1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə8/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   103
Folklor mavzular

Mif (Asotir) – xalq og`zaki poetik ijodining ilk mahsulidir. U eng qadimgi davr folklorida ibtidoiy tasavvurlar asosida yaratilgan.
Mif - grekcha “mythos – so`z, rivoyat” so`zidan olingan bo`lib, qadimgi odamning borliq, olam jumboqlari, tabiat va koinot sirlarini bilishga intilishi, bu boradagi ilk tasavvurlari va xulosalari, xudolar, pahlavonlar haqidagi qarashlari asosida paydo bo`lgan.
Mif – ongsiz badiiy to`qima mahsuli. Unda fantastika, xayoliy uydirma yetakchilik qiladi. Ibtidoiy inson mifdagi voqelikni inkor etib bo`lmas haqiqat sifatida qabul qilgan. Mifning tabiati haqida M.I.Steblin – Kamenskiy: “Mif – bu voqelik bo`lib, u qanchalik haqiqatga zid bo`lmasin, yaratilgan va yashab kelgan joyda ayni haqiqat deb qabul qilindi”, - deb yozgan edi.
Miflarni o`rganuvchi fan sohasi mifologiya deb yuritiladi. Mifologiya fani ibtidoiy insonning tabiatni bilishga intilishining natijasi sifatida vujudga kelgan.
Ijtimoiy taraqqiyotning keyingi bosqichlarida, aniqrog`i, inson ongining o`sishi, dunyoqarashining kengayishi, ma’naviyatining boyishi natijasida miflarga ishonch ham yo`qola bordi. Lekin miflar yo`qolib ketmadi. Qaytaga ular ijtimoiy ongning yangi shakllarini vujudga keltirish uchun asosiy manba vazifasini o`tadi. hozirgi fan, din, san’at va adabiyotning poydevori mifologiya asosida qurilgandir. Qadimgi mifologik syujetlar, obrazlar, tushuncha va tasavvurlar, umuman, mif qoldiqlari ijtimoiy ongning turli shakllariga ko`chib, ulardan muhim o`rin egalladi. Miflar, asosan, etiologik vazifa (izohlash vazifasini) bajaradi.
Mif qadimgi odamning ishonch-e’tiqodlari, o`y-kechinmalari, diniy-axloqiy qarashlari va ilk ijodiy izlanishlarining so`z vositasida ifoda etilgan ko`rinishlaridan biridir.
Dunyo folklorshunosligidagi naturmifologik yoki naturalistik nazariya tarafdorlari mifni tabiat hodisalari haqidagi qadimgi tasavvurlar majmui deb tushunadilar. Ularning fikricha, qadimgi odamning tabiat haqidagi ibtidoiy e’tiqodiy ishonchlari dastlabki mifologik tasavvurlar tizimining asosini tashkil etadi. Antropologik nazariya tarafdorlari E.Teylor, G.Spenser, E.Long va boshqalarning fikricha, miflar animistik ishonchlar zaminida shakllangan. J.Frezer esa mifologik tasavvurlarning asosini animistik tasavvurlar emas, magiya tashkil etadi, deb hisoblaydi. S.G.Xuk, D.Xarrison, G.Merri kabi olimlarning fikricha, qadimgi miflar ibtidoiy rituallar, ya’ni marosimlarning so`z vositasida ifodalangan shaklidir. L.Levi-Bryul mifning qadimgi diniy e’tiqodlar bilan mushtarakligini aniqlagan.
Simvolistik nazariya oqimi tarafdorlari (jumladan, o`zbek folklorshunoslari ham) mif qadimgi odamlarning olam haqidagi ibtidoiy qarashlarini o`zida mujassamlashtirgan ramziy kodlardan tashkil topganligini e’tirof etadilar.
Z.Freyd, E.Fromm, K.G.Yung kabi olimlar miflarning paydo bo`lishini ibtidoiy odamning tabiatga bo`lgan ongsiz hissiy munosabatlari bilan bog`lab o`rganganlar. Ularning tahlil metodlari asosida o`rganish usullarini o`zbek folklorshunosligiga J.Eshonqul tush va mifni qiyosiy tadqiq etish orqali olib kirdi.
M.Jo`rayevning ta’kidlashicha, qadimgi mifologik tasavvurlar xalq og`zaki badiiy ijodiyotining turli janrlariga diffuziyalana boshlagan.
Mif yaxlit janr sifatida og`zaki ijodga mansub nasriy asarlar tizimida to`liq holda saqlanib qolmagan. Faqat epos, ertak, afsona, qo`shiq, topishmoq, marosim folklori, irim-sirimlar va turli ishonchlar bilan bog`liq aytimlar tarkibida ayrim mifologik syujet elementlari uchraydi, xolos. Ana shu mif qoldiqlarini, mifologemalarni o`rganish uchun muhim zamin vazifasini o`taydi.
B.Sarimsoqov o`zbek mifologiyasi taraqqiyotini uch bosqichga – arxaik, mumtoz va o`rta asrlarga xos miflarga bo`linadi, deb hisoblaydi. Uning ko`rsatishicha, arxaik miflarda xos bilan kosmos o`rtasidagi kurash keng miqyosda aks etadi va ko`proq animistik, totemistik tasavvurlar bu kurashda hal qiluvchi rol o`ynaydi. Shuningdek, ularda yana hech qanday diniy qarashlar unsuri uchramaydi. Mumtoz miflarda esa xaos bilan kosmos kurashining miqyosi biroz toraygan bo`ladi. Politeistik diniy qarashlar (ko`p xudolilik tasavvuri) ustunlik qiladi. Zardushtiylik davri mifologiyasi bunga misol bo`ladi. O`rta asrlar miflarining semantik asosini monoteistik diniy qarashlar tashkil etadi.
M.Jo`rayev o`zbek mifologiyasining taraqqiyoti qadimgi ajdodlarimizning totemistik, animistik, dualistik, magik ishonchlari; ibtidoiy odamlar turmushida ritual-ramziy ahamiyat kasb etgan marosimlar; O`rta Osiyoda yashagan qadimgi qavmlar dunyoqarashida alohida o`rin tutgan otashparastlik aqidalari; qadimgi dehqonchilik madaniyati an’analari bilan bog`liq hosildorlik kultlari; islom dini ta’limoti va u orqali O`rta Osiyoga kirib kelgan sharq, xususan, arab folklori an’analari; mo`g`ul, buryat, chin va hind, eron, yunon mifologiyasining ijodiy ta’siri bilan bevosita bog`liqdir, deb hisoblaydi.
Qadimgi turkiy miflarni olamning yaratilishi va tuzilishi, samoviy halokat yoki olamning intihosi, tangri va ilohiy kuchlar, hoqonlarning tug`ilishi va afsonaviy hukmdorlar to`g`risidagi, turkiy qabilalarning kelib chiqishi, ilk ajdodlar haqidagi miflar turkumi tashkil etadi.
Mumtoz miflar tarkibiga ezgulik va yovuzlik kuchlari o`rtasidagi kurash haqidagi asotiriy qarashlarni o`zida aks ettirgan dualistik miflar, kult miflari (suv, olov, osmon jismlari, o`simliklar, jonivorlar, hosildorlik kultlari bilan aloqador tasavvurlar asosida shakllangan), o`lib-qayta tiriluvchi qahramonlar (Siyovush bilan bog`liq) haqidagi miflar; samoviy (oy, quyosh, yulduzlarning paydo bo`lishi, tabiiy hodisalar haqidagi) miflar; taqvimiy miflar, ya’ni -yilboshi Navro`z bilan bog`liq udumlar, vaqt hisobi omillari haqidagi asotiriy ishonchlar; antropogenik miflar yoki odamzotning yaratilishi (Kayumars, Gavomard, Jamshid) to`g`risidagi miflar kiradi.
Aksariyat mifologik obrazlar zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”, shuningdek, “O`g`uznoma” va “Kitobi dadam Qo`rqut” orqali bizgacha yetib kelgan. “Avesto”da ikki yaratuvchi kuch – yaxshilik - Axuramazda, yomonlik esa -Axriman qiyofasida namoyon bo`ladi. Ularning o`zaro kurashidan tabiat va jamiyatdagi hodisalarning barchasi kelib chiqadi deb ko`rsatiladi.
Axuramazda – yaxshilik xudosi. Unga qarashli narsalar insonlarning baxtu saodati uchun xizmat qiladi. Angra Man’yu (Axriman) esa – yovuzlik xudosi. U o`ziga qarashli devlari bilan odamlarga azob-uqubat, mashaqqat, kulfat keltiradi.
“Avesto”da yana Mitra –quyosh va yorug`lik xudosi, Nohit – obodonlik va farovonlik xudosi, humo – baxt va davlat xudosi, Anaxita va hubbi – suv xudosi, Mirrix –urush va g`alaba xudosi sifatida talqin etilgan. Kayumars, Yima (Jamshid), Gershasp odamlarga ezgulik baxsh etuvchi mifologik obrazlar sifatida ko`rsatilgan. Yomonlik kuchlari ajdar, dev, jin, yalmog`iz kabi mifologik obrazlar orqali tasvirlangan.
“Avesto”dagi xudolar yo ayol, yo erkak qiyofasida talqin etilgan. Masalan, suv xudosi Ardvisura-Anaxita xushqomat, kamarini beliga mahkam bog`lagan zabardast, to`g`ri so`z, marhamatli go`zal qiz qiyofasida namoyon bo`ladi. U odamlar uchun suvning mo`l bo`lishini ta’minlab turadi. Turli qiyinchiliklarni yengishda kishilarga homiylik ko`rsatadi.
O`zbeklar o`rtasida Anaxita nomi Anbar momo shaklida saqlanib qolgan va unga suv hamda hosildorlik homiysi deb qaraladi.
Xalqimiz orasida keng tarqalgan miflardan yana bir turkumi – Kayumars va Jamshid haqidagi miflardir. Ularning turli variantlari “Avesto”da, “Tarixi Tabariy”da, Beruniyning “O`tmish xalqlaridan qolgan yodgorliklar”, Firdavsiyning “Shohnoma” asarlarida va boshqa qadimiy yozma manbalarda uchraydi.
Kayumars nomi “Avesto”da Gaya Martan yoki Gaya Moretan deb yuritilgan. “G`iyosul-lug`at”da esa Gavomard (inson-buqa) deb ko`rsatilgan. Afsonalarga ko`ra, u Amudaryo bo`ylarida yashagan. Bo`yi daryoning u betida yotgan. Kayumars – yerda paydo bo`lgan birinchi odam sifatida talqin etiladi. U ezgulikning yovuzlik ustidan g`alabasi haqidagi ibtidoiy qarashning obrazli ifodasidir.
Jamshid haqidagi miflar O`rta Osiyo va Eron xalqlari orasida keng tarqalgan. U najotkor qahramon, yaxshilikning ramziy obrazi. “Avesto”da u adolatli podsho sifatida talqin etilgan. Jamshid haqida xalq orasida «Qissai Jamshid” kitobining og`zaki va qo`lyozma variantlari keng tarqalgan.
“Avesto”da tasvirlangan xudolar, pahlavonlar to`g`risidagi afsona va miflarning o`zbek folklorida ham talay variantlari mavjud. “Odami Od” mifi Shu jihatdan xarakterlidir. Unda kishilarning inson beqiyos kuch-qudratga ega bo`lishi haqidagi orzu-umidlari o`z ifodasini topgan. Mifda pahlavon – titan ko`rinishidagi mifologik obrazning xalq manfaati yo`lida xizmat qilishi qayd etilgan.
Mifda hikoya etilishicha, Odami Od bo`yi bulutga yetadigan duradgor usta bo`lgan. Odami Od-dunyodagi eng birinchi odam sifatida talqin etiladi. Od so`zi fors-tojikchada ulkan odam ma’nosini bildiradi. U baland bo`yli, kuchli bo`lgani uchun daryo-dengizlardan baliq tutib, uni quyosh taftida pishirib yeb ketaverar ekan. Birgina nonushtaning o`ziga bir hovuz suvga non to`g`rab yer ekan.
“Er hubbi” mifi xarakteri va vazifasi jihatidan bu mifga o`xshashdir. U, asosan, Xorazm va Farg`onada keng tarqalgan. Er hubbi- yigit qiyofasidagi suv muakkili, marhamatli qahramon. Buxoroda Xo`ja Xubbon qudug`i, Shohimardonda ko`li Xubon, Xorazmda Xubbiniyoz ko`li nomi Shu qadimiy mifik obraz bilan bog`liq.
Xullas, miflarning syujeti oddiy va ravon bo`ladi. Ularda ibtidoiy tasavvur-tushunchalar hukmronlik qiladi. Mifologik obrazlar talqinida, mazmunida ijtimoiy ziddiyat sezilmaydi. Biroq ularda qadimiy hayot tajribalari saqlangandir.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin