26-modda. Markaziy bankning pul-kredit siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish Markaziy bank narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadidan kelib chiqqan holda quyidagi chora-tadbirlar vositasida pul-kredit siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi:
makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, shu jumladan inflatsiya ko‘rsatkichlari prognozlarini shakllantirish, shuningdek uning maqsadli ko‘rsatkichini belgilash;
kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish;
pul-kredit ko‘rsatkichlarining maqsadli mo‘ljallarini belgilash;
qayta moliyalashtirish stavkasini va (yoki) asosiy stavkani, shuningdek Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarini belgilash;
LexUZ sharhi Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklariga qayta moliyalash kreditlarini berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 2201, 23.02.2011-y.). Markaziy bankda banklarning majburiy zaxiralariga doir normativlarni, shuningdek majburiy zaxiralar summasiga nisbatan o‘rtachalash koeffitsiyentini belgilash;
pul bozorida likvidlilikni taqdim etish va uni olib qo‘yish bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazish;
ichki valyuta bozorida intervensiyalarni amalga oshirish;
Markaziy bankning kommunikatsiya siyosatini o‘tkazish.
27-modda. Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari Markaziy bank har yili keyingi moliya yili boshlanishidan kamida o‘ttiz kun oldin kelgusi yil uchun pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini bu haqda xabardor etadi.
Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagi axborotni:
o‘tkazilayotgan pul-kredit siyosatining asosiy prinsiplarini;
iqtisodiyotning o‘tgan davrdagi rivojlanish sharhini;
iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollarini, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini, shu jumladan inflatsiya, to‘lov balansi va pul-kredit ko‘rsatkichlarining prognozini;
kelgusi yil uchun inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarini, pul-kredit siyosatining asosiy parametrlari va pul-kredit siyosati bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni, shuningdek pul-kredit siyosatining maqsadlariga erishish tavakkalchiliklari tahlilini o‘z ichiga oladi.
Markaziy bank o‘z rasmiy veb-saytida:
har yili — pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini;
har chorakda — pul-kredit siyosatining sharhlarini;
har oyda — pul-kredit siyosatining asosiy ko‘rsatkichlarini, shu jumladan pul massasining dinamikasi va tarkibini, bank tizimiga doir statistik ma’lumotlarni, Markaziy bankning operatsiyalari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni e’lon qiladi.
Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga pul-kredit siyosati va bank sektorining holati to‘g‘risidagi har choraklik axborotni taqdim etadi.