MAVZU: JAMIYAT HAYOTIDA URF ODATLAR, MILLATLARARO VA DINLARARO MUNOSABATLARNING O'RNI.
MUNDARIJA KIRISH I BOB. JAMIYAT HAYOTIDA URF ODATLAR VA ISLOM DININING MUNOSABATI 1.1. Jamiyat hayotida urf odatlar
1.2. Zamonaviy urf-odatlarga islom dinining munosabati
II BOB. O`ZBEKISTONDA MILLATLARARO TOTUVLIK, DINIY BAG`RIKENGLIK VA JAMIYAT TARAQQIYOTIDA TUTGAN O’RNI 2.1. O`zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglik
2.2. Diniy bag’rikenglikning jamiyat taraqqiyotida tutgan o’rni
XULOSA FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI
KIRISH Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar markazida, avvalo, inson manfaati, uning huquq va erkinliklarini ta'minlash maqsadi turadi. Fuqarolar manfaatlarini faqatgina tinchlik va osoyishtalik, o'zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yaratish orqali ta'minlash mumkin.
Bugun dunyo koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq inqirozga duch kelgan bir sharoitda ko'plab mintaqalarda millatlararo va konfessiyalararo ziddiyatlar kuchayayotganiga guvoh bo'lmoqdamiz. SHu bois, boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish uchun birdamlikni saqlash muhim ahamiyatga ega.
O'zbekistonda aholining ko'p millatli bo'lishiga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning qulay omili sifatida qaralmoqda. Ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni saqlash, dinlararo va millatlararo munosabatlarni uyg'unlashtirish hisobiga xalqaro maydonda O'zbekistonning obro'si oshib bormoqda.
Xususan, mamlakatimizdagi davlat ta'lim muassasalarida o'qitish etti tilda olib boriladi. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o'z ko'rsatuvlarini o'n ikki tilda namoyish etmoqda, o'ndan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi qoshida 138 ta milliy madaniy markaz, bundan tashqari, 16 ta konfessiyaga tegishli 2300 ga yaqin diniy tashkilot faoliyat yuritadi.
Bu borada yaxlit, chuqur o'ylangan siyosat va uni amalga oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilib, millatlararo va dinlararo totuvlikni qo'llab-quvvatlashga e'tibor qaratilmoqda. Bu islohot va o'zgarishlarning negizida konstitutsion huquq va kafolatlar yotganini alohida qayd etish lozim. SHundan kelib chiqib, bu borada quyidagi dalillarni keltirib o'tish zarur.
Mamlakatimiz hududida yashayotgan millatlar urf-odati hamda islom dinining madaniy va tsivilizatsion merosi, ma'naviy-falsafiy ahamiyatini chuqur o'rganish bo'yicha ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad — fundamental ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida diniy bag'rikenglik, millatlararo munosabatlarning tarixiy ildizlarini chuqur o'rganish va uni bugungi kun sharoitida rivojlantirishdan iborat.
SHu bilan birga, tegishli oliy ta'lim muassasalarida sifatli diniy ta'lim olish imkoniyati kengaymoqda. O'rta, oliy diniy ta'lim, magistratura, boshlang'ich doktorantura va doktoranturani o'z ichiga olgan diniy ta'limning besh bosqichli tizimi shakllantirildi. Islomiy ta'lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotasi ikki baravar oshirildi. SHuningdek, Toshkent pravoslav seminariyasi va Toshkent xristian seminariyasi o'quv dargohlari ham o'z faoliyatini davom ettirmoqda.
Millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash O'zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida muhim o'rin egallay boshladi. Hukumat xalqaro tashkilotlar hamda ushbu sohadagi mutaxassislar bilan konstruktiv muloqot va hamkorlik o'rnatishga alohida e'tibor qaratmoqda.