Kirish 2
I-Bob. Somoniylar davlatining tashkil topishi va siyosiy-iqtisodiy hayoti 5
I.1. Movaraunnahr va Xurosonda Somoniylar davlatining tashkil topishi. 5
I.2. Somoniylar davrida davlat boshqaruvi va yer egaligi tizimi. 12
II-BOB. Somoniylar davlatida ilm-fan va madaniy hayoti 18
II.1. Somoniylar davlatida ilm-fan, madaniy hayot va din 18
II.2. Somoniylar davrida din 23
Xulosa 28
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: 30
Kirish
Mavzuning dolzarbligi: Somoniylar davlati arab xalifaligi istibdodidan so’ng mustaqillikni qo’lga kiritgan Movarounnahr tarixi hisoblanadi. Ushbu bitiruv malakaviy ishida mustaqil Somoniylar davlatining tashkil topishi, davlatning ichki va tashqi siyosati manbalar asosida tahlil qilingan. Asosiy yozma manba sifatida Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi”dan foydalanildi. Bundan tashqari Respublikamizning qator tarixchi professor olimlarining Somoniylar davri tarixiga oid monografiya va ilmiy asarlaridan foydalanildi.
Ismoil Somoniy o’rta asrlarning qobiliyatli, serg’ayrat va nihoyatda zukko davlat arbobi edi. U Movarounnahrni birlashtirgach, markazlashgan mustahkam davlatni tuzishga intiladi. U o’z vatanida barqaror tinchlikni ta’minlab, uni mustahkamlashda hukmronlik qobiliyatining hamma nozik hususiyatlarini ishga soladi. Avvalo katta qo’shin to’plab, ko’chmanchilar dashtiga askar tortadi. 893 yilda Taroz shahrini fath etib, dashtliklarga qaqshatkich zarba beradi. Bu somoniylar davrida ko’chmanchilarga qarshi qilingan oxirgi katta yurish bo’ldi. Natijada dashtlik qabilalarning Movarounnahr viloyatlariga bo’lgan uzluksiz bosqinlari barham topib, o’troq aholi endilikda vohalar atrofi bo’ylab yuzlab kilometrga cho’zilgan mudofaa devorlari-yu, son-sanoqsiz qal’alarni bino qilish va ularni muttasil ta’mirlab turishdek og’ir va mashaqqatli mehnatdan, tashvidan forig’ bo’ladi. Xuddi shu davrdan boshlab, 300 km dan oshiqroq masofada Buxoro vohasining girdini o’rab turgan qadimiy mudofaa inshooti «Kampirak» devorining har yilgi odatiy hashari ham to’xtatilib, u qarovsiz qoldirilgan. Narshaxiyning yozishicha, Amir Ismoil o’zining kuchli qo’shinlarini nazarda tutib, «Toki men tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men bo’laman», deb aytgan ekan1.
Movarounnahr aholisining mustaqillikka erishib, bu diyorda Somoniylar davlatining tobora kuchayib borishi shubhasiz sharqiy viloyatlardan muttasil o’ndirilib olinadigan katta boyliklardan mahrum bo’lgan Arab xalifaligini, bir tomondan, nihoyatda ranjitsa, ikkinchi tomondan, cho’chitar ham edi. Shu boisdan xalifalik safforiylar bilan somoniylarni to’qnashtirishga va bu yosh ikki davlatning har ikkisini zaiflashtirib, boy viloyatlarda ma’lum darajada o’z ta’sirini qayta tiklashga harakat qiladi. 900 yilda ular o’rtasida boshlanib ketgan urush Ismoilning g’alabasi bilan tugaydi. Butun Xuroson somoniylar qo’l ostiga o’tadi. Noilojlikdan xalifa Ismoilning bunday o’lkan davlatini tan olishga, unga hukmdorlik yorlig’ini yuborishga majbur bo’ladi. Shunday qilib, IX asr oxirlarida Movarounnahr Arab xalifaligi istibdodidan abadiy xalos bo’ladi. Ismoil Somoniy butun Movarounnahrni o’z qo’li ostida kuchli bir davlat qilib birlashtiradi, Xurosonda tashkil topgan Safforiylar davlatiga barham beradi va uni o’z davlatiga qo’shib oladi. Natijada poytaxti Buxoro shahri bo’lgan zamonasining eng yirik mustaqil o’rta asrlar davlati tashkil topadi. Bu davlatni somoniylar xonadonidan bulgan hukmdorlar — amirlar X asr oxirlarigacha idora qiladilar.