An’anaviy san’at turlari.San’at turlari dastlab vujudga kelganida, ularda bevosita manfaatdorlik, fidoyilik jihatlari ustuvor bo’lgan, hunar sifatida qabul qilingan: yuqoridagi badihago’ylik ham, xattotlik ham tekinga bajarilmagan. Keyichalik ularda estetik xususiyatlar, xususan, go’zallik asosiy maqsadga aylangan. An’anaviy san’at turlarining ba’zilarida ana shu ikki tomon baravar, bevosita tarzda saqlanib qolgan. Bunday san’at turlari sirasiga me’morlik va ko’rgazmali san’at kiradi. Me’morlik. Bu san’at turining paydo bo’lishi insonning turar joyiga bo’lgan ehtiyojidan kelib chiqqan va odamning estetik tabiati uni tobora go’zallashtirib borishni talab etgan. Keyinchalik bu talab o’limdan keyingi “turar joyga” maqbarlarga tadbiq etilgan. Undan so’ng hukumdorlar saroyilari, devonxonalar turli rasmiy va norasmiy xizmat binolari, ibodatxonalar ham ana shu go’zallik qonuniga binoan qurilgan. Ispaniyadagi Al-Humro masjidi, Olmoniyadagi Kyoln jomesi, Xivadagi Nurillavoy saroiy v. b. shular jumlasidan. Me’morlik – mavjudligi makon bilan shartlangan san’at turi. Unda hajm, tasviriylik, noziklik, injalik kabi go’zallik unsurlari katta ahamiyatga ega, ular mahobatning tarkibiy qismini tashkil etadi. Masalan, Samarqanddagi Registon majmuyiga kiruvchi SHerdor madrasasini olib ko’raylik. Madrasa peshtoqidagi koshinkorli bezak orasida qora zamini koshinga oq harflar bilan me’mor Abdujabbor nomi bitilgan. Peshtoq ravog’ining tepasida qizg’ish zarhal tusli sher oq kiyikni quvib bormoqda. Quyosh bodomqovoq, qiyiq ko’zli tarzda tasvirlangan... Albatta zamonaviy me’morlikda bunday jihatlarining hammasini, tasviriy to’kiislikni uchratish qiyin. Ayniqsa sho’rolar davridagi o’quv yurtlari, rasmiy va turar-joy binolari qurilishlari vaqt nuqtayi nazaridan an’anaviy me’morlikdan qanchalik uzoqlashgan sari, shunchalik san’atlik xususiyatini yo’qotib bordi. Mustaqillikka erishganimizdan so’ng me’morlik yana o’zining san’atligiga qaytdi. Respublikamizda qator me’moriy majmular, loyihalar yaratildi, qadimgi yodgorliklar ta’mirlandi. Shuning natijasi o’laroq, bugun biz Imom Buxoriy me’moriy majmui kabi ulug’vor san’at namunalariga egamiz. Yakka tartibdagi binolar ham, jamoat binolari ham, ishlab chiqarish inshoatlari ham endilikda har xil original loyihalar asosida, me’morlik san’ati qoidalariga binoan bunyod etilmoqda. M., «SHeraton» mehmonxonasi, Oliy Majlis binosi kabi inshootlarni shunday zamonaviy me’morlik namunalari qatoriga kiritish mumkin.