3.2. Bozor raqobati sharoitida prognozlash va rejalashtirish Bozor raqobati sharoitida iqtisodiy fanlarning vazifalaridan biri rejalashtirish munosabatlarini to‘g‘ri va ilmiy asoslashdan iboratdir.
Iqtisodiyot fanining asoschilaridan biri qadimgi grek faylasufi Aristotelning aytishicha, har qanday ne’mat yaratish har joyda, har tomonlama ikki xil shartga bog‘liq, ya’ni, birinchisi, har qanday faoliyatni kelajak maqsadini to‘g‘ri aniqlab olish, ikkinchidan, maqsadga erishishga munosib vositalarini topishdan iboratdir.
Ushbu iboralardan kelib chiqadiki, tarixan insoniyat o‘z faoliyatini amalga oshirishda abstrakt fikrlash asosida uni doimo prognoz qilgan va rejalashtirgan.
Rejalashtirish atamasi hayotga keyinchalik, ayniqsa, sotsialistik tizim davrida tadbiq qilingan. Nosotsialistik tizimdagi davlatlarda ko‘proq prognoz, programma, strategiya, konsepsiya kabi atamalar ishlatiladi. Bularning hammasi bir xil vazifani, ya’ni kelajakda sodir bo‘ladigan yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisa va jarayonlarni kelib chiqishi, amalga oshirish tartibi, yo‘llarini va ketma-ketligini ko‘rsatadi. So‘z atamada emas. So‘z uning asl mazmunida.
Har qanday xo‘jalik yuritishning samarasi iqtisodiyot qonunlarining talablarini chuqur o‘rganish asosida rejalashtirish nazariyasini ishlab chiqilishiga va uning metodologiyasining yaratilishga bog‘liq.
Rejalashtirish nazariyasi jamiyatning taraqqiyot qonuniyatlarini bilish, jarayonlar va hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni obyektiv sabab va oqibatlarini o‘rganish, ularni dialektik va logik usullar bilan asoslash negizida rejalashtirishning metodologiyasini yaratgan.
Rejalashtirish metodologiyasi rejalashtirish jarayonining ichki logikasini yoritib beradi. Rejalashtirish metodologiyasi rejalashtirish jarayonini tashkil qilish, uni ishlab chiqish va joriy qilish prinsiplarini, metodlarini, tarkibini, tartibini, etaplarini va ko‘rsatkichlari sistemasini asoslab beradigan ta’limotdir.
Har qanday ijtimoiy tizimda o‘z faoliyatini yurgizishda insoniyat uchta bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan fundamental muammolar bilan tuqnashadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida shakllangan iqtisodiy nazariya u muammolarni quyidagicha ta’riflaydi:
Birinchidan, nima ishlab chiqarish va qancha miqdorda?
Ikkinchidan, qanday ishlab chiqarish va qancha xarajatlar zarur bo‘ladi?
Uchinchidan, kim uchun ishlab chiqariladi va ular qanday taqsimlanadi?
Jamiyat va uning sub’ektlari oldidagi bunday muammolar, albatta, o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Buning uchun xalq xo‘jaligini tashkil qilish, boshqarish, tarmoqlararo va xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni bog‘lash, sotuvchi bilan iste’molchilar orasidagi munosabatlarni, tovar bilan baho miqdorini moslashtirish va hokazolar kabi iqtisodiy jarayonlar, hodisalarni uyg‘unlashtirish kabi masalalarni hal qilish zaruriyati tug‘iladi. Bu hodisalar va jarayonlarni tartibga solish hamda ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlash, avvalom bor iqtisodiy qonunlar ta’siri ostida va albatta, davlatni aralashishi natijasida yuz beradi. Bunday umumiqtisodiy qonunlardan biri jamiyatni rejali-mutanosib (proporsional) rivojlanishidir.
V.V.Leontev ikki xil xo‘jalik yuritish xo‘jalik mexanizmlari shaklini sintez qilish «Reja va bozorni sintezi» g‘oyasini asoslab bergan.
Amerikalik menejer Li Yakoka «Karera menedjera» (M.: Progress, 1990.) asarida «… davlat tomonidan rejalashtirish, bu umuman sotsializmni bildirmaydi. Bu degani asoslangan strategiya, shakllangan maqsadni mavjudligini bildiradi. Bu butun iqtisodiy siyosatni aspektlarini kelishilishini anglatadi.
Bizda progress bo‘lmaydi, toki biz har qanday davlat miqiyosida rejalashtirish kapitalistik tizimga bostirib kirish degan noto‘g‘ri g‘oyadan qaytmasak».
Fridrix Uinslou Teylor (1886-1915) hozirgi zamon menejmentining asoschisi deb hisoblangan, ishlab chiqarishni tashkillashtirish nazariyasini yaratgan. Uning «Menejmentni ilmiy prinsiplari» nomli asarida mehnatni tashkil qilish qonuniyatlari to‘g‘risidagi bilimlarni qat’iy ilmiy tizimi, mehnatni tashkil qilish, vaqtni o‘rganish usullari (xronometraj), tannarxni hisoblashning matematik usullari, ish haqini differensiyatsiya qilish, mehnat jarayonini tahlil qilish va uning asosida rejalashtirish, tashkil qilish masalalari asoslangan. F.Teylor nafaqat yuqoridagi qoidalarni nazariy asoslagan, ularni ishlab chiqarish jarayoniga tadbiq qilgan.
Genri Lodrens Gamnt (1861-1919) korxona faoliyatini tezkor rejalashtirish va boshqarishga asos solgan. Uning «Grafigi Gamnta» nomi bilan mashhur bo‘lgan grafiklarni rejalashtirish tizimi ishlab chiqarish korxonalarida keng foydalanilgan.
Gorrington Emirson (1853-1931) mehnat unumdorligini oshirishni 12 ta qoidasini ishlab chiqqan. Ularga boshaqrishni boshlang‘ich nuqtasi sifatida maqsadni aniqlash; kamchiliklar va nuqsonlarni tan olish va sababini axtarish; xodimlar faoliyatini reglamentatsiya va nazorat qilish hamda moddiy rag‘batlantirish; ishlab chiqarish jarayoni elementalrini normalashtirish, doimiy, to‘la, real va tezkor hisob-kitob qilish, ularni rejalashtirish kabi masalalarni kiritgan.
Germaniya Federativ Respublikasi Kansleri Lyudvig Erxard (1950-1960) iqtisodiy reformalar o‘tkazgan va reformaning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida indikativ rejalashtirishni joriy qilish bo‘lib hisoblangan. Indikativ rejalashtirish indikativ ko‘rsatkichlarni tasdiqlashdan iborat bo‘lib, ularning bajarilishini ta’minlash uchun qudratli iqtisodiy, huquqiy, ma’muriy dastaklar (instrumentlarni) ishlatishni ko‘zda tutgan. Jahon iqtisodiyoti nazariyasi yutuqlari va tajribasini ishlatish asosida indikativ rejalar chuqur ilmiy asosda ishlab chiqilib, uni tayyorlashga yuqori kasbiy malakaga ega bo‘lgan iqtisodchilar, olimlar jalb qilingan.
Rivojlangan davlatlar iqtisodiyotidagi yetuk yutuqlarga erishish, krizislarni bartaraf qilish, strategik, joriy va tezkor rejalashtirish usullarini, qoidalarini ishlatish asosida erishgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ularda rejalashtirish masalalari bilan shug‘ullanadigan zaruriy kafolatlarga ega bo‘lgan vazirliklar, idoralar, muassasalar tashkil qilingan. Barcha firmalar, kompaniyalar, korporatsiyalar, korxonalar prognozlash va rejalashtirish bilan shug‘ullanadigan funksional boshqaruv organlariga ega.
Korxonalar, firmalar faoliyatini rejalashtirish ilmiy asoslangan holda tashkil qilinadi. Chet el amaliyotida rejalashtirishni tashkil qilishni asosan ikki xil usuli ishlatiladi. Birinchisi, «break-down» - yuqoridan pastga usuli, ikkinchisi, «buifd-up» - pastdan yuqoriga usuli. Birinchi usulni mazmuni korxona rahbariyati uning maqsad va vazifalarining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, quyi bo‘limlarda ular detallashtirilib, siljish jarayonida umumiy rejaga kiritiladi. Ikkinchi usul bo‘yicha ko‘rsatkichlarni miqdori rejalashtirgan davrga quyi bo‘limlarda ishlab chiqiladi va rahbariyat ularni umumlashtirib, korxonani umumiy rejasini aniqlaydi.
Amaliyotda ko‘pchilik hollarda ikkala usul birgalikda ishlatiladi.
Rejalashtirish boshqarishning iqtisodiy usullaridan biri bo‘lib, u xo‘jalik yuritishda iqtisodiy qonunlar talabini ishlatishni asosiy vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Rejalashtirish maqsadni tanlash, asoslash, chegaralangan resurslardan oqilona foydalanish, maqsadga yetish yo‘llarini, chora-tadbirlarini belgilash, iqtisodiy asoslash va ularning bajarilishini nazoratga olish jarayonidan iboratdir. Rejalashtirish g‘oyani, maqsadni amalga oshirish usulidir. Rejasiz har qanday g‘oya, maqsad safsataga aylanib qoladi. Maqsadga yo‘naltirilgan, kutilayotgan sharoitga mo‘ljallangan reja faoliyatni samarali yuritishni ta’minlaydi.
Rejalashtirish ko‘p qirrali, murakkab jarayondir. To‘zilgan reja yoki korxona dasturi nima qilish, kim bajaradi, qachon va qanday bajaradi degan savollarga ochiq, to‘la va asoslangan javob berishi shartdir.
Savdo korxonalari faoliyatining samaradorligi talab va taklifni hisobga olgan holda nima, kimga va qanday mahsulot yetkazib berish, resurslar bilan ta’minlanish, savdoning optimal texnologiyasini tanlash, tovarni sotish shakli va usullari va boshqa ko‘pgina holatlarga bog‘liqdir. har bir korxona bu omillarni o‘zviy bog‘lashga harakat qiladi. Bu esa korxonaning xo‘jalik faoilyatini rejalashtirish orqali amalga oshiriladi.