Parta ustining qiyaligi 15gradusga teng bo'lishi lozim, chunki bunday qiyalikda yozish va o'qish juda qulay bo'lib, ko'z tez charchamaydi. Parta o'rindig'ining mustahkam turishi to'g'ri o'tirishni ta'minlaydigan eng muhim omildir. Parta o'rindig'ining chuqurligi o'quvchining tanasiga mos bo'lishi, qulayroq o'tirishi uchun orqa suyanchiqning balandligi o'quvchining belidan yuqori bo'lishi maqsadga muvofiqdir.
Boshlang'ich sinflar uchun A. B. V.gruppa partalari ishlab chiqarish ko'zda tutilgan. A. gruppa partalarining bo'yi 130 smgacha bo'lgan bolalarga, B. gruppa partalari bo'yi 130- 140 smgacha bo'lgan bolalarga mo'ljallangan.
Suriladigan stulchalarni esa haddan tashqari oldinga yoki orqaga surib o'tirishga yo'l qo'ymaslik kerak. Parta ustining pastki qirrasi bilan suyanchiq orasidagi masofa, ya'ni ko'krak qafasi bilan uning qirrasi orasidagi masofa 4 sm bo'lishi kerak. Bu masofa distansiya deyiladi. Agar partaning partaning distansiyasi kichik bo'lsa, o'quvchi juda siqilib ko'kragini partaning chetiga tirab oladi, agar distansiya katta bo'lsa, qo'lni qo'yib o'tirishga noqulay bo'ladi. Shu sababli ularning to'g'ri o'tirishlarini ta'minlash uchun partaning distansiyasi to'g'ri saqlanishi lozim.
Partaning distansiyasi uch xil bo'lishi mumkin: musbat, nol, manfiy. Musbat distansiyada parta ustining cheti bilan o'rindiqning orasidagi masofa keng bo'ladi. Bunday holatda o'tirish o'quvchilar uchun noqulay bo'lib o'quvchi pastga egilib o'tirishga majbur bo'ladi.
Nol distansiyada esa parta ustining cheti bilan o'rindiqning orasida hech qanday masofa bo'lmaydi. Manfiy distansiyada esa parta ustining o'rindiqning ichiga 4 sm kirib turadi.
O'quvchilarda parta tanlashda yana bir muhim narsa parta "differensiya" sining to'g'ri saqlanishidir. Parta differensiyasi deb parta qopqog'ining cheti bilan o'rindiqning orasidagi masofaga aytiladi. Parta differensiyasining to'g'ri saqlanishi ham muhim ahamiyatga ega, chunki parta o'rindig'I past bo'lsa, o'quvchi parta qopqog'iga osilib o'tiradi, agar yuqori bo'lsa, bukchayib o'tirish majbur bo'ladi. Parta o'rindig'ining balandligi o'quvchilarning oyoqlari uzunligiga teng bo'lib o'tirganda tovonlari polga yoki partaning zinasiga tegib turishi kerak.
Sinfdagi bolalarning bo'ylarini o'lchash uchun maxsus taxtachadan foydalanish kerak. Taxtacha poldan 110 sm yuqoriga qoqib qo'yiladi, hamda uni bo'yiga 2 qismga bo'lib, birinchi qismida o'lchamlar sm hisobida, ikkinchi qismida esa shu o'lchamga mos parta nomerlari ko'rsatiladi. O'quvchini shu taxtacha qoqilgan joyda turg'azib bo'yi aniqlanadi.
Buning uchun o'quvchilarni bo'ylari va yoshlariga qarab partalarga o'tkazishda kichik partalar sinf doskasiga yaqinroq, kattalari esa orqaroq qo'yilishi kerak.
O'qituvchilar o'quvchilarning uylarida ham ish joyining to'g'ri tashkil etilishiga e'tibor berishlari lozim. O'qituvchilar ota-onalar majlislarida yoki sinf yig'ilishlarida bolalar uchun alohida dars tayyorlaydigan xona zarurligini ta'kidlab turishlari lozim. Bolalarga xontaxtada egilib o'tirib yozishning zararli ekanini tushuntirish kerak.
Hozirgi kunda o'sib borayotgan turmush talabi o'quv partalarini yanada qulay, ixcham va go'zal qilib ishlashni taqazo etadi.
Bu partalar tashqi ko'rinishi va yengil bo'lishi jihatidan zamon talabiga mos bo'lib, sinf xonalarini tozalashda ham qulaylik tug'diradi. Bunday partalarning yana bir qulay tomoni shundaki, uning tortmalarida yozuv asboblarini saqlash mumkin.
Parta bolalarning organizmlari uchun zarar qilmaydigan bo'lishi, (mix va vintlarning chiqib turmasligi) o'quvchilarning normal o'tirishlari uchun qulay bo'lib, qon aylanishi va nafas olishni qiyinlashtirmasligi kerak.
O'quvchilarni o'ziga mos partalar bilan ta'minlash bilan birga, unda tushuntirish qoidalarini ham o'rgatish zarur. O'quvchilarga partada to'g'ri o'tirish, gavdani to'g'ri tutish qoidalarini vaqtida tushuntirib borilmasa, uzoq muddat noqulay sharoitda o'tirish natijasida ularning gavda suyaklari qiyshiq bo'lib qolishi mumkin. Ayniqsa, yozish vaqtida bir tomonga qiyshayib o'tirish umurtqa pog'onasining qiyshayishiga olib keladi. Bundan tashqari, partada noto'g'ri o'tirish ko'zni tez charchatadi, natijada yozuvning sifati buziladi. Ko'rishorganlari yaxshi bo'lmagan o'quvchilarni yorug' tushadigan deraza tomonga, eshitish organlari yaxshi bo'lmagan o'quvchilarni esa partaning oldingi qatoriga o'tkazish zarur. O'quvchilar uchun bunday zarur sharoitlarni tug'dirish orqali ularning darslarini yaxshi o'zlashtirishlariga erishish mumkin.
Bunda bolalarga noto'g'ri o'tirishning zararligini aytib, shunga taalluqli fotosuratlar va rasmlar ko'rsatish kerak yoki quyidagicha suxbat olib borish ham mumkin:
To'g'ri o'tiring, boshingizni sal oldinga eging ko'kragingizni partaning chetiga tiramang.
Boshingizni to'g'ri tuting (boshni chapga yoki o'ngga qiyshaytirmang).
Ko'zingiz bilan daftar orasidagi masofani to'g'ri saqlang.
Yuqorida ko'rsatib o'tilgan qoidalarga amal qilmaslik natijasida o'quvchilar asta-sekin mayib bo'lib qolishlari mumkin. Masalan, o'quvchi partada xaddan tashqari egilib o'tirishga o'rganib qolsa, uzoqni ko'ra olmaydigan bo'lib, u faqat yaqin joydagi narsani ko'rishga odatlanib qoladi. Ko'zni har xil uzoqlikdagi narsalarni aniq ko'rishga moslashtirish - ko'zning akkomadasiya»si deb ataladi. Akkomadasiyaning hajmi, ya'ni ko'zning har xil uzoqlikdagi narsani ko'rish qobiliyati kattalarga nisbatan maktab yoshidagi bolalarda ko'p bo'ladi. Masalan, 10 yoshli maktab o'quvchisi 7 sm masofadagi narsani aniq ko'rishi, 20 yoshda esa 10 sm masofadagi, 45 yoshdagi kishilar esa faqat 33 sm masofadagi narsalarni aniq ko'ra olishlari mumkin. Shuning uchun yozish vaqtida ko'z bilan daftar orasidagi masofaning 30 sm ga teng bo'lishi talab etiladi, chunki bu masofa ko'zni charchashdan saqlaydi.
Maktab yoshdagi bolalarda faqat yaqinni ko'rish kasalining oldini olish tadbirlaridan yana biri sinf xonasining yorug' bo'lishidir. Partaga yorug'lik yetarli darajada tushmasa, bolalarning ko'ziga zo'r keladi va ular juda tez charchaydilar. Shuning uchun ham yaqinni ko'rish kasalligining oldini olishda o'quvchining partada qanday o'tirishi ma'lum darajada rol o'ynaydi. Agar parta o'quvchining bo'yiga mos kelsa, u charchamaydi, ko'zi bilan yozayotgan narsa orasidagi masofa bir hilda saqlanadi va yaqinni ko'rish kasalligining oldi olinadi.
Yozish vaqtida yorug'qlikning qaysi tomondan tushayotganiga alohida ahamiyat berish zarur. Sinf xonasi o'qiyotganda yorug'lik chap tomondan tushishi lozim.
Yozayotganda gavdani to'g'ri tutmaslik umurtqa pog'onasining qiyshayib qolishiga, bo'yin va orqa muskullarining charchashiga olib keladi.
Ko'kragini partaning chetiga tirab olishga o'rganib qolgan o'quvchining ko'krak qafasi siqiladi, nafas olishi og'irlashadi. Bunday holatda uzoq o'tirish o'quvchi sog'ligiga katta zarur yetkazadi.
Demak o'quvchilar partada o'tirish qoidalariga qat'iy amal qilishlari shart. Har bir o'quvchining partada qanday o'tirishini kuzatib borish, noto'g'ri o'tirgan o'quvchilarni tartibga chaqirish kerak.
Sinfga partada to'g'ri o'tirish va ruchkani to'g'ri ushlash qoidalari ko'rsatilgan rasmlarni osib qo'yish ham yaxshi natija beradi.
Ayniqsa, olti yoshli 1-sinf o'quvchilariga alohida e'tibor berish lozim, chunki ularning gavda tuzilishi va muskullari hali, rivojlanmagan bo'lib, bir odatda uzoq o'tirish ularni charchatib qo'yadi. Shuning uchun bu davrda yozuv mashqlarini bir necha qismlarga bo'lib, bolalardagi charchash hollarini xisobga olib, jismoniy mashqlar va dinamik pauzalar o'tkazib turish talab etiladi.
O'quvchilarga dars jarayonida bajariladigan mashqlar, nihoyatda oddiy bo'lib, kam vaqt olishi, ularning jismoniy jihatdan o'sishiga, qo'l va barmoq muskullarining chiniqishiga, qaddi-qomatlarini to'liq, erkin tutishlariga yordam berishi lozim. Yozuv darslarida 8-10 minut o'tgandan so'ng o'quvchilar betoqat bo'lib, orqalariga yoki yonlariga yastanib o'tiradilar, o'rinlaridan turib ketadilar, bu ularning charchaganliklaridan darak beradi.