76-modda. Amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan ozod qilish Hukm etilgan shaxs amnistiya akti yoki afv etish asosida asosiy va ijro
etilmagan qo‘shimcha jazolardan ozod qilinishi yoxud jazodan muddatidan ilgari
shartli ravishda ozod qilinishi yoki unga tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan qismi
yengilroq jazo bilan almashtirilishi mumkin.
Agar amnistiya akti yoki afv etish asosida jazodan muddatidan ilgari shartli
ravishda ozod qilish yoxud jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilgan shaxs
jazoning o‘talmay qolgan qismi mobaynida qasddan yangi jinoyat sodir etsa, sud
unga ushbu Kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha jazo
tayinlaydi.
Oldingi tahrirga qarang. Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma umrbod ozodlikdan mahrum qilishga
hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazoning yigirma besh yilini haqiqatda
o‘tab bo‘lganidan keyin, agar jazoni o‘tash davrida mahkum qat’iy tuzalish yo‘liga
o‘tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo olmagan, mehnat va
o‘qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘layotgan, tarbiyaviy tadbirlar
o‘tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan jazoning yigirma yilini
haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin berilishi mumkin.
Afv etish to‘g‘risidagi iltimosnoma uzoq muddatga ozodlikdan mahrum
qilishga hukm etilgan shaxs tomonidan u tayinlangan jazo muddatining yigirma
yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin, agar jazoni o‘tash davrida mahkum qat’iy
tuzalish yo‘liga o‘tgan, belgilangan tartibni buzganlik uchun intizomiy jazo
olmagan, mehnat va o‘qishga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘layotgan,
tarbiyaviy tadbirlar o‘tkazishda faol ishtirok etayotgan taqdirda esa, tayinlangan
jazoning o‘n besh yilini haqiqatda o‘tab bo‘lganidan keyin berilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 536 1 - moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 140, 166- moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5439- sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom. LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 16-sonli “Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 15-sonli “Umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorining 9 va 10-bandlari. (76-modda O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi O‘RQ-99- sonli Qonuni asosida uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda)