Mutlaq haqiqat – borliqdagi predmet-hodisalar haqidagi har tomonlama to‘liq, aniq,
mukammal, kelgusida tuzatilmaydigan, to‘ldirilmaydigan bilimlar. U cheksiz nisbiy haqiqatlar
jami sifatida qaror topadi. Inson bilishi hech qachon mutlaq haqiqatga to‘liq ega bo‘lmaydi, balki
unga cheksiz yaqinlashib boradi.
Ilm-fan taraqqiyotida har bir yangi bosqich nisbiy haqiqatlar sifatida mutlaq haqiqatning
mazmuniga yangi-yangi zarralar qo‘shib boradi.
Haqiqat mavhum emas, balki u makon va zamon bilan bog‘liq aniq bilimlardir.
Bilish nazariyasining nisbiy va mutlaq haqiqatlar dialektikasini to‘g‘ri hisobga olmaslik
dogmatizm va relyativizmga olib keladi.
Dogmatizm bilishda bilimlarning mutlaq tomonlarini bo‘rttirib, ularning nisbiy
tomonlarini inkor etish, u yoki bu qoidani aniq sharoit, joy va vaqt bilan bog‘lanmagan holda har
qanday sharoitda qo‘llash natijasi.
Relyativizm bilimlarning nisbiy tomonlarini mutlaqlashtirib, mutlaq haqiqatni butunlay
inkor qilish tufayli kelib chiqadi. U agnostitsizm, skeptitsizm yoki sub’ektivizmga olib boradi.
Inson bilishi nisbiy haqiqatdan mutlaq haqiqatga tomon rivojlanib boradi. U nisbiy va mutlaq
haqiqatlar birligidan iborat.
Inson qadimdan o‘z bilimlarining haqiqatligi, xatodan farqini ajratuvchi mezonni
topishga harakat qilib kelgan. Formal mantiq mezoniga ko‘ra, bilim haqiqat bo‘lishi uchun uni
ifodalovchi fikr ikkinchi fikrga muvofiq yoki u boshqa bilimdan zaruran kelib chiqishi lozim.
Ob’ektiv idealistlar haqiqatning mezoni, deb mutlaq g‘oyaning o‘z-o‘ziga mos kelishini
tushunadilar. Sub’ektiv idealistlar esa, sub’ektning o‘zi yoki uning tafakkuri,, deyishadi.
Materialistlar, amaliy faoliyatni oladilar. Ular nazariyasida amaliyot inson bilimlarining to‘g‘ri
yoki xatoligini aniqlovchi mezondir.
XX asr nepozitivizm oqimi vakillari kogerensiya prinsipi bo‘yicha: haqiqatning mezoni –
bilimning o‘z-o‘ziga mos kelishini tushunadilar. Nepozitivizmning boshqa guruhi vakillari
verifikatsiya prinsipini ilgari suradilar: bilimlarni hissiy tajriba, kuzatish, eksperiment yo‘llari
bilan tekshirish mumkin. Biroq fanlarda ba’zi g‘oyalar va qarashlarning haqiqatligini hissiy
tajribalar asosida tekshirib bo‘lmaydi.
Pragmatizm oqimi vakillari fikricha, har qanday ish va bilimning haqiqatlik mezoni
uning insonga keltiradigan foydasi bo‘lishi kerak.
Ekzistensializm falsafasi vakillari qarashlariga ko‘ra, haqiqatlik mezoni – har bir
kishining o‘z ehtiyoji, maqsad va manfaatlaridir. Hech qachon ikki kishining ehtiyoji, intilishlari
bir-biriga to‘la mos kelmaydi. Shuning uchun haqiqatning barchaga baravar mezoni bo‘lishi
mumkin emas.
Inson bilimlarining haqiqat yoki xatoligi amaliy faoliyatda ma’lum bo‘ladi. Amaliyot
bilimning haqiqatligini tasdiqlaydi yoki uning cheklangan, bir tomonlama, xato, hatto, g‘ayri
ilmiyligini aniqlab beradi. Ammo amaliyot ham inson bilimlarining haqiqatlik mezoni sifatida
mutlaq emas. Buning boisi: inson bilimlarining haqiqat yoki xatoligi amaliyotda tasdiqlanishi
aslo to‘liq bo‘lmaydi. Barcha davrlarda hali haqiqat yoki xatoligi to‘la aniqlanmagan ko‘p
muammo va gipotezalar mavjud, ular kelgusi avlodlar tomonidan tuzatilib, to‘ldirilib, hal qilinib
boriladi.
Dostları ilə paylaş: |