1-mavzu. Investitsiyalarning iqtisodiy mazmuni va mohiyati
2. Investitsiyalarning iqtisodiymazmunivamohiyati O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning o’ziga xos yo’nalishini belgilab olishda investitsiyalarning o’rnini beqiyosligi investitsiyaningbarqaror rivojlantirishdagi rolini oshirish masalasini ilmiy asosda tadqiq qilgan holda o’rganish zaruriyatini yuzaga keltiradi.Investitsiyani mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishdagi rolini oshirish bilan bog’liq bo’lgan muammolari aniqlashdi va ularni hal qilishga qaratilgan ilmiy takliflar ishlab chiqish, shu orqali investitsiyani iqtisodiy-ijtimoiy mazmunini va mohiyatini har tomonlama o’rganishda olimlar fikrini tadqiq etish ushbu fanni o’rganishni muhim yo’nalishlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Chunki investitsiyalarning iqtisodiy mazmun – mohiyati to’g’risida iqtisodchi olimlar o’rtasida xilma – xil fikrlarni mavjudligi ularni yagona tizimga keltirish iqtisodchi olimlar o’rtasida katta ilmiy qiziqish uyg’otmoqda.
Bozor iqtisodiyotining asosiy iqtisodiy tushunchalaridan biri investitsiyalar tushunchasi bugungi hayotimizga keng va tez kirib kelishining o’zi uning mohiyati va ahamiyatini, zarurligini ko’rsatadi. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangi korxonalarning sonini tobora ortib borishi va barpo etilayotganligi hukumatimizning bu sohaga bo’lgan katta e‘tibori va ularga yaratib berayotgan qulayliklari natijasidir. Shu boisdan ham mamlakatimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etayotgan korxonalarni iqtisodiy rag’batlantirish va zaruriy sharoitlarni yaratib berish o’ta muhim
masalalardan biri hisoblanadi.
Investitsiyalar har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini harakatlantiruvchi kuch bo’lib, ularning yordamida iqtisodiyotning innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar asosida rivojlanishi qo’llab-quvvatlanadi, import o’rnini bosish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish siyosatlari muvaffaqiyatli amalga oshiriladi, zamonaviy infratuzilmalar rivojlantiriladi, yangidan-yangi ish joylari yaratilib, ishsizlik muammosining oldi olinadi, eng asosiysi erkin raqobat va tadbirkorlik munosabatlariga asoslangan zamonaviy iqtisodiy tizim rivojlantiriladi. Investitsiyalarning yana bir muhim ahamiyati shundaki, ular har qanday mamlakatning yaqin va uzoq kelajakda rivojlanish istiqbollarini belgilab beradi.
Investitsiya, investitsiya muhiti va shu kabilarni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishdagi rolini oshirish masalasini nazariy va amaliy jihatlari iqtisodchi olimlar tomonidan chuqur tadqiq va tegishli ilmiy xulosalar shakllantirilgan. Shu o’rinda aytib o’tish lozimki, O’zbekiston Respublikasining 2019 yil 25 dekabrdagi «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to’g’risida»gi qonunda investitsiyaga quyidagicha ta‘rif berilgan: «investitsiyalar – investor tomonidan foyda olish maqsadida ijtimoiy soha, tadbirkorlik, ilmiy va boshqa faoliyat turlari obyektlariga tavakkalchiliklar asosida kiritiladigan moddiy va nomoddiy boyliklar hamda ularga bo’lgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga bo’lgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar1» deb ta‘rif berilgan bo’lib, ular quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:
- mablag’larni, shu jumladan pul mablag’larini (shu jumladan chet el valyutasini), maqsadli bank omonatlarini, paylarni, ulushlarni, aksiyalarni, obligatsiyalarni, veksellar va boshqa qimmatli qog’ozlarni, ko’char va ko’chmas mol-mulkni (binolar, inshootlar, uskunalar, mashinalar va boshqa moddiy qimmatliklarni); - intellektual mulkka doir mulkiy huquqlarni, shu jumladan u yoki bu ishlab chiqarish turini tashkil etish uchun zarur bo’lgan, texnik hujjatlar, ko’nikmalar va ishlab chiqarish tajribasi tarzida rasmiylashtirilgan, patentlangan yoki patentlanmagan (nou-xau) texnik, texnologik, tijoratga oid va boshqa bilimlarni, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa qimmatliklarni. Ushbu ta‘rifga tayangan holda aytish joizki, «investitsiya – bu kelgusida daromad (foyda) olish yoki ijtimoiy samaraga erishish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalariga investorlar tomonidan qonun doirasida qo‘yiladagan yoki taqdim etiladigan barcha turdagi mulkiy, moliyaviy va intekllektual boyliklar tushuniladi». Bunday ta‘rifni e‘tirof etishdan ko’zlangan maqsad ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiyalash barcha ishlab chiqarish tarmoqlari va sohalar majmuini yanada takomillashtirish, aholi bandligini to’laroq ta‘minlash, eksport xajmini oshirish bilan birga investitsiya miqdorini ko’paytirish hisoblanadi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida investitsiya oqimlari mamlakatning uzoq muddatga mo’ljallangan strategik rejalarini amalga oshirishda barqaror moliyaviy manba bo’lib hisoblanadi. Keyingi paytda iqtisodiy adabiyotlarda va amaliyotchilar tomonidan investitsiya, investitsiya oqimi, investitsiya muhiti kabi iqtisodiy atamalarga katta e‘tibor bergan holda ularga bir nuqtada kesishayotgan ta‘riflar berila boshlandi. Ammo yuqorida qayd etilgan fikrlarga katta diqqat qaratish bu katta tadqiqot ishini talab etilishini e‘tiborga olgan holda biz ayni paytda asosiy diqqatni investitsiya atamasiga qaratilish muhimroqdir.
D.G’.G’ozibekov o’zining ilmiy asarlarida investitsiyaning mohiyatini moliyaviy kategoriya sifatida talqin etishga erishgan. U «Investitsiyalarning mazmuni aniq va ishonchli manbalardan mablag’lar olish, ularni asosli holda safarbar etish, risklar darajasini hisobga olgan holda kapital qiymatini saqlash va ko’zlangan samarani olishdan iborat bo’ladi»2deb ta‘rif bergan.
Investitsiyalar mazmun – mohiyatiga prof. N.H. Haydarov quyidagi ta‘rifni beradi: «Investitsiya – bu mulk shaklidan qat‘iy nazar, tadbirkorlik asosida faoliyat ko’rsatayotgan jismoniy va yuridik shaxslar yoki davlatning iqtisodiy va ijtimoiy samara olish maqsadida o’z boyliklarini qonun doirasida bo’lgan har qanday tadbirkorlik obyektiga sarflashidir»3. Investitsiyalarning mohiyatiga nisbatan berilgan ushbu ta‘riflar investitsiyalarni bozor talablaridan kelib chiqqan holda doimiy modernizatsiyalash, ularning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakat tashqi savdo balansini ijobiy qoldig’ini ta‘minlash va boshqa shu kabi iqtisodiy masalalar o’zining ijobiy yechimini topadi. Biroq, iqtisodiyotda investorlarning yetarli darajada mavjud emasligi, shu bilan birga ularning samarali joylashtirilmasligi qator muammolarni keltirib chiqaradi. Bu avvalo tanglik holatlarini vujudga kelishi, iqtisodiy o’sish va boshqa jabhalarning holatiga salbiy ta‘sir ko’rsatadi.
Rossiya Federasiyasining iqtisodchi olimlari ijobiy natijaga erishilishini ta‘minlashga xizmat qiluvchi ta‘rifni berib o’tishga, ya‘ni «investitsiyalar – pulni saqlash, ko’paytirish yoki ijobiy miqdordagi daromadni ta‘minlashni hisobga olgan holda uni joylashtirish mumkin bo’lgan har qanday vosita sifatida ifodalanadi»4deb L.Igoshina ta‘rif bergan bo’lsa, prof. A.Neshitoy esa investitsiyalarning mazmunini «foyda olish yoki boshqa samaralarga erishish maqsadida o’z yoki o’zga mamlakatning turli tarmoqlariga, tadbirkorlik loyihalari, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar hamda innovatsiya loyihalarini amalga oshirishga yo’naltirilgan pul mablag’larini (kapitalni) uzoq muddatga joylashtirishdir»5deb tavsiflagan bo’lsa, davlatning milliy xususiyatlaridan kelib chiqib investitsiya atamasining iqtisodiy mohiyatini yana bir qator rus olimlari tomonidan o’ziga xos talqin etilgan. MDH mamlakatlari tadqiqotchilari orasidan rossiyalik mutaxassis T. T. Frolova8ning fikriga ko’ra: «investitsiya – bu xususiy sektor va davlat tomonidan mamlakatning ichida va mamlakatdan tashqarida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va qimmatbaho qog’ozlarga uzoq muddatli qo’yiladigan kapitaldir»6.
Rossiyalik boshqa bir guruh olimlar M.I.Rimer7, A.D.Kasatov va N.N.Matiyenkolar fikrlariga ko’ra esa: «iqtisodiy adabiyotlarda investitsiyalar tadbirkorlik faoliyatining obyektlariga mablag’larni investitsiya qilish orqali ehtiyojlarni keyingi yillar davomida yanada to’liq qondirish maqsadida ne‘matlarning joriy iste‘mol qilinishidan voz kechishga qaratilgan harakat sifatida e‘tirof etiladi». Shu bois investitsiya atamasini turli xil talqinlarini ko’rib chiqqan holda, uning ta‘rifini berish muhim bo’lib hisoblanadi. Ilmiy adabiyotlarda investitsiya atamasining yuqorida keltirilganlardan tashqari bir qancha talqinlari ham mavjud, ular quyidagicha tavsiflanadi:
- «investitsiyalar iqtisodiy foyda va ijtimoiy samara olish maqsadida investitsiya sohasi obyektlariga kiritiladigan barcha turdagi mulkiy va intellektual boyliklarni aks ettiradi»8;
- «investitsiyalar deganda foyda (daromad) olish va investorlarning individual maqsadlari singari ijobiy ijtimoiy samaraga erishish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va sohalariga, tadbirkorlik va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga muayyan muddatga kapitalning maqsadli yo’naltirilgan qo’yilmasi shaklida amalga oshiriladigan harajatlar yig’indisi tushuniladi»9;
- «investitsiyalar o’zini foyda (daromad) olish maqsadida milliy va xorijiy iqtisodiyotning turli tarmog’iga xususiy yoki davlat kapitalining uzoq muddatli qo’yilmasi sifatida namoyon etadi»10;
Investitsiyalar keng ma‘noda o’zini mablag’lar va resurslarning kelgusida ko’payishi va iqtisodiy samara yoki boshqa rejalashtirilgan natijalar olish (ijtimoiy, ekologik va boshqa samaralar) maqsadida ularning safarbar etilishi sifatida namoyon etadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida xorijlik iqtisodchi olimlardan U.Sharp, K.Yeklund, Kempbell R.Makkonell, Stanli L.Bryu kabilar investitsiyalarning mazmun-mohiyati yuzasidan turlicha ta‘riflarni bayon etishgan. Jumladan, Nobel mukofotining iqtisodiyot bo’yicha laureati (1990 yil) U.Sharp ta‘kidlashicha: «investitsiyalar kelgusida (ehtimol, nomuayyan) qiymatlik olish maqsadida hozirgi vaqtda muayyan qiymatlikdan voz kechishdir»11. Ular «Investitsiyalash» atamasining ma‘nosini nimanidir amalga oshirishda deb bilishadilar. «Kelajakda foyda olish uchun bugun puldan ajralishdir» deb qarashadilar, o’z fikrlarini davom ettirib ular mablag’larni yoki real yohud moliyaviy aktivlarga investitsiyalash mumkin deb hisoblaydilar.
Boshqa bir muallif, ya‘ni shved iqtisodchi olimi K.Yeklund: «investitsiya – bu kelajakda ko’proq iste‘mol qilish sharoitiga ega bo’lish uchun ertangi kunga qoldirilgan narsa. Uning bir qismi hozirda ishlatilmasdan zahiraga qoldiriladigan iste‘mol buyumlari bo’lib, boshqa qismi esa bu ishlab chiqarishni kengaytirishga yo’naltirilgan resurslardir»12deb fikr bildirib o’tadi. «Investitsiyalar atamasini kapitalning kelgusida ko’payishi maqsadida uning turli xil shaklda joylashtirilishi sifatida belgilash mumkin»13. «Investitsiya – ishlab chiqarish davri davomida paydo bo’lgan kapital qo’yilma qiymatining joriy o’sishi. Bu o’sha davrdagi foydaning iste‘mol uchun ishlatilmagan qismi hisoblanadi»14. «Investitsiyalarga – pul mablag’lari, maqsadli bank jamg’armalari, qimmatli qog’ozlar, texnologiyalar, mashina, asosiy vositalar va boshqa mulk ko’rinishidagi kapital qo’yilmalar, shuningdek, pul qiymatiga ega bo’lgan mulkiy va nomulkiy huquqlarni investorlarning strategik maqsadlarini ko’zlab ishlab chiqarish va boshqa faoliyat obyektlariga kiritish»15.
Iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish va ulardan samarali foydalanishni nazariy jihatlari qator olimlar tomonidan o’rganilgan holda investitsiya tushunchasiga ta‘rif berib o’tishgan. Misol uchun, iqtisodchi olimlardan Kempbell R.Makkonell, Stanli L.Bryularning fikrlariga ko’ra «investitsiya – bu moddiy zahiralarning ko’payishi, ishlab chiqarish vositalarining jamg’arilishi va ishlab chiqarishga harajatlar»16. Ushbu ta‘rif o’z mazmuniga ko’ra ko’proq «kapital qo’yilmalar» tushunchasiga mos kelishini ta‘kidlab o’tishga qaratilgan.
Shunisi harakterliki, investitsiya tushunchasi yagona va to’liq belgi berishlik uchun anchagina keng tushuncha bo’lib hisoblanadi. Shu sababli, iqtisodiy fanning turli qismlarida va amaliy faoliyatning turli sohalarida investitsiya mazmuni o’zining xususiyatlariga ega bo’lgan holda ajralib ham turishadi, shu jihatdan olganda, makroiqtisodiyotda investitsiyalar ishlab chiqarishda yangi vositalarga, turar-joylarga investitsiyalar va moddiy zahiralarining o’sishiga qilinadigan harajatlardan tashkil topadigan yalpi harajatlarning bir qismi hisoblanadi. Investitsiyalar – bu joriy davrda iste‘mol qilinmagan va iqtisodiyotda kapital o’sishini ta‘minlovchi YAIM ning bir qismi sifatida tashkil topadi.
Fikrimizcha, makroiqtisodiyotda investitsiyalar yangi kapitalni ishlab chiqarish vositalarini va inson kapitalini qo’shib hisoblanganda) yaratish jarayonidir. Moliya nazariyasida esa investitsiya deganda real yoki moliyaviy aktivlarni olishni tushuniladi, ya‘ni bugungi sarflarni maqsadi kelajakda daromad olish bo’lib hisoblanadi. Boshqacha so’z bilan aytganda, investitsiyalar – amaldagi muayyan qiymatni, bo’lishi noaniqroq bo’lgan kelajak qiymatga almashishdir17.
Lorens Dj. Gitman va Maykl D. Djonkning «Investitsiyalash asoslari18» kitobida investitsiyalarga quyidagicha ta‘rif beriladi: Investitsiya moliyaviy natijalar olishni ko’zlab aksiya va obligatsiyalarni sotib olishni anglatadi: bular real aktivlarni belgilaydi, masalan, u yoki bu molni ishlab chiqarish va sotish uchun mashinalarni olishni nazarda tutadi. Umuman keng ma‘noda investitsiyalar mamlakat iqtisodiyotini o’stirish va rivojlantirishni moliyalashtirish uchun zarur bo’ladigan shart-sharoitlarni ta‘minlaydi.
Iqtisodiy mohiyatiga ko’ra, investitsiyalar asosiy va aylanma kapitalni yaratish, kengaytirish yoki rekonstruksiya qilish va qayta qurollantirish uchun qilinadigan harajatlardir. Investitsiyaning muhim jihatlaridan yana biri innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va tadbirkorlikning yrimsohalarini
rivojlantirish uchun investitsiyalarni o’rni beqiyosligi bugungi kundagi muhim masaladir. Shu bois ham milliy iqtisodiyot sohalariga tashqi va ichki investitsiyalar oqimini faollashtirish iqtisodiy yuksalishning yangi bosqichini boshlab beradigan asosiy omil hisobllanadi. Investitsiyalar har qanday iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi va uning taraqqiyotini ta‘minlovchi kuchdir. Shu bois barcha imkoniyatlarni ishga solib iqtisodiyotga yo’naltiriladigan investitsiyalar xajmini oshirishga xizmat qilish uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan investitsiya ta‘rifini va uning shakllarini asoslash muhimdir. Tijorat amaliyotida investitsiyalarning uch shakli bo’lib ular bir-biridan o’zaro farqlanadi (1.1-rasm).