[
OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.08.00.00 Atmosfera havosini muhofaza qilish qonunchiligi / 11.08.02.00 Atmosfera havosini muhofaza qilish borasidagi davlat boshqaruvi. Atmosfera havosi holati monitoringi. Atmosfera havosi holati yuzasidan kuzatuv xizmati. Atmosfera havosini nazorat qilish]
[
TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Atmosfera havosini muhofaza qilish]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida
“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini, Ozon qatlamini muhofaza qilish bo‘yicha Vena konvensiyasi majburiyatlarini bajarish, shuningdek, ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish chora-tadbirlarini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasida:
Vena Konvensiyasi bo‘yicha Monreal protokolining majburiyatlarini bajarish yuzasidan 2005 — 2019-yillar davrida ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanish miqdori 884 tonnadan 33 tonnagacha kamaytirilganligi;
Monreal protokolining A, V va E ro‘yxatlarida, shuningdek, S ro‘yxati II va III guruhlarida ko‘rsatilgan moddalarni
import qilish taqiqlanganligi;
ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha Global ekologik jamg‘arma, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit va Taraqqiyot dasturlari ko‘magida hamda mahalliy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan 2000 — 2018-yillar davomida respublikada 9,9 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilganligi;
2019 — 2024-yillarda samarali texnologiyalarni joriy etish orqali ozon qatlamini buzuvchi moddalarni butunlay iste’moldan chiqarish bo‘yicha 8,6 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan loyiha amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatishning asosiy maqsadlari va strategik yo‘nalishlari, chora-tadbirlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dastur (keyingi o‘rinlarda — Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq;
Milliy dasturni bajarishda davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, ozon qatlamini yemirish xususiyatiga ega bo‘lmagan samarali texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha
loyihalarni, shuningdek, targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish tadbirlaridan iborat Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dasturni amalga oshirishning “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda — “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi:
Milliy dasturni amalga oshirish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish;
ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha
majburiyatlarni bajarish;
ozon qatlamini buzuvchi moddalar va tarkibida ushbu moddalar mavjud bo‘lgan mahsulotlarning importi va eksportiga ruxsatnomalarni elektron ariza taqdim etilgandan so‘ng “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi, Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berish;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda ozon qatlamini buzuvchi moddalar va tarkibida ushbu moddalar mavjud bo‘lgan mahsulotlarning importi va eksporti
nazoratini olib borish, shuningdek, mahsulotlar miqdorini hisobga olish hamda ularning ma’lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishi uchun mas’ul organ etib belgilansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-yanvardagi 17-son qarori bilan tasdiqlangan Tarkibida ozonni buzuvchi moddalar bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasiga import va O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilish ruxsatnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan mahsulotlar turlari ro‘yxatiga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ba’zi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari orqali Milliy dastur va “Yo‘l xaritasi”ning maqsad va vazifalari hamda ularning amalga oshirilishi yuzasidan chiqishlar tashkil etilishini ta’minlasin.
7. Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi A.I. Maksudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-mart,
126-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-martdagi 126-son qaroriga
1-ILOVA
Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dastur
1-bob. Kirish
O‘zbekiston Respublikasi 1993-yildan buyon Ozon qatlamini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi (1985-yil) (keyingi o‘rinlarda — Vena konvensiyasi) va Ozon qatlamini buzuvchi moddalar bo‘yicha Monreal protokoli (1987-yil) (keyingi o‘rinlarda — Monreal protokoli) tomoni hisoblanadi. So‘nggi vaqtlarda Monreal protokoliga kiritilgan beshta tuzatishlardan O‘zbekiston to‘rttasiga (London, 1990-yil), (Kopengagen, 1992-yil), (Monreal, 1997-yil), (Pekin, 1999-yil) qo‘shilgan va ushbu xalqaro shartnomalar asosida ozon qatlamini yemiruvchi moddalar iste’moli talablarini to‘liq bajarib kelmoqda.
Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan (keyingi o‘rinlarda — OBM) foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha birinchi milliy dastur Vazirlar Mahkamasining “Ozon qatlamini himoya qilish sohasidagi shartnomalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2000-yil 24-yanvardagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan.
Dastur doirasida OBMdan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha Global ekologik jamg‘arma (keyingi o‘rinlarda — GEJ), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof muhit dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (keyingi o‘rinlarda — BMT TD) ko‘magida hamda mahalliy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan 2000-2018-yillar davomida respublikada 9,9 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirildi.
2019 — 2024-yillarda samarali texnologiyalarni joriy etish orqali gidroxlorftoruglerodni (keyingi o‘rinlarda — GXFU) butunlay iste’moldan chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat ekologiya qo‘mitasi), BMT TD va GEJ tomonidan 8,6 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan qo‘shma loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Yangi tahrirda qabul qilinayotgan Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha milliy dastur (keyingi o‘rinlarda — Milliy dastur) O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Monreal protokoli hamda ushbu
protokolga kiritilgan London, Kopengagen, Monreal va Pekin tuzatishlari doirasida qabul qilingan barcha majburiyatlarning bajarilishini qamrab oladi.
Xususan, Milliy dasturda mahalliy resurslardan foydalangan holda, OBM o‘rnini bosuvchi vositalardan foydalanishga o‘tish sohasida istiqbolli ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini
amalga tatbiq qilish, OBM va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlarning importi va eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirish, bojxona va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining mahsulotlar importi va eksportini nazorat qilish bo‘yicha bilimini va malakasini oshirish, GXFUdan qayta foydalanish tizimini mustahkamlash va ularning texnologiyalarini almashtirish sohasida ishlab chiqiladigan loyihalar natijadorligini keng omma e’tiboriga namoyish qilish nazarda tutilgan.
Milliy dastur o‘tgan davr mobaynida xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarida
OBMdan foydalanish, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ulardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan.
Shuningdek, Milliy dastur tashkiliy va strategik chora-tadbirlar, OBMdan foydalanishni to‘xtatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan xalqaro majburiyatlarning bajarilishini normativ tartibga solish va ozon qatlamiga salbiy ta’sir etmaydigan “toza” texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tish bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga olgan.
2-bob. Ozon qatlamini buzuvchi moddalardan foydalanishni to‘xtatish harakatlarining asosiy yo‘nalishlari