Ekologiyaning predmeti, maqsadi va vazifasi. Autekologiya va sinekologiya.
Ekologiya yunoncha "oikos" (eykos) – yashash joyi, makon va «logos» – fan, soʻzidan olingan boʻlib, tirik organizmlarning tevarak atrofdagi muhit bilan oʻzaro munosabatini oʻrganadigan biologik fan hisoblanadi. Ekologiya muhit omillarining oʻsimlik va hayvonlar organizmiga taʼsirini, organizm va populyatsiyaning muhit omillariga koʻrsatadigan reaksiyalarini, populyatsiyalar soni va tizimini bir xil saqlovchi mexanizmlarni (jarayonlarni), tabiiy guruhlarning biologik mahsuldorligini, biogeotsenozlar yoki ekosistemalarning harakatlanish qonuniyatlarini va biosferani oʻrganadi. Tirik tabiat qanday tuzilgan, qaysi qonunlar asosida mavjud va rivojlanadi, u inson taʼsiriga qanday javob beradi, bularning barchasi ekologiyaning predmetidir.
Inson borki, hayot uchun kurashadi, tabiatning barcha injiqliklariga moslashishga intiladi, har bir kishi tabiat inʼomlaridan foydalanadi, quradi, bunyod etadi. Odatda inson biror maqsadni koʻzlab tabiatning muayyan bir sohasida ijobiy yoki koʻpincha salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Kishilar oʻzlari uchun istiqomat joylari barpo etar ekanlar, buni atrof-muhitning oʻsimlik va hayvonot dunyosiga qandaydir salbiy taʼsiri boʻladi, natijada tabiat kambagʻallashib boradi. Inson qurilish materiallari sifatida tabiiy oʻrmonlarni keragidan ortiqcha kesadi, demak oʻsimlik dunyosi qisqarib, u oʻz navbatida atmosfera havosini musaffo boʻlishiga raxna tugʻdiradi, tuproq eroziyaga uchraydi, yer osti suvlari kamaya boradi, koʻchkilar paydo boʻlib, sel natijasida jarliklar hosil boʻlishi mumkin. Bu lavha insonning tabiatga koʻrsatgan taʼsiridan bir parcha xolos. Tabiatga nisbatan koʻr-koʻrona yondashish, uning ehsonlaridan ayovsiz foydalanish pirovardida ogʻir asorat qoldirishi mumkin.
Bizni oʻrab turgan butun tabiat, borliq, ming yillar mobaynida shunday bir muvozanatga kelganki, uning bir boʻlagiga yetkazilgan ozor boshqa boʻlaklariga ham salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Tabiatga taʼsir etishda baʼzi jiddiy xatolarga yoʻl qoʻyilishi mumkin ekanligini Orol fojiasi misolida yaqqol koʻrsatish mumkin.
Hozirgi zamon ekologiyasi odam va biosfera oʻrtasidagi oʻzaro munosabat masalalarini jadal oʻrganmoqda.
Hozirgi zamon ekologiyasining yana muhim vazifalaridan biri bu biologik resurslardan oqilona foydalanish, odam faoliyati taʼsirida tabiat oʻzgarishlarini oldindan koʻra bilish, tabiatda kechayotgan jarayonlarni boshqarish yoʻllarini oʻrganish, zararkunandalarga qarshi kurashning zararsiz va samarador usullarini yaratish, sanoat korxonalarida chiqindisiz texnologiyani ishlab chiqish va joriy etish.
Ekologiya umumiy va xususiy yoki tarmoqli boʻladi. Umumiy ekologiya yoki sinekologiya har xil sistemalar (populyatsiyalar, jamoalar va ekosistemalar) ning tuzilishini, xossalarini hamda ularning funksional prinsiplarini, xususiy ekologiya yoki autekologiya esa ayrim turlarning ular yashab turgan muhit bilan oʻzaro munosabatini, turlarning muhitga koʻproq va uzviy moslashganligini oʻrganadi. Xususiy ekologiya – oʻsimlik va hayvonlar ekologiyasidan iborat.
Bugungi kunda ekologiya sof biologik fanlar tizimidan chiqib, mazmuni kengayib bormoqda. Atrof-muhitga zamonaviy fan va texnika taraqqiyotining taʼsiri natijasida ekologiya tushunchasi oʻta kengayib ketdi. Inson ekologiyasi degan tushuncha paydo boʻldi.
Inson ekologiyasi yangi fan sifatida 1921 yil Amerikalik olimlar Borjes va Park tomonidan kiritildi. Inson ekologiyasi insonning atrof-muhitga va aksincha, atrof-muhitning insonga koʻrsatayotgan taʼsirini oʻrgatadi. Insonning tabiatga koʻrsatayotgan taʼsir doirasi beqiyosdir, chunki hozirgi kunda insonning tabiatga nisbatan oʻtkazayotgan salbiy taʼsirlari natijasida unumdor yerlar eroziyaga uchrab unumsiz yerlarga aylanmoqda, dasht ekosistemasi degan tabiiy ekosistemalar deyarli yoʻqolib bormoqda, inson qoʻli tegmagan oʻrmonlar ham juda kam qolgan. Yer yuzi quruqligidagi oʻrmonlar maydoni 75 % dan 25 % gacha kamaygan.
Agar yashil oʻsimliklar maydoni kengaytirilmasa, gidroenergiya va atom energiyasidan keng foydalanishga oʻtilmasa, yana 100 yildan soʻng atmosferada kislorod kamayib, karbonat angidrit miqdori koʻpayib kishi organizmining yashashi uchun xavf tugʻdiradi.
Qurgʻoqchil mintaqalarda kishilarning xoʻjalikdan notoʻgʻri foydalanishi natijasida qayta choʻllanish hodisasi yil sayin kuchayib bormoqda. Hozir Yer kurrasi boʻyicha choʻllashgan maydonlar 30 mln km2 ga yetgan boʻlib, bu sayyoramiz quruqlik maydonining 20 % ni egallaydi.
Fan va texnika taraqqiy etgan sari insonning tabiatga taʼsir etish yoʻllari va shakllari koʻpayib, ular tabiatda boʻladigan miqdor oʻzgarishgagina emas, balki sifat oʻzgarishlarga ham olib keladi.
Ekologiya tabiat bilan tirik organizmlarning uzviy bogʻlanishini ifoda etar ekan, u shubhasiz tabiatni muhofaza qilishning ilmiy asosini tashkil etadi.