falsafiy, badiiy-estetik bilish kabi turlarga ajratish mumkin. Bilishning bu turlari inson bilish
sohalarining turli tomonlarini tashkil qiladi. Falsafada muhim bir bo‘lim ajratilgan falsafiy bilish
bilishning umumiy tabiati va mohiyati, sub’ektiv va ob’ektiv munosabati, bilishdan amaliyotning
roli, bilish jarayonining dialektik xarakteri, bilishda haqiqat muammosi kabi masalalar bilan
shug‘ullanadi.
Inson bilishi dialektik xarakterga ega: u bilmaslikdan bilishga, aniq bo‘lmagan, qisman
bilishdan aniqroq, to‘liqroq, oddiydan murakkab ilmiy, hissiydan aqliy bilishga, jonli
mushohadalardan abstrakt tafakkurga tomon va aksincha boradigan jarayondir. Hissiy va aqliy
bilish yaxlit inson bilishining bir-birlari bilan chambarchas bog‘liq ikki: «quyi» va «yuqori»
bosqichlaridir.
Hissiy bilish – inson bilishining dastlabki bosqichi. Miyada predmet-hodisalarning tashqi
tomon, belgilari aks etib, signal va hissiy obrazlari hosil bo‘ladi. U his qilish, sezgi, idrok va
tasavvur kabi shakllarda sodir bo‘ladi.
His qilish – kishi o‘zi, atrofdagi narsa, hodisa, kishi yoki kishilarga munosabatida
o‘zining muayyan holatga kirishi.
Sezgi esa inson sezgi a’zolariga predmet-hodisalarning bevosita yoki bilvosita ta’siri
natijasida yuzaga keladigan hissiy obrazlardir. Sezgi a’zolari: ko‘rish, ta’m, hid, teri va eshitish
sezgisi.
Idrok borliqdagi predmet-hodisalarni yaxlit holda, ularning hamma asosiy tashqi belgi va
xususiyatlarini umumlashtirgan holda in’ikos ettiruvchi hissiy obrazidir.
Tasavvur – ilgari idrok etilgan, ammo ayni vaqtda bevosita idrok etilmayotgan predmet-
hodisalarning inson miyasidagi qayta ishlanib, tiklangan hissiy obrazdir. Masalan,
O‘zbekistonning mavjud imkoniyat, shart-sharoitlaridan uning kelajakda rivojlangan
mamlakatlar safidan o‘rin olib, buyuk davlat bo‘lishini tasavvur qilish mumkin.
Aqliy bilish esa inson bilishning yuqori bosqichi, unda hissiy bilish orqali olingan fakt
va ma’lumotlar tafakkurda qayta ishlash natijasida, borliqdagi predmet-hodisalarning fikriy
belgi, simvol va obrazlari yaratiladi. O‘zgacha aytganda, predmet-hodisalarning mohiyati
bilinadi. Aqliy bilishning tafakkur hosil qilgan shakllari: hukm, tushuncha, xulosa chiqarish.
Hukm – borliqdagi muayyan predmet-hodisalar, ular o‘rtasidagi bog‘lanish va
aloqadorliklar haqidagi tasdiq yoki inkor fikr. Inson o‘z tafakkurida bir yoki bir necha hukmlarni
mantiqiy o‘zaro bog‘lab, turli usullar asosida eng muhim xususiyatlarini ajratib olib, biror
tushuncha hosil qiladi.
Tushuncha predmet-hodisalar muhim, zaruriy belgi va xususiyatlarining umumiy,
abstrakt va konkret fikriy obrazidir. Masalan, «inson» tushunchasi hamma kishilik jamiyatiga
xos, mehnat qiluvchi, mehnat qurollari va mehnat vositalarini yaratuvchi hamda moddiy va
ma’naviy ne’matlarni ishlab chiquvchi: ong, tafakkur, til va nutq kabi muhim, zarur belgi va
xususiyatlarga ega bioijtimoiy mavjudotning fikriy shaklidir.
Dostları ilə paylaş: |