34-modda. Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari Bozorning foiz stavkalari va bank tizimidagi likvidlilik darajasiga ta’sir ko‘rsatish maqsadida Markaziy bank ochiq bozorda:
O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlarini, shuningdek Markaziy bankning o‘zi chiqargan obligatsiyalar tarzidagi qarz majburiyatlarini;
Markaziy bankning qaroriga ko‘ra boshqa qimmatli qog‘ozlarni sotib olishi va sotishi mumkin.
Markaziy bank Davlat budjetini moliyalashtirish uchun ochiq bozordagi operatsiyalardan foydalanishga, O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari birlamchi joylashtirilganda ularni sotib olishga haqli emas.
Markaziy bankning ochiq bozordagi operatsiyalari limiti Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qarang: “O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlari bilan REPO bitimlarini tuzish va ijro etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (ro‘yxat raqami 1829, 18.06.2008-y.). 35-modda. Markaziy bankning obligatsiyalari Markaziy bank faqat pul-kredit siyosatini amalga oshirish maqsadida obligatsiyalar emissiyasini amalga oshiradi.
Obligatsiyalarning emissiyasi, joylashtirilishi, muomalada bo‘lishi hamda muomaladan chiqarilishi tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
36-modda. Ichki valyuta bozoridagi valyuta intervensiyalari Markaziy bankning valyuta intervensiyalari pulga bo‘lgan umumiy talab va taklifga ta’sir ko‘rsatish, shuningdek so‘m kursining ortiqcha o‘zgarishlarini yumshatish uchun ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish-sotish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
37-modda. Markaziy bankning pul bozoridagi ishtiroki Pul bozori milliy va chet el valyutalaridagi pul mablag‘larini joylashtirish hamda jalb etish bo‘yicha (birjada va birjadan tashqari) savdolarni tashkil etish hamda amalga oshirish tizimidir.
Markaziy bank pul bozoridagi o‘z operatsiyalarining hajmlarini, turlarini va o‘tkaziladigan joyini belgilaydi.