi ham
aqliy bilish natijasidir.
Ilmiy bilishning aqliy bosqichi bilan nazariy darajasi ham aynan bir
narsa bo‘lmasdan, ular o‘rtasida birqancha farqlar bor. Jumladan, ilmiy
178
bilishning nazariy darajasiga har qanday tafakkur qilish kirib qolmasdan,
balki faqat tadqiq qilinayotgan obyektning mohiyatini ochib berishga
qaratilgan ilmiy bilimlar kiradi.
Hozirgi zamon fanida eksperimental tadqiqotlarning rivojlanib
borishi bilan nazariy umumlashmalarning roli ortib bormoqda. Empirik
tadqiqot usullariga kuzatish, o‘lchash, taqqoslash va eksperiment olib
borish usullari kiradi. Nazariy tadqiqot metodlariga esa analiz, sintez,
induksiya, deduksiya, modellashtirish, formallashtirish, umumlashtirish,
aksiomatik, gipotetik, sistemali yondashish, abstraktlikdan konkretlikka,
tarixiylikdan mantiqiylikka borish va boshqa usullar kiradi.
Ilmiy metod (usul) nima? Usul yunoncha so‘z bo‘lib, tadqiqot, bilish
yo‘li ma’nolarini anglatadi. Ilmiy usul bilish jarayonida qo‘llaniladigan
mavhum bilish yo‘llari hamda vositalarini ifodalaydi. Ilmiy bilish usuli
inson amaliy faoliyati negizida yuzaga keladi. U tabiat, jamiyat va inson
ongining murakkab hodisalarini to‘g‘ri, obyektiv talqin etishga, fanning
tabiiy aloqalarini o‘sishiga imkon beradi. Ilmiy bilish usuli tadqiqot
turlarining mazmun va izchilligin o‘z ichiga olgani holda amalda
bajarilgan faoliyatning ta’siri sifatida yuzaga chiqadi. Usul ilmiy
bilishning tarkibiy qismi bo‘lib, uning obyekti, tahlil mavzui, tadqiqot
vazifalari, ularni hal etish uchun zarur bo‘lgan vositalarni ifodalaydi.
Har bir fan obyektini o‘rganuvchi predmetning aniq izlanish usuli
bo‘lib, bu usul xususiy, umumiy va eng umumiy usul bo‘lishi mumkin.
Ilmiy bilish jarayonida har bir fan o‘zining maxsus xususiy
usullarini ishlab chiqishi zarur. Bular xususiy usullarni tashkil qilib,
bunga har bir fan sohalarida qo‘llaniladigan maxsus usullar kiradi.
Masalan, sotsiologik usul, statistik usul, kibernetik usul, qiyoslash usuli,
o‘lchash, taqqoslash va boshqalar usullar kiradi. Ba’zi fanlar bir-biriga
yaqin bo‘lgani uchun ularning tushuncha va qonunlari ham bir-biriga
yaqindir. Shuning uchun ularning tadqiqot usullari ham bir-biriga
yaqindir va tatbiq qilish chegarasiga ko‘ra bir-biriga samarali foyda
keltiradi. Demak, bilishda xususiylik va umumiylik vazifasini bajaruvchi
usullar ham mavjuddir. Yuqorida qayd qilingan xususiy usullar
umumiylik vazifasini ham bajaradi.
Ko‘pchilik fanlarda qo‘llaniladigan usullar umumiy usul deyiladi.
Umumiy usul qo‘llanishi doirasiga ko‘ra umumiy, lekin o‘z maxsus
vazifasiga ega. Ilmiy bilishning hamma fan uchun tegishli bo‘lgan
umumiy usullariga analiz va sintez, induksiya va deduksiya, analogiya,
mantiqiylik va tarixiylik, mavhumlikdan aniqlikka borish va boshqalar
kiradi.
179
Dialektik usul moddiy olamni ilmiy bilishning eng umumiy usuli
bo‘lib, barcha fanlar uchun metodologiyadir. Dialektik usul xususiy
fanlar erishgan yutuqlardan foydalanib, ularning usullari bilan birgalikda
rivojlanadi, ular bir-birini to‘ldiradi va boyitadi. Xususiy, umumiy va
eng umumiy usullar tadqiqotning yaxlit tizimini tashkil qiladi. Hozirgi
zamon ilmiy bilish jarayonida quyidagi usullar keng foydalaniladi.
Bilishning empirik darajasida quyidagi usullar keng qo‘llaniladi:
kuzatish, o‘lchash, taqqoslash, eksperiment.
Kuzatish – voqelikdagi narsa va hodisalarni muayyan maqsadga
muvofiq qaratilgan hissiy bilish usulidir. Kuzatishning qay darajada
bo‘lishi qo‘yilgan maqsadning aniqligiga, kuzatilayotgan narsa va
hodisalar haqida oldindan bilimga ega bo‘lishga bog‘liqdir. Kuzatishda
tadqiqotchi har xil asboblardan foydalanishi mumkin. Asbob kuzatish
doirasini kengaytiradi, kuzatilayotgan obyektni idrok qilish qobiliyatini
kuchaytiradi. Kuzatish bevosita (asbobsiz) yoki vositali (asbob bilan)
olib boriladi. Kuzatish jarayonida subyekt obyektning miqdor va sifat
jihatlarini in’ikos ettiradi va aniqlab oladi.
O‘lchash bilish jarayonida narsaning miqdor tavsifnomasini aniqlash
usulidir. O‘lchov odatda o‘rganilayotgan predmetni aniq qayd etilgan
xossa va belgilariga ega bo‘lgan boshqa biron-bir predmet bilan
nisbatlash yo‘li orqali amalga oshiriladi. O‘lchash usuli orqali
predmetlarning xossalarini, masalan, mustahkamligini, murakkabligini
va boshqa tomonlarini aniqlash mumkin.
Taqqoslash bilish faoliyatida tatbiq qilinadigan usul bo‘lib,
bilimlarning shakllanishi, rivojlanishida alohida bir bosqichni tashkil
qiladi. Taqqoslash narsa va hodisalarning boshqa bir narsa yoki
hodisadan farqli va o‘xshash tomonlarini hamda ularning munosa-
batlarini o‘rganish usuli hisoblanadi.
Eksperiment – tajribada sinab ko‘rish orqali fanda hodisalarni bilish
faoliyatida tadqiq qilish, o‘rganish usuli hisoblanadi. Eksperiment
kuzatishga nisbatan yuqoriroq darajadagi bilish usuli bo‘lib, obyektni
tegishli tajriba moslamalarini tatbiq qilish orqali obyektga ta’sir
ko‘rsatish, o‘zlashtirish, bilimlarni boyitishga yordam beruvchi usuldir.
Tadqiqotchi eksperiment usuli orqali o‘zini qiziqtirgan obyektning
tomonlarini o‘rganishi uchun unga faol ta’sir ko‘rsatadi, buning uchun
sun’iy sharoitlar yaratadi, shu sharoitda tekshirish olib boradi,
ma’lumotlar to‘playdi. Eksperiment usuli hodisalarning muhim belgilari
va xususiyatlarini, ularning boshqa narsa va hodisalar bilan munosabati,
180
aloqa va bog‘lanishlarini chuqurroq o‘rganishga imkoniyat yaratadi.
Voqelikdagi narsa va hodisalar to‘g‘risida tajribada olingan bilimlar
mavhum tafakkurda qayta ishlanish natijasida yanada chuqurlashib,
obyektiv haqiqatga yaqinlashib boradi. Ilmiy bilishning nazariy
darajasida quyidagi usullar keng qo‘llaniladi: abstraksiya, analiz, sintez,
induksiya, deduksiya, analogiya, ideallashtirish, modellashtirish,
tarixiylik va mantiqiylik hamda boshqa usullar qo‘llaniladi.
Abstraksiya – predmetlarning muayyan munosabatdagi muhim
xossalarini, munosabatlarini, taraqqiyot bosqichlarini fikran bilish usuli.
Abstraksiyalash usuli analiz va sintez vositalarini o‘z ichiga oladi. Analiz
va sintez dunyoni bilish jarayonida ishlatiladigan o‘zaro bir-biri bilan
bog‘langan usullardir.
Analizda o‘rganilayotgan narsa va hodisa mayda bo‘laklarga, ya’ni
qismlarga bo‘linib, ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar o‘zaro munosabat va
ta’sir o‘rganiladi. Tarkibiy qismlarni sintez qilish uchun analiz qilinadi.
Analiz usuli orqali narsa va hodisalarni to‘la bilish mumkin
emas,shuning uchun u sintez yo‘li bilan to‘ldiriladi.
Sintez analizning natijalariga suyanib, narsa va hodisalarning bir
butun sifatini o‘rganadi. Sintez – analiz natijasida fikran bo‘lingan
elementlarni qaytadan tiklash, ularni birlashtirish, ilgari yaxlitlikni fikran
vujudga keltirish usulidir.
Analiz tadqiqot jarayonida bilishning tayyorgarlik ko‘rish bosqichi
hisoblansa, sintez uni yakunlaydi. Analiz va sintez natijasida umumiy
tushuncha, muhokamalar tarkib topadi, ular yordamida o‘rganilayotgan
obyektning sifati va muayyan qonuniyatlari aniqlanadi va shakllanadi.
Induksiya – ayrim fikriy bilishdan umumiy xulosalar chiqarishda
qo‘llaniladigan bilish usulidir. Bu usul yordamida xususiylik o‘rganilib,
umumiylik bilib olinadi. Induksiya usuli narsa va hodisalarning sababiy
bog‘lanishlarini tekshirish usuli bo‘lib ham xizmat qiladi.
Deduksiya – umumiylikdan xususiylikka olib boruvchi mantiqiy
usul. Fandagi nazariyalar deduktiv usul natijasida yuzaga keladi. Bu usul
asosan daliliy ma’lumotlar to‘plash natijasida ularni chuqur o‘rganish,
sistemaga solishda qo‘llaniladi.
Anologiya (moslik, aynanlik, o‘xshashlik) – narsa va hodisalar biror
xususiyatlarining o‘xshashligini o‘rganish usuli. Bu usul yordamida ikki
predmetning o‘xshash xususiyatlari o‘rganiladi.
Ideallashtirish – bilish jarayonida obyektni qulaylashtirish usuli. Bu
usulda real obyekt ideal obyekt bilan almashtiriladi. Bu usul tabiiyot
181
fanlarining tadqiqot usuli hisoblanadi. Masalan, fizikada shunday usul
orqali fizik obyektlar: ideal gaz, mutlaq qattiq qism, mutlaq qora jism va
boshqalarni ideallashtirilgan obyektlar deb qarash mumkin.
Modellashtirish borliqni bilvosita o‘rganishga asoslangan ilmiy
usuldir. Bu usul asosida tadqiq qilinayotgan obyekt bilan uning modeli
o‘rtasidagi o‘xshashlik, muvofiqlik yotadi. Modellashtirish usuli ilmiy
tadqiqot jarayonini yengillashtiradi, ba’zi hollarda murakkab obyektlarni
o‘rganishning yagona vositasi hisoblanadi. Modellar ikki xil: moddiy va
g‘oyaviy bo‘ladi. Moddiy narsalardan yasalgan modellar moddiy
modellar deyiladi. Bu modellar obyektlarning taraqqiyot jo‘shqinligini,
ularning mohiyatini ifodalovchi zaruriy qonuniy aloqalarni,
munosabatlarni qayta hosil qiladi. G‘oyaviy modellar esa g‘oya shaklida
mavjud bo‘ladi.
Aksiomatik usul tadqiqotning aksiomalarga asoslanib nazariy
xulosalar chiqarish usulidir. Asos qilib olingan aksiomalar esa muayyan
nazariy sistemada isbotlanmay haqiqiy deb qabul qilinadi. Nazariy
bilimlar to‘la ravishda aksiomalardan deduktiv yo‘l bilan chiqariladi
Tarixiylik va mantiqiylik obyektiv dunyo taraqqiyot jarayonining
muhim xususiyatlarini bilish usulidir. Tarixiylik usuli narsa va
hodisalarning ro‘y berish vaqti, davri, aniq vujudga kelishi, rivojlanishini
bilish usulidir. Har bir hodisani faqat aniq tarixiy nuqtai nazardan, faqat
tarixning aniq tajribasi bilan bog‘lab o‘rganmoq zarur. Har bir narsaning
tarixini ochib berish uning taraqqiyotidagi asosiy tarixiy bosqichlar,
ularning aloqalarini ajratib ko‘rsatishni talab qiladi. Buning uchun esa
uning mohiyati haqida nazariy bilim bo‘lishi kerak. Mantiqiy usul
predmetning mazmunini nazariy shaklda tadqiq qilish usuli hisoblanadi.
Bu usul tadqiqot obyektining eng muhim aloqalarini bilib olishga imkon
beradi.
Yuqorida qayd qilingan bilishning empirik va nazariy darajalari
umuman ilmiy bilish sohasining darajalarini tashkil qiladi. Barcha tabiiy,
ijtimoiy va texnikaviy fanlar bilishning empirik va nazariy darajalariga
ega. Jumladan, huquqiy fanlar sohasi ham mana shu amaliy va nazariy
bilish sohalariga bo‘linadi. Ilmiy bilishning empirik va nazariy darajalari
usullarining barchasi huquqshunoslik fanlarida ham keng qo‘llaniladi. III
xodimlarining amaliy faoliyatida empirik (amaliy) bilish usullari
kuzatish, o‘lchash, taqqoslash va eksperimentlar keng qo‘llanilib,
jinoyatlarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni bartaraf etishda keng
qo‘llaniladi. Masalan, kuzatish usuli orqali jinoyat qilishga moyil
182
bo‘lgan kishilarni xatti-harakatlarini kuzatish orqali ularning oldini olish
mumkin. O‘lchash, taqqoslash usullari orqali sodir etilgan jinoyatlar
joylari, sodir etilgan jinoyatlarning shunga o‘xshash jinoyatlar bilan
taqqoslash asosida ba’zi bir to‘g‘ri xulosalarga kelinadi.
Nazariy bilish usullari analiz, sintez, induksiya, deduksiya
anologiya, tarixiylik va mantiqiylik hamda boshqa usullari orqali
huquqiy soha va undagi munosabatlar mustahkamlanib bormoqda.
O‘zbekistonda huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo
etishda keng foydalanilmoqda. Masalan, milliy davlatchiligimizni barpo
etishda tarixiylik va mantiqiylik usulining o‘rni beqiyosdir. Biz bugungi
kunda kelajagimizni o‘zida aks ettirgan jamiyatni barpo etishda,
o‘tmishda yashab ijod etgan ota-bobolarimizning davlatni idora etish va
boshqarish usullariga tayanmog‘imiz va ulardan to‘g‘ri xulosalar
chiqargan holda amaliyotga tatbiq etmog‘imiz zarur.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, empirik va nazariy bilish
darajalarining usullari huquqshunoslik fanlarining takomillashuvi va
ularning amaliy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yüklə Dostları ilə paylaş: |