yashnashiga ko’proq bozor iqtisodiyoti mos keladi. Dunyoda bozor iqtisodiyoti amal qilmaydigan
bironta rivojlangan davlat yo’q. Boshqacha qilib aytganda, jahonda bozorsiz boy mamlakatlar
yo’q. Bozorda hamkorlar bir-birini erkin tanlaydilar, bu yerda talab va taklif vujudga keladi hamda
talab va taklif muvozanatidan kelib chiqqan holda narx belgilanadi. Bozorda nafaqat ishlab
chiqaruvchi va iste’molchining, balki ishlab chiqaruvchilarning ham mafaatlari bir-biriga to’qnash
keladi. Keyingi holatda ishlab chiqaruvchilar manfaatlarining to’qnashuvi raqobat ko’rinishida eks
etadi.
Yuqorida aytib o’tilganlarning barchasi birinchi navbatda tovar bozoriga taalluqlidir. Biroq
bozor iqtisodiyoti tarkibida bozorning boshqa turlari – tovar va xizmatlar bozori, kapital bozori va
ishchi kuchi bozori ham mavjud. Ushbu bozor turlarining uchalasi bir-birini to’ldirib turadi va
yagona bozor iqtisodiyoti mexanizmini tashkil qiladi. Bu mexanizm samarali faoliyat ko’rsatishi
uchun kamida ikkita shart bajarilishi lozim – malakali, mehnatsevar aholi va mos keluvchi davlat
boshqaruvining mavjudligi.
• Bozor iqtisodiyotining asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
• tartibga solinmaydigan talab, ya’ni iste’molchilar (xaridorlar) o’z ehtiyojlari va to’lov
layoqatlaridan kelib chiqqan holda nimani va qancha miqdorda sotib olishni o’zlari belgilaydilar;
• tartibga solinmaydigan taklif, ya’ni korxonalar va ularga tenglashtirilgan boshqa xo’jalik
subyektlari bozor talabi va resurslar imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda chiqariladigan mahsulot
nomenklaturasini (assortimentni) o’zlari belgilaydilar;
• talab va taklifni muvozanatlovchi erkin narx hosil bo’lishi;
• mahsulot (tovar) ishlab chiqarish va sotishda raqobat.
• Yuqorida sanab o’tilgan, bir-birini inkor etmaydigan asosiy belgilar mavjud bo’lganda
bozor mexanizmi o’zini-o’zi tashqi muhitga moslashtirib, tartibga soladi va bu iqtisodiyotning
samaradorligini belgilab beradi. O’tish davri sharoitlarida bozorning moslashuvi bilan birgalikda
iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi ham muhim ahamiyatga ega bo’lib, bu bevosita
boshqaruv shaklida ham, bilvosita soliq va kreditlar yordamida ham amalga oshirilishi mumkin.
• Bozor iqtisodiyotining o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
• uzoq muddatli, barqaror tarmoqlararo va mintaqalararo aloqalar asosida shakllangan
hamda cheklanmagan diversifikatsiya jarayonlari bilan tavsiflanuvchi yagona bozor makonining
paydo bo’lishi;
• bir tomondan «ehtiyojlarning ortishi», ikkinchi tomondan esa taklifning kengayishi;
• narxga oid bo’lmagan raqobat usullarining narxga oid bo’lgan usullardan ustun kelishi;
• raqobatlashuvchi ijtimoiy guruhlar, birinchi navbatda tadbirkorlar va yollanma xodimlar
o’rtasida ijtimoiy ziddiyatlarni bartaraf qilishga imkon beruvchi iqtisodiyotning ijtimoiy
yo’naltirilgan regulyatorlari;
• tovar bozorlarida raqobatli munosabatlarni g’irrom raqobat, iqtisodiyotning
monopollashuvi va hokazolarga qarshi kurashga yo’naltirilgan holda qonuniy va iqtisodiy
markazlashgan tarzda tartibga solish;
• aksiyadorlik va mulkchilikning boshqa jamoaviy shakllarini rivojlantirish vositasida har
bir fuqaroni tovar bozorlarida raqobatli munosabatlarga jalb qilish uchun keng imkoniyatlar
yaratish.
• Bozor iqtisodiyotining yuqorida aytib o’tilgan va boshqa bir qator xususiyatlari iqtisodiy
munosabatlar subyektlarining bir tomondan ijtimoiy-iqtisodiy mustaqilligiga, boshqa tomondan
esa ularning manffatlarini muvofiqlashtirishga asoslanuvchi erkinlik darajasini aks ettiradi.
• Biroq, bozor iqtisodiyotining eng muhim xususiyati shundaki, u jamiyatda ishlab chiqarish
jarayonini demokratlashtirib, aholi bandligini oshirish va qonun doirasida «pul ishlab olishiga»
xizmat qiladi hamda biznes va tadbirkorlik uchun keng yo’l ochib beradi.