28-modda. Pul-kredit ko‘rsatkichlarining maqsadli mo‘ljallari Markaziy bank inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, bir yoki bir nechta pul-kredit ko‘rsatkichlari o‘zgarishining maqsadli mo‘ljallarini belgilashi mumkin.
29-modda. Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bank har xil turdagi pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha bir yoki bir nechta foiz stavkasini belgilashi mumkin.
Markaziy bank amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati doirasida bozor foiz stavkalari darajasiga ta’sir ko‘rsatish uchun foiz siyosatini qo‘llaydi.
Markaziy bank pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarini o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
30-modda. Majburiy zaxira talablari Pul-kredit siyosatini amalga oshirish doirasida Markaziy bank banklar jalb qilgan majburiyatlar ostida banklar tomonidan Markaziy bankda deponentga o‘tkaziladigan majburiy zaxiralarning normativlarini belgilaydi.
Markaziy bank majburiy zaxira talablarining miqdorini, banklarning zaxiralar deponentga o‘tkaziladigan majburiyatlari tarkibini, hisob-kitob qilish va zaxiralash tartibini, shuningdek majburiy zaxiralarni o‘rtachalash koeffitsiyentini tasdiqlaydi.
Majburiy zaxiralarning normativlari barcha banklar uchun bir xildir.
Majburiy zaxiralar banklarning Markaziy bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi mablag‘larini deponentga o‘tkazish yo‘li bilan va (yoki) Markaziy bankda ochilgan vakillik hisobvarag‘ida majburiy zaxiralarni o‘rtachalash koeffitsiyenti miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblangan majburiy zaxiralarning o‘rtachalashtirilgan miqdorini saqlab turish yo‘li bilan ushlab turiladi.
Majburiy zaxiralarni o‘rtachalash koeffitsiyenti qiymati 0 dan 1 gacha oraliqda bo‘lgan son bilan ifodalangan ko‘paytiruvchidan iboratdir.
Minimal zaxira talablari normativlarining o‘zgarishi bunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kamida bir oydan so‘ng amalga kiritiladi.
Undiruvni Markaziy bankdagi hisobvaraqlarda banklar tomonidan deponentga o‘tkazilgan majburiy zaxiralarga qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.