Aylanma fondlar (mablag‘lar) tushunchasi, tarkibi va ko‘rsatkichlari
Savdoning aylanma fondlari deganda, muomaladagi mehnat predmetlari va ayrim ishlatilish muddati 1 yilgacha bo‘lgan mehnat qurollari qiymatining puldagi ifodasi tushuniladi. Aylanma fondlarga ayrim kassadagi va hisob raqamlaridagi moliyaviy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan mablag‘lar ham kiritiladi.
Bozor raqobati sharoitida chet el nazariyasi va amaliyoti iqtisodiyotga kirib kelayotgan davrda, xalqaro buxgalteriya hisob standartlari va milliy hisobot tizimini amaliyotda qo‘llanilishi munosabati bilan «Aylanma fondlar» «Aylanma mablag‘lar» termenlari o‘rniga «Aylanma kapital» yoki «Aylanma aktivlar» kirib keldi. Yuqorida keltirilgan tushunchalar mazmunan bir xil bo‘lib, faqat boshqacha termenlar bilan atalmoqda. Shu sababli bizlar bundan buyon ushbu kategoriyani mazmunidan kelib chiqib, «Aylanma mablag‘lar» termenini ishlatishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Aylanma mablag‘lar o‘z qiymat mazmuniga binoan, muomala jarayoniga zarur bo‘lgan mehnat predmetlari, ishlatilish muddati bir yilgacha bo‘lgan mehnat qurollarini sotib olish uchun zarur bo‘lgan pul ta’minotidir.
Aylanma mablag‘lar natural-jismoniy ko‘rinishi nuqtai nazaridan joriy moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlaydigan va bir yilgacha bo‘lgan davrida iste’mol qilinadigan moddiy boyliklarni o‘zida mujassamlashtiradi.
Aylanma mablag‘larning manbalari bo‘lib korxonaning o‘z mablag‘lari, qarzga olingan mablag‘lar va jalb etilgan mablag‘lar hisoblanadi.
Korxonani tashkil topishda aylanma mablag‘lar uning tasischilari mablag‘i hisobidan shakllanadi (ustav fondi), keyinchalik uni to‘ldirish korxona foydasi, jalb qilingan mablag‘lar (passivlar) hisobidan to‘ldiriladi.
Aylanma mablag‘lar asosiy fondlardan farqli bo‘lib, ular muomala jarayoni bir siklida to‘la iste’mol qilinadi va o‘z qiymatini tovarlar va savdo xizmatlari qiymatiga to‘la o‘tkazadi.
Aylanma mablag‘larni likvidlik darajasi juda yuqori, ayrim tarkiblarini likvidligi qariyb «1»ga teng bo‘ladi.
Savdo jarayonida aylanma mablag‘lar bir turdan ikkinchi turga aylanib turishi mumkin.
Aylanma mablag‘lar doimiy harakatda bo‘ladi. Ular savdo jarayonining bir siklida takror ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqaruvchilar yoki vositachilardan tovarni sotib olishda savdoning aylanma mablag‘lari ishlab chiqaruvchilar yoki vositachilarning aylanma mablag‘iga aylanadi, savdoga ular tovar shaklida muomalaga kirib keladi. Ushbu jarayonda ishlab chiqarishni takrorlanishini tezlashtirishga vosita bo‘lib xizmat qiladi, savdo uchun uning asosiy funksiyasini bajarilishini ta’minlaydi, ya’ni ishlab chiqarishdan tovarlarni iste’molchiga yetkazish va oldi-sotdi jarayoni davom ettirishni ta’minlaydi. Ushbular bilan bir qatorda iste’molchilarni talabini qondirishga yo‘l ochib beradi.
Ikkinchi jarayonda aylanma mablag‘lar tovar shaklidan pulga aylanadi, bunda tovarlar muomala jarayonidan iste’mol jarayoniga o‘tadi, pul esa yana muomala jarayonini takrorlash uchun harakatga o‘tadi. Bu pullar yangi mehnat predmetlarini sotib olishga yo‘naltiriladi va jarayon takrorlanadi.
Ushbu jarayonda aylanma mablag‘lar bir tomondan muomala jarayonini tezlashtiradi va ikkinchi tomondan iste’molchilar talabini qondiradi.
Aylanma mablag‘larni takrorlanish tezligidan savdo korxonalarining raqobatbardoshligi, ularni samaradorligi darajasi bog‘liqdir. Shu sababli aylanma mablag‘larni takrorlanishini tezlashtirish katta ahamiyatga egadir.
Aylanma mablag‘larni miqdoriga har xil omillar ta’sir qiladi. Ularning biri aylanma mablag‘larni takrorlanishini tezlashtirsa, ikkinchisi sekinlashtirishi mumkin.
Umuman aylanma mablag‘larga ta’sir qiluvchi omilalrni uch xil guruhga ajratish mumkin: umumiqtisodiy, tashkiliy va texnik-texnologik omillarga.
Umumiqtisodiy omillarga, tovar oboroti va uni tarkibini (assortiment tarkibini) o‘zgarishi, ishlab chiqarish, tovar va boshqa moddiy ne’matlar bilan ta’minlovchilarni dislokatsiyasi, ya’ni hududiy joylanishi, savdo xizmatchilarini va savdoga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar ishchilarini mehnat unumdorligi darajasi kabilarni kiritish mumkin.
Tashkiliy omillarga savdo shaxobchalarini hajmi, ixtisoslashish, savdoni yangi progressiv usullarini qo‘llash, boshqarishni takomillashtirish, savdo-vositachilik bo‘g‘inlarini qisqartirish kabilar kiradi.
Texnik-texnologik omillar ilmiy-texnik progressni joriy qilish bilan bog‘liq bo‘lib, ularga savdoga yangi jihozlarni, texnologik jarayonlari joriy qilish, savdoga xizmat qiluvchi tarmoqlarni texnik-texnologik taraqqiyoti (aloqa, transport, komunal xo‘jaligi kabilar) kiradi.
Ushbu omillardan ayrimlari aylanma mablag‘larni miqdorini oshirishga olib keladi. Bularga savdo xizmatini sifatini yuqorilash bilan bog‘liq tadbirlar savdo shoxobchalarini kengaytirish, yangisini qurish, tovar oboroti tarkibida (assortimentida) aylanma mablag‘larni takrorlanish jarayonini susaytirishga olib keladigan tovarlar hissasini ortishi kabilar kiradi.
Aylanma mablag‘larni kamaytirishga olib keladigan omillarga moddiy va moliyaviy resurslarni tejamli ishlatilishiga qarashli tadbirlar, tovar zahiralarini aylanish tezligini oshirish, tovar oboroti tarkibida aylanma mablag‘larni takrorlanish jarayonini tezlashtirishga olib keladigan tovarlar hissasini ko‘payishi kabilar kiradi.
Yuqoridagi omillarni obyektiv va sub’ektiv omillarga ham ajratish mumkin. Obyektiv omilalr savdo korxonasi va uni ta’minlovchilarni xo‘jalik yuritish tartibi, savdo korxonalari faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan omillar kiradi.
Sub’ektiv omillari boshqaruv apparat xodimlari va savdo xizmatchilarni kasbiy mahorati, ishlash prinsiplari, savdoni to‘g‘ri ratsional tashkil qilish borasida qabul qilingan qarorlarni joriy qilinishini va h.k. kiradi. Sub’ektiv omillar inson omili bilan bog‘liqdir.
Xuddi shunday o‘zgarishlar aylanma mablag‘lar va moliyaviy resurslar o‘rtasida ham ro‘y beradi. Masalan: tovarlar sotilish jarayonida debitor qarzga aylanishi, tovarlar oldi-sotdi jarayonida yuridik va jismoniy shaxslarni qarzdor bo‘lib qolishi, ushbu jarayonda savdo korxonalarini kreditor bo‘lib qolishi, ya’ni ishlab chiqaruvchi yoki boshqa ta’minotchilardan qarzdor bo‘lib qolishi kabilar. Tovarlarga qo‘yilgan ustamalarni sotilishi natijasida savdo korxonalarini daromadi, foydasini shakllanishi.
Ushbu jarayonga iqtisodiyotga taalluqli adabiyotlarda e’tibor berilmaydi va bu jarayon yoritilmagan. Lekin bunday o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganish resurslaridan samarali foydalanish uchun tadbirlar ishlab chiqishda, samaradorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash yoki tanlashda nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.
Aylanma mablag‘lar tarkibini nazariy va amaliy ahamiyati nuqtai nazardan natural-moddiy shakllari va qiymat ko‘rsatkichi sifatida tasniflash zarur.
Savdo korxonalarining aylanma mablag‘lari natural-moddiy shakllari bo‘yicha quyidagi tarkiblardan (elementlardan) iborat bo‘ladi:
Tovar zaxiralari (chakana savdo shoxobchalarida, ulgurji savdo omborlarida, yo‘lda, umumiy ovqatlanish korxonalarida).
Xom ashyo va tayyor mahsulotlar (umumiy ovqatlanish korxonalarida).
Taralar, yoqilg‘i, qodoqlash materiallari.
Xo‘jalik ehtiyojiga ishlatiladigan materiallar (kassa cheklari, kompyuter kraskalari kabi).
Arzon inventarlar va ishlatilish muddati bir yilgacha bo‘lgan tez eskiradigan mehnat qurollari.
Sanitariya va maxsus kiyim-kechaklar.
Aylanma mablag‘lar qiymati bo‘yicha quyidagicha tasniflanadi.
Tovar zahiralari summasi. Aylanma mablag‘ tarkibida tovar zahiralarini summasi 60-70 % tashkil qiladi.
Materiallar zaxirasi va arzon inventarlar va ishlatish muddati bir yilgacha, tez eskiradigan mehnat qurollari summasi.
Debitorlik qarzlari. Savdo korxonalariga qarzdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarni tovarlar va boshqa narsalar bo‘yicha qarzlari summasi.
Pul aktivlari. Savdo korxonalarining kassasidagi, bankdagi hisob va valyuta raqamlaridagi pul va boshqalar sifatidagi mablag‘lari.
Qisqa muddatli moliyaviy qo‘yilmalar. Savdo korxonalarini har xil qimmatbaho qog‘ozlarga qo‘yilgan mablag‘lari, bankdagi depozit hisob raqamidagi pullari. Ularni ishlatilish muddati bir yilgacha, shu sababli ular iqtisodiy mazmuni jihatidan foyda (daromad) olish maqsadida qisqa muddat ichida bo‘sh pul mablag‘laridan foydalanishni ifoda qiladi.
Aylanma mablag‘larni boshqa turlari. Bularga kelgusi davr qilingan xarajatlar kiradi. Ushbu xarajatlar kelgusi asosiy faoliyatga doir bo‘lib, lekin hisobot davrida amalga oshiriladi. Ularga masalan: oldindan to‘langan ijara haqlari; oldindan to‘langan boshqa tarmoqlarning xizmat haqlari; boshqa oldindan bo‘nak (avans) sifatidagi to‘lovlar kiradi.
Ushbu xarajatlar hisobot yilida amalga oshirilgan bilan kelgusi davrning muomala (davr) xarajatlarida o‘z aksini topadi.
Aylanma mablag‘lar ularni rejalashtirilishi nuqtai nazardan normalashtiriladigan aylanma mablag‘lar va normalashtirilmaydigan aylanma mablag‘larga bo‘linadi.
Miqdori real aniqlanishi normalar va normativlar orqali mumkin bo‘lgan aylanma mablag‘lar normalashtiriladigan aylanma mablag‘lar tarkibiga kiradi.
Normalashtirilishi mumkin bo‘lgan aylanma mablag‘lar tarkibiga quyidagilarni kiritish zarur:
tovar zahiralari (chakana savdoda, ulgurji omborlarda, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida, yo‘ldagi);
kassadagi va yo‘ldagi pul mablag‘lari;
tovarlar bilar to‘rgan va bo‘sh taralar;
kelgusi davr uchun qilinadigan xarajatalr;
moddiy-texnik ta’minot materiallari, yoqilg‘i, qadoqlash va xo‘jalik ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan materiallar;
belgilangan muddatda banklarga inkassa qilish uchun hisob-kitob hujjatlari topshirilmagan savdo korxonalariga yuborilgan tovarlar summasi;
ommaviy ovqatlanish shaxobchalaridagi (korxonalaridagi) xom ashyolar.
Miqdorini rejalashtirilishi qiyin yoki mumkin bo‘lmagan aylanma mablag‘lar tarkibiga quyidagilarni kiritish mumkin:
bankdagi hisob raqamida saqlanayotgan pul aktivlari;
belgilangan muddatdan keyin banklarga inkassa qilish uchun hisob-kitob hujjatlari topshirilmagan savdo korxonalariga yuborilgan tovarlar summasi;
har xil debitorlar;
saqlash uchun moddiy javobgarlikka olingan tovarlar summasi (aksep qilish inkor qilingan holdagi);
qisqa muddatli moliyaviy qo‘yilmalar.
Aylanma mablag‘lar ko‘rsatkichlarini quyidagi guruhlarga bo‘linadi.
Aylanma mablag‘lar holatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichlar, bular absolyut miqdorlarda (natural va qiymat o‘lchov birliklarida) va o‘rtacha qiymat ko‘rsatkichida hisobotga olinadi.
Aylanma mablag‘lar bilan korxonani ta’minlanganligi ko‘rsatkichlari.
Aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari.
Aylanma mablag‘lar holatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichlar quyida o‘z ifodasini topgan.
1. Aylanma mablag‘lar holati natural-moddiy shaklidan va qiymat o‘lchov birliklaridan kelib chiqib natural va qiymat ko‘rsatkichlar orqali biror bir paytga (momentga) yoki davrga hisobga olinadi. Masalan: tovar zahiralari biror paytga (1.01; 1.04; 1.07; 1.10; 1.12; 1.01 kelgusi yil kabi) natural va qiymat ko‘rsatkichlarda hisobga olinishi mumkin yoki biror bir davrga qiymat ko‘rsatkichlari orqali ularni o‘rtacha miqdori aniqlanadi.
Aylanma mablag‘larni o‘rtacha qiymati:
birinchidan, o‘rtacha arifmetik usul bilan, aniqlanishi mumkin. Bu usul aylanma mablag‘lar summasi chorak yoki oylar bo‘yicha o‘rtachasi berilgan bo‘lsa ishlatiladi. (Bu formuladi «X» - «Aylanma mablag‘lar» deb hisoblanadi;
ikkinchidan, aylanma mablag‘lar summasi dinamik qatorda bir paytga (kunga) berilgan bo‘lsa o‘rtacha xronologik usul bilan hisoblanadi, ya’ni
Aylanma mablag‘larni holatini anglatuvchi ko‘rsatkichlar qatoriga, ularni takrorlanish yoki aylanish ko‘rsatkichini (kunlar va marotaba hisobida) kiritish zarur. Bu ko‘rsatkich ikki xil turda, ya’ni birinchisi, aylanma mablag‘lari aylanishi, ikkinchisi tovar zahiralarni aylanish sifatida ishlatiladi (ushbu ko‘rsatkichni mohiyati «Chakana tovar oboroti» mavzusida batafsil yoritilgan).
Aylanma mablag‘larni aylanishi kunlar hisobida ularni takrorlanishini bir sikl muddatini ko‘rsatadi, tovar zahiralari kun hisobidagi ko‘rsatkich esa, ularni qancha muddatga yetishini, ya’ni necha kunda sotilib bo‘lishini ko‘rsatadi.
Aylanma mablag‘larni aylanish muddati quyidagicha hisoblanadi (chakana savdo misolida):
Aylanma mablag‘larni biror bir davrida (chorak, yil) aylanish miqdori ularni ushbu davrda necha marotaba aylanishligi (takrorlanishini) anglatadi va quyidagicha hisoblanadi:
Ushbu ko‘rsatkichlarni ulgurji savdo aniqlashda «Ulgurji ombor tovar oboroti» ko‘rsatkichi ishlatiladi.
2. Aylanma mablag‘larni o‘zgarish tendensiyalari (dinamikasi) ko‘rsatkichlari. Ushbu ko‘rsatkichlar asosiy fondlarniki kabi aylanma mablag‘larni bir necha yillar davomida «aylanma mablag‘lar holatini ko‘rsatuvchi»,, «aylanma mablag‘lar tarkibini anglatuvchi», «aylanma mablag‘lar bilan ta’minlanganligi» va «aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligini anglatuvchi» ko‘rsatkichlarni absolyut miqdorini farqi, foizlar, indekslar orqali u yoki bu tomonga o‘zgarish darajasini ifodalaydi. Ular ishlatilayotgan ko‘rsatkichlar nomi bilan atalib, ushbu ko‘rsatkichlarni o‘tgan yillarga nisbatan absolyut miqdorini o‘zgarishi aniqlanadi, foiz hisobida dinamikasi va indeks o‘lchov birliklarida hisoblanadi.
3.Aylanma mablag‘lar tarkibini anglatuvchi ko‘rsatkichlari. Aylanma mablag‘lar tarkibi deganda, uning barcha elementalrini (tovar zahiralari; materialalr zahiralarini; arzon inventarlar va ishlatilish muddati bir yilgacha bo‘lgan, tez eskiradigan mehnat qurollari; sanitariya va maxsus kiyim-kechaklar; debitor qarzlar; pul aktivlari; qisqa muddatli moliyaviy qo‘yilmalar; aylanma mablag‘larni boshqa turlarini hamda o‘z mablag‘larini umumiy aylanma mablag‘lar summasidagi hissasi (ulushi) foiz hisobida aniqlanadi. Buning uchun alohida olingan aylanma mablag‘lar elementining summasi «100,0»ga ko‘paytirilib, aylanma mablag‘larning umumiy summasiga bo‘linadi yoki koeffitsient hisobida aniqlanadi.
Ushbu ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda savdo korxonasining umumiy resurslarini tarkibini o‘rganishda, umumiy resurslar summasida aylanma mablag‘larni hissasini aniqlash (foiz yoki koeffitsient hisobida) tavsiya qilinadi.
4.Aylanma mablag‘lar bilan savdo korxonasini ta’minlanganligi.
1. Ushbu ko‘rsatkichlarga quyidagilarni kiritish mumkin:
Tovar oborotini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlanganligi. Chakana tovar oboroti (ulgurji tovar oboroti, umumiy ovqatlanish korxonasini tovar oboroti)da aylanma mablag‘larning hissasi, jumladan alohida o‘z mbalag‘larini hissasi.
Ushbu ko‘rsatkichni aniqlash uchun aylanma mablag‘lar (o‘z mablag‘lari) summasi «100,0» ga ko‘paytirilib tegishli tovar aylanish summasiga bo‘linadi.
2. Aylanma mablag‘lar normasini ta’minlanishi – normalashtiriladigan aylanma mablag‘larning haqiqiy summasini belgilangan norma bilan solishtirmasi. Ushbu ko‘rsatkich yuqorida keltirilgan ko‘rsatkichlarni absolyut ayirmasini topish (haqiqiy summadan normani ayirib tashlash) va haqiqiy summani «100,0» ga ko‘paytirib normativga bo‘lish orqali aniqlanadi.
3. Aylanma mablag‘larni o‘z mablag‘i bilan ta’minlanishi. Ushbu ko‘rsatkich bir tomondan, aylanma mablag‘lar holatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich sifatida ishlatilsa, ikkinchi tomondan korxonaning o‘z mbalag‘lari bilan ta’minlanganligini ham ifodalaydi.
4. Aylanma mablag‘larni tovar oborotini ta’minlashi, kunlar hisobida. Ushbu ko‘rsatkich biror muddatdagi (chorak boshi yoki yilning boshidagi) aylanma mablag‘lar summasini kelgusi davrning (chorak yoki yil) bir kunlik tovar aylanish sumasiga taqsimlash orqali aniqlanadi. Tovar oborotini (sotib olish qiymatida, ya’ni savdo ustamasisiz olinadi) bir kunligi uni davr kunlariga (chorak bo‘lsa – 90 kun, yil bo‘lsa – 360 kun) bo‘lish orqali aniqlanadi.
Yuqorida keltirilgan birinchi ko‘rsatkich tovar oborotini aylanma mablag‘lar bilan biror davrda necha foizga ta’minlanganligini ko‘rsatadi, to‘rtinchi ko‘rsatkich esa biror muddatdagi mavjud aylanma mablag‘lar necha kunlik tovar oborotini ta’minlashi mumkinligini ifodalaydi.
5.Aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligi ko‘rsatkichlari.
Aylanma mablag‘lardan foydalanish samaradorligini aniqlash uchun quyidagi ko‘rsatkichlar tizimidan foydalanish tavsiya qilinadi.
1. Aylanma mablag‘larni (yoki o‘rtacha tovar zahiralarini) aylanish koeffitsienti (Kay. yoki Kz.a) marotaba hisobida.
Bu yerda: TA- tovar oboroti summasi, chorakga yoki yilga) (chakana,
ulgurji, umumiy ovqatlanish);
- o‘rtacha aylanma mablag‘lar summasi;
- o‘rtacha tovar zahiralari summasi.
2. O‘z aylanma mablag‘larini aylanish tezligi koeffitsienti (Ko‘.ay.)
Birinchi va ikkinchi banddagi ko‘rsatkichlar aylanma mablag‘larni bir tomondan biror-bir davrda ishlatilish holatini ko‘rsatadi, ikkinchi tomondan dinamik qatorda tahlil qilinsa ulardan foydalanish samarasini ham ifoda qiladi.
3. Aylanma mablag‘larni (yoki tovar zahiralarini) rentabelligi (yoki daromadliligi) (Ray.m) quyidagicha aniqlanadi.