1 - MA’RUZA AXBOROT-KOMMUNIKATSIYA TEXNOLOGIYALARINING IQTISODIYOTDAGI O‘RNI VA VAZIFALARI
Reja:
1.Iqtisodiyotda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari fanining maqsad va vazifalari.
2. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining raqamli iqtisodiyotdagi o‘rni va vazifalari.
3.Kompyuter tizimining ishlash blok-sxemasi.
Asosiy tushunchalar:
Axborot industriyasi – bu eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya tеxnologiyalari asosida axborot mahsulotlari va xizmatlarini (gazеtadan tortib, jurnal, kitob, kompyutеr o‘yinlari va kompyutеr tarmoqlaridagi axborotlargacha) kеng ko‘lamda ishlab chiqarish hisoblanadi.
Raqamli iqtisodiyot – insonlar uchun qulayliklarni ta’minlaydigan ishlab chiqarish kompleksi, ya‘ni mahsulot va xizmatlarni yaratadigan virtual muhit bo‘lib, raqamli texnologiyalardan foydalangan holda, iqtisodiy ishlab chiqarish tizimidir.
Axborotlashgan jamiyat – bu ma’lumot va bilim eng qimmat tovar bo‘lgan jamiyatning turidir.
1.1.Iqtisodiyotda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari fanining maqsad va vazifalari
Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan (AKT)
samarali foydalanmasdan turib, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Iqtisodiyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan
foydalanish darajasi iqtisodiy o‘sish, samaradorlik, bandlik va biznes
samaradorligini belgilaydi. Yagona axborot makonini tashkil etuvchi AKT ta’sirida axborot globallashuvi sharoitida sanoat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi omillari o‘zgarib, yangilari bilan to‘ldirilmoqda. Rivojlanishning ushbu bosqichida O‘zbekiston texnologik rivojlanish darajasiga va ishbilarmonlik amaliyotiga AKTni joriy etish bo‘yicha loyihalarni yaxshiroq rejalashtirishga bog‘liq ravishda ishlab
chiqarilgan samaradorlikni va boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarni amaliy
namoyish etish uchun yuqori salohiyatga ega. AKT sohasini ilg‘or
rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy
Majlisga yo‘llagan murojaatida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: “Raqamli
texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha
xarajatlarni kamaytiradi. Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga
soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini
yo‘qotishda ham ular samarali vositadir. Buni barchamiz teran anglab
olishimiz darkor. Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham
raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir
so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkin”1 Zamonaviy dunyoda raqamli texnologiyalar barcha sohalarda hal
qiluvchi rol o‘ynaydi. O‘tgan yillarda O‘zbekiston rahbariyati
tomonidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar allaqachon o‘z
samarasini bermoqda. Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati 200 Gbit/s. gacha yetkazildi. Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyati viloyat markazlari darajasida 2 barobarga, tuman markazlari darajasida esa 4 barobar oshdi.
Mobil aloqa tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha Respublika bo‘yicha 31,7 mingdan ortiq mobil aloqa baza stantsiyalari mavjud bo‘lib, aholi punktlarni mobil aloqa bilan qamrash darajasi 98 foizgacha oshirildi.
Internet bilan ta’minlash doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikada 10154 ta umumta’lim maktablari, 5725 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 3401 ta sog‘liqni saqlash obyektlari mavjud bo‘lib, joriy holatiga 9144 ta xalq ta’limi, 5725 ta maktabgacha ta’lim muassasalari va 3401 ta sog‘liqni saqlash obyektlariga jami 17660 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil etilgan va yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratilgan.
O‘tgan yilgi Davlat dasturida ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini tezkor internetga ulash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgandi. Boisi bu yosh avlodning zamonaviy bilim olishi,bemorlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.