To'suvchi elementlar sifatida quyidagilardan foydalaniladi:
devorbop panellar – yengil yoki g'ovak betondan, arbolit va boshqa materiallardan tayyorlanadi; yopma plitalari – temir-betondan yoki boshqa materiallardan tayyorlanadi.
Kishloq xo'jalik korxonalari binolarini qurish uchun boshqa xil industrial buyumlardan (27-rasm, z, i, k), masalan, chorvachilik fermalarida oxur va molxonalar poliga yotqiziladigan panjara plitalar, oxurlar, go'ng va shaltoq oqib chiqib ketadigan novlar va boshqa yordamchi elementlardan foydalaniladi.
Beton va qorishmalar tayyorlashda tez qotadigan sement yoki markasi 500 va bundan ham yuqori bo'lgan portlandsement ishlatiladi. Bu bog'lovchi materiallar yig'ma konstruksiyalar elementlarini mustahkam ulaydi. Beton qorishmalarning markalari ish chizmasida ko'rsatiladi. Bunday ko'rsatma bo'lmagan hollarda quyidagicha ish tutiladi:
hisobiy nagruzkani qabul qiladigan choklarni to'ldirish uchun ishlatiladigan beton qorishmaning markasi biriktiriladigan elementlar markasidan past bo'lmasligi lozim;
hisobiy nagruzkani qabul qilmaydigan choklar uchun ishlatiladigan betonlar markasi M150 dan, qorishmalar markasi esa 100 dan past bo'lmasligi;
yengil beton konstruksiyalarning birikish joylaridagi choklarni to'ldirish uchun ishlatiladigan beton va qorishmalarning markalari 50 dan past bo'lmasligi lozim.
Issiq-sovuqni o'tkazmaydigan (teploizolyasiya) materiallar: zichligi 800-1000 kg/m3 bo'lgan betonlar, choklarning o'lchamiga moslab, penopolistirol, stiropor, mineral paxtadan tayyorlangan termovkladishlar. Bu materiallar choklar orqali mutlaqo issiq-sovuqni o'tkazmaydi.
Gidroizolyasiya (suv-nam o'tkazmaydigan) materiallar (ruberoid, brizol va boshqalar) – konstruksiyalarning ulangan joylaridagi choklaridan nam o'tishining oldini olish maqsadida choklarning ichki tomoniga shunday materiallar yopishtiriladi.