JK 21-moddasi 2-qismida moddiy tarkibli jinoyatlarda qasdning
tarkibi nazarda tutiladi: «ushbu kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan
payt ijtimoiy xavfli oqibat yuz bergan vaqt deb topilgan qilmishlar to‘g‘ri
yoki egri qasddan sodir etilgan bo‘lishi mumkin». Bunday ajratish
qonunchilik tomonidan qasddan sodir etilgan jinoyatlarning irodaviy holati
asosida quriladi. Qasdning aynan shu elementida qasdni turlarga bo‘luvchi
muhim belgilari ko‘rinadi. Aybdorning turli xil ruhiy munosabati, istagi
yoki ongli ravishda jinoyat sodir etishda ijtimoiy xavfli oqibatlarning kelib
chiqishiga yo‘l qo‘yib berishi qasdning to‘g‘ri va egri qasdga bo‘linishiga
sabab bo‘ladi. Shuning uchun istak va ongli ravishda yo‘l qo‘yib berish
to‘g‘risidagi masala, jinoyat tarkibining elementi hisoblanuvchi
oqibatlargina aybning shaklini ajratish uchun ahamiyatga ega. Qasdning
bunday to‘g‘ri va egri qasdga bo‘linishi faqat moddiy tarkibli jinoyatlarga
tegishli, ularning ijtimoiy xavfliligi va huquqqa xilofliligini jinoyat qonuni
zarar yetkazish, ijtimoiy munosabatlarning destruktiv o‘zgarishi bilan
bog‘laydi.
Qasdning turini to‘g‘ri aniqlash muhim ahamiyat kasb etgani uchun
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi bir necha marotaba
sudlarga jazo tayinlashda qasdning turini, uning yo‘nalishini, jinoyat motiv
va maqsadining zaruriyligini hisobga olishlikni ko‘rsatib o‘tdi.
JK 21-moddasi 3-qismi moddiy tarkibli jinoyatlarda to‘g‘ri qasdning
mohiyati va xarakterli chiziqlarini ifodalaydi: «agar shaxs o‘z qilmishining
ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetgan va ularning yuz berishini istagan
bo‘lsa, bunday jinoyat to‘g‘ri qasddan sodir etilgan deb topiladi».
To‘g‘ri qasdning ushbu tarkibida to‘g‘ri qasd bilan sodir etilgan
moddiy tarkibli jinoyatlarning mohiyatini ochib beruvchi va uni
ifodalovchi intellektual va irodaviy holatlar ajratib ko‘rsatiladi.