Badiiy matnning fonetik-fonologik xususiyatlari
Reja:
Badiiy matnning fonetik-grafik vositalari.
Badiiy matn tarkibida unli va undosh tovushlar o`rni.
Badiiy matnda geminatsiya holati.
Tayanch va tushunchalar: Fonetik-fonologik vositalar, alleteratsiya, assonans, germinatsiya.
Badiiy matnni tahlil qilish jarayonida fonetik birliklarning estetik xususiyatlariga ham alohida e’tiborni qaratish zarur. She’riy matnda nutq tovushlarining estetik imkoniyatlari tez va qulay idrok etiladi. Chunki she’rda о‘ziga xos jozibador ohang bо‘ladi. Bu ohangdorlikka tovushlarni uslubiy qо‘llash natijasida erishiladi. She’riyatda asosan, alliteratsiya (undoshlar takrori), assonans (unlilar takrori), geminatsiya (undoshlarni qavatlash) kabi fonetik usullardan foydalaniladi. Nasrda unlilarni chо‘zish, undoshlarni qavatlash, tovushlarni takrorlash, sо‘zlarni notо‘g‘ri talaffuz qilish, tovush orttirish yoki tovush tushirish kabi fonetik usullar yordamida ekspressivlik ta’minlanadi. Tovushlarni uslubiy qо‘llash bilan bog‘liq qonuniyatlarni yozuvda «aynan» ifodalash imkoniyati cheklangan. Biroq, talaffuz va bayon muvofiqligiga fonografik vositalar yordamida erishish mumkin. Aflotun va Arastu yashagan zamonlardayoq sо‘zning talaffuz tarzi va uni aynan yozuvga kо‘chirish muammosi mutafakkirlar e’tiborini о‘ziga jalb qilgan edi. Hatto bu notiqlik san’ati bilan bog‘liq bо‘lmagan ravishda, sо‘zning, sо‘zdagi harflarning talaffuzi bilan bog‘liq ohanglar garmoniyasi buyuk faylasuflarga ilhom manbai bо‘lgan edi. Ular sо‘z tarkibiga singib о‘ziga xos ma’no va ohang kasb etib ulgurmagan tovushlarga ham о‘zgacha mazmun berishga intilishgan edi. Masalan, «r» – tezlikning, shiddatning ramzi, «l» - viqorning, silliqlikning, yaltiroqlikning ifodachisi, «i» - torning, «a» - kattaning, «e» - abadiyatning belgisi sifatida talqin qilingan. Keyinroq tovushlar tabiati bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar «u», «d», «r» tovushlari dahshatni yodga solishi, «i» xursandchilikning, «m», «n», «l» tovushlari nazokatning sirli ramzlari ekanligi haqidagi mulohazalarini bayon qilishgan.1
Badiiy asarlarda ruhiy holatni yozuvda ifodalash о‘ziga xos murakkablikni yuzaga chiqaradi. Qahramonlar ruhiyatidagi ichki hayajon, xursand bо‘lish, xafa bо‘lish, rozilik, taajjub, yalinish, hayratlanish, kinoya, piching, kesatiq, olqish, sо‘roq, ta’kid, qoniqmaslik, norizolik, tilak-istak, qо‘llab-quvvatlash kabi holatlarni aynan berishda yozuvchilar unli yoki undoshlarni birdan ortiq yozish usuli – fonografik vositalardan foydalanadilar. Masalan:
1.Unlilarni birdan ortiq yozish. Bunda unlini chо‘zib talaffuz qilinganligi tushuniladi. Unlini chо‘zib talaffuz qilish orqali qahramonning voqelikka munosabati oydinlashtiriladi. Ilmiy adabiyotlarda mazkur usul orqali belgining meyordan kuchsiz yoki ortiq ekanligini ifodalashda foydalanilishi ta’kidlanadi.2 Masalan, belgining kuchsizligi: Ortiq jizzaki kо‘rinmaslik uchun bos-i-iq tovush bilan dedi... (P.Qodirov). Belgining ortiqligi: Uzo-oq yо‘l, ahyo-onda bir keladi, qato-or imoratlar, о‘yla-ab tursam, о‘g‘lim, dunyoni ishi qiziq.(A.Muxtor) «Sharq» sahnasi bilan «Turon»ning tо‘rtta karnayi: g‘o-o-o-o-ot, g‘o-o-otu-u-u g‘o-o-o-ot! G‘ort-g‘ort-g‘ort! Ha, tovushing о‘chkur, ha, egasiz qolg‘ur!! (A.Qodiriy)
- Qadrlasangiz, qani, siz ham bir duo bering,-dedi muallim. – Bi-ir tomosha qilib, gullar terib kakliklaringizni sayrashini eshitib ketaylik.
Shuningdek, badiiy matnda unlilarni birdan ortiq yozish usulidan qahramonning biror nimadan hayratlanishi, taajjubga tushishi kabi holatlarini ifodalashda foydalaniladi. Masalan:
- Marhamat... О‘-о‘, kaklikning sayrashini dedingizmi? – Uning manglayi tirishib va g‘ijinib davom etdi: - Biz ham sizga qо‘shilib eshitar ekanmiz-da? (SH. Xolmirzayev)
- О‘-о‘о‘, okaxon, tuda-suda tо‘laysiz-da. (SH. Xolmirzayev)
-A-a-a, о‘sha sizmidingiz, buni qarang-a, tanimapman. Uyimizga yana bir kelgan ekansiz. Yо‘qligimni qarang-a.(S.Ahmad)
Men о‘zimning odmi plashimni ham devordan daromad qilib yasalgan shifonerga ildim. – O-o! – deb yana о‘zi ichkariga yо‘l tortdi Tavakkal.- Yaxshi-ii... A, Gulsara? Bir kishiga bо‘ladi-da! (SH. Xolmirzayev)
Mazkur fonografik usuldan badiiy matnda xitob, chaqirish, da’vat, tinglovchi e’tiborini jalb qilish kabi maqsadlarda ham foydalanilishini kuzatish mumkin. Masalan, chaqirish:
Ziyodni onasi paxtazor qarab-paxtazor qarab chaqiradi:
-Ziyod-u-u-u!
Men Ziyodni onasi qо‘lidan tortib-tortib yig‘lab qо‘yaberaman.
Yuring ketamiz, momo! – deydi . – Yuring ketamiz, hozir samolyot keladi!
Ziyodni onasi gapimni korlamaydi. Entikib-entikib chaqiradi:
-Ziyod-u-u-u!
Ziyodni onasi о‘pkasi tо‘lib-tо‘lib chaqiradi:
-Ziyod-u-u-u! (T.Murod)3
2.Undoshlarni birdan ortiq yozish. Aslida orfoepik meyor bо‘yicha bir undosh talaffuz qilinishi kerak bо‘lgan sо‘zlar muayyan vaziyatlarda ekspressiya va estetik maqsad talabi bilan atayin qavatlab talaffuz qilinadi. Sо‘zlovchining ichki ruhiyati (siqilish, xursandlik kabilar) va maqsadini kitobxonga «aynan» yetkazish uchun yozuvchilar badiiy matnda bu holatni undoshlarni birdan ortiq yozish orqali ifodalashga harakat qiladilar. Bunda belgining meyordan ortiqligi, harakatning davomiyligi yoki oniyligi (bir onda rо‘y berganligi), takroriyligi, tovush kuchining balandligi yoki pastligi kabi ma’nolar ifodalangan bо‘ladi. Masalan, belgining ortiqligi: Ayyorlikda uchchiga chiqqanman deb maqtansam yolg‘on emas (Oybek). О‘zim shu baytni yakkaxonlik qilmoqdaman: Dardi yо‘q - kessak, Ishqi yо‘q - eshshak! (A.Qodiriy)4
Dostları ilə paylaş: |