Mantiqiy bilish insonning predmet-hodisalarni tafakkur orqali umumlashtirib,
mavhumlashtirib va konkretlashtirib, fikrda bilishidir.
Intuitiv bilish hech bir bevosita hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror yangi
tasavvur yoki fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir.
Intuitiv bilish odatda, kishi biror narsa yoki hodisa haqida muayyan tasavvur va
bilimlarga ega, uning fikri ma’lum muammo yoki masalani yechishga yo‘naltirilgan asnosida
ro‘y beradi. Fanda uzoq davr intuitiv bilishning mexanizmi ma’lum bo‘lmay kelgani sababli u
haqida har xil qarash, yondashuvlar paydo bo‘ldi. Ba’zilar fikricha, intuitiv bilish ilohiy, faqat
buyuk kishilarga xos.
Boshqalar esa, intuitiv bilish faqat ijodiy jarayon, ya’ni ilmiy kashfiyot, ixtirolar va
badiiy ijod jarayoniga xos, deydilar. Ular nazdida, intuitiv bilish ijodiy jarayonda eski fikrdan
yangi fikrga o‘tish, ya’ni sakrashdan iborat. Ayrim tadqiqotchilar fikricha, intuitiv bilish – badiiy
ijod bilan bog‘liq, yangi g‘oyaning tug‘ilishi. Haqiqatan ham, tadqiqotchi yoki ijodkor fikri-zikri
biror narsa bilan qattiq band bo‘lgan paytda, uning miyasiga hech kutilmaganda yangi bir fikr
yoki g‘oya to‘satdan kelib qolishi mumkin.
Tadqiqotlarga ko‘ra, intuitiv bilishning paydo bo‘lishi inson miyasining ongsiz yoki ong
osti faoliyati, hissiy va mantiqiy bilishlar bilan bog‘liqligi sababli uning bevosita sezish, bevosita
his qilish, bevosita idrok qilish kabi shakllari mavjud. Ammo intuitiv bilish kishining oldingi
tajriba, ko‘nikma, malaka va erishgan bilimlariga asoslangan holda yuzaga keladi.
Intuitiv bilish, aslida insonning oddiy kundalik amaliy bilish faoliyatiga ham xos.
Topishmoqlarga berilgan javoblar, shaxmat o‘yini, krossvord yechish misol bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |