8-bob. Markaziy bankning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan munosabatlari 51-modda. Markaziy bankning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan hamkorligi Markaziy bank hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati pul-kredit va soliq-budjet siyosati sohasida hamkorlik qiladi.
Markaziy bank va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining iqtisodiy siyosat uchun ahamiyatga ega bo‘lgan mo‘ljallanilayotgan harakatlar hamda erishilgan natijalar to‘g‘risida bir-birini xabardor qilishi va muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazishi shart.
Markaziy bank o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining iqtisodiy siyosati amalga oshirilishiga, uning asosiy maqsadlariga ziyon yetkazmagan holda, ko‘maklashadi.
Markaziy bank va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tizimli moliyaviy tanazzul vujudga kelishining oldini olish va uning oqibatlarini kamaytirish maqsadida moliyaviy barqarorlik uchun tavakkalchilik omillarini birgalikda baholash, kelishilgan qarorlar majmuini ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish orqali moliyaviy tizim barqarorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi.
52-modda. Davlat sektoriga mablag‘ jalb qilish masalalaridagi maslahatlashuvlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kelgusi moliya yilida kreditlashning ichki va tashqi manbalaridan mablag‘ jalb qilish, shu jumladan ushbu mablag‘ni jalb qilish doirasida to‘lanadigan summalarni berish masalalari, shuningdek kreditlar berishning taklif etilayotgan muddatlari hamda shartlari yuzasidan Markaziy bank bilan maslahatlashadi. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi va uning davlat organlari olayotgan barcha qarzlar hamda kreditlar to‘g‘risida Markaziy bankka xabar beradi.
LexUZ sharhi Shuningdek, qarang O‘zbekiston Respublikasining “Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasi. 53-modda. Depozitariy vazifalari Markaziy bank O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining, shuningdek boshqa davlat organlarining pul mablag‘larini va valyuta qimmatliklarini depozitga qabul qilishi mumkin. Markaziy bank depozitariy sifatida pul mablag‘larini oladi va beradi, ularning hisobini yuritadi. Markaziy bank ko‘rsatib o‘tilgan depozitlar bo‘yicha foizlar to‘lashi mumkin.