Toponimik rivoyatlar yana bir necha ichki ko`rinishga bo`linadi:
a) aholi yashaydigan joylar nomining kelib chiqish sabablarini izohlovchi oykonomik rivoyatlar;
b) suv havzalari - daryo, ko`l, quduq, soy, chashma, ariq nomining kelib chiqishi bilan bog`liq bo`lgan gidronomik rivoyatlar;
c) tog`u toshlar, tepaliklar, g`orlar, cho`llar to`g`risidagi oronomikrivoyatlar;
d) mozor, qabriston nomlari, ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolarning nomi bilan bog`liq nekronomik rivoyatlar.
Toponimik rivoyatlarda muayyan jug`rofiy atamaning paydo bo`lishi aniq faktlar va etnofolkloriy detallar bilan tushuntiriladi, joy nomining vujudga kelish sababi izohlanadi.
Tarixiy rivoyatlarda haqiqatda hayotda bo`lib o`tgan voqealar, yashab o`tgan shaxslar to`g`risida so`z yuritiladi. Atoqli va mashhur shaxslarning hayoti va faoliyatini hikoya qilish orqali axloq va odobning ideal normalari tashviq etiladi. Jumladan, To`maris, Shiroq kabi vatanparvarlar, Ibn Sino kabi buyuk tabib, Ulug`bek, Alisher Navoiy kabi olim va shoirlar, Mashrab singari ilohiy ishq yo`liga kirgan oshiq, Amir Temur kabi jasoratli va dono hukmdor, Imom Ismoil Buxoriy, Xoja Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro, Xoja Ahrori Valiy singari din va tasavvuf arboblari haqida qator rivoyatlar yaratilganki, ularni xalq hamisha sevib tinglaydi.
Tarixiy rivoyatlar ko`pincha u yoki bu shaxsni ko`rgan-bilganlarning yoki biror tarixiy voqeaning guvohi bo`lganlarning xotira – esdaliklari asosida yaratiladi. Tarixiy rivoyatlarda tarixiy shaxs nomidan boshqa dalil uchramasligi ham mumkin. Bazan hatto tarixiy shaxs sayyor syujetlar qolipida hikoya qilinadi. Masalan, A.Navoiyning dono vazirligi, topqir va tadbirkorligi, ziyrakligini izohlash uchun yaratilgan rivoyat «Erksiz folchi», «Ayoz» nomli ertaklar syujeti asosida yaratilgandir.
Tarixiy shaxs va tarixiy voqealarga daxldor rivoyatlar yozib olingan davriga qarab, tarixiy faktni talqin qilish xususiyati bilan bir-biridan farq qiladi. Aytaylik, xalq orasida paydo bo`lgan davridayoq yozib olingan rivoyatlarda tasvirlangan voqea va hodisalar o`sha davr shart-sharoiti va ruhiga mos keladi hamda keltirilgan dalillarning to`liqligiyu aniqligi bilan ajralib turadi. Binobarin, tarixiy janglar haqida yoki uning tasirida yaratilgan «To`maris», «Shiroq, «Guldursun» kabi rivoyatlar bunga misol bo`ladi. Shunisi ajablanarliki, ayrim tadqiqotlarda, o`rta maktab darsliklarida bu asarlar afsona namunasi sifatida o`rganib kelinmoqda. Holbuki, ular rivoyat ianriga mansub bo`lib, real tarixiy, voqelik va rel tarixiy shaxslarga oid malumotlarni tashiydi.
To`maris Gerodotning Tarix asari orqali bizgacha yetib kelgan bo`lib, unda massaget qabilasining oqila va jasoratli hukmdori To`maris ismli ayolning o`z elini hiylakor bosqinchi Eron shohi Kir hujumidan omon saqlab qolganligi haqida hikoya qilinadi.
To`maris beva ayolligi uchun Kir unga uylanish bahonasida sovchi yuborib, Shu yo`l bilan massagetlar yerini osongina o`z tasarrufiga o`tkazmoqchi bo`ladi. Biroq Kirning bu yovuz rejasini To`maris ilg`ab, uni ochiqdan-ochiq kurashga chorlaydi. Kir Krezning maslahati bilan hiyla ishlatib, To`marisning o`g`li Sparganiz boshchiligidagi massagetlarning bir guruhini qo`lga oladi. Sparganiz o`z ahvolidan orlanib, joniga qasd qiladi. Shundan so`ng ikki o`rtada qattiq jang bo`lib o`tadi. Kir bu jangda sharmandalarcha yengilib, halok bo`ladi. Jang tugagach, To`maris uning jasadini murdalar orasidan toptirib, boshini olib uni qon to`ldirilgan meshga tashlaydi va Men seni qonga to`ydiraman deb bergan vadamning ustidan chiqdim, deydi.
Shiroq Polienning Harbiy hiylalar asari orqali bizgacha yetib kelgan. Bu rivoyatda shak qabilasining cho`poni, oddiy otboqar va dostonchi chol Shiroqning o`z qabilasi osoyishtaligini o`ylab o`limga tik borishi, el-yurti uchun fido-yiligi haqida hikoya qilingan.
Shiroq o`z quloq-burnini kesib, go`yo qabiladoshlaridan norozi bo`lgan qiyofada dushman lashkarboshisi oldiga boradi. Uning ayanchli ko`rinishi esa dushman lashkarboshisida ishonch uyg`otadi. Shiroq dushman lashkarini ergashtirib chor atrofi suvsiz dasht-biyobonga olib boradi va ularni aldab, yolg`iz bir o`zi butun boshli dushman qo`shinini yengganligini elon qiladi. g`azablangan lashkarboshi Ranosbat uni chopib, qiymalab tashlaydi. Shunday qilib, Shiroqning donishmandlarcha o`ylab topgan tadbiri, hiylasi tufayli uning qabiladoshlari dushman hujumidan omon qoladilar.
Rivoyatlar qat`iy kompozisiyaga ega bo`lmaydi. Ko`pincha ular ikki yoki uch epizoddan tashkil topadi. Ixcham syujetda yaratiladi. Ayrim rivoyatlar go`yo tugallanmagandek, davomi bordek tuyuladi. Rivoyatlarning syujet tizimidagi motivlar yaxlit silsilani tashkil etadi. Ularda ajdodlar kulti, suv kulti, hosildorlik va daraxtlarga aloqador xalq qarashlari, tog`, ranglar, dunyo tomonlari, animizm va totemizm bilan aloqador qadimiy tasavvurlarning epik talqinlari o`z ifodasini topgan.
Naql. Naql atamasi yaqin va o`rta sharq xalqlari orasida Zarbulmasal deb yuritilgan. K.Imomov esa uni matal deb ataydi. Naql asli arabcha so`z bo`lib, joydan joyga eltmoq, biror ertak, voqea, maqol, xabarlarni so`zlab bermoq, naql qilmoq manolarini anglatadi. O`tmishda qadimgi turkiy yodnomalar, xalq kitoblari, qo`lyozmalardagi mif, ertak, afsona, rivoyat, doston, maqol, matal, topishmoqlar ham naql deb yuritilgan. Lekin hozir u folklorning mustaqil bir janriga nisbatan qo`llanadi.
Turmushdagi turli narsa va hodisalarni izohlashga qaratilgan axloqiy-didaktik mazmundagi, ramz va majozga asoslanuvchi kichik og`zaki hikoyalar naql deb yuritiladi. Naql xalq donoligining o`ziga xos ifodasi bo`lib, asosan, axloq normalari haqida bahs yuritadi. Shuning uchun uning asosida har doim o`git nasihatomuz fikrlar yotadi.
Kishilar o`rtasida axloq tamo-yillari, dunyoviy tushunchalar haqida fikrlash ehtiyoji naqllarning paydo bo`lishiga sabab bo`lgan.
Naqllarning tuzilishi juda sodda, hajmi ixcham bo`ladi. Unda bayon qilinayotgan fikr etiologik xarakteri, didaktik mazmuni, informativ-estetik vazifasi bilan diqqatni tortadi. Naqllar badiiy-tasvir vositalariga u qadar boy bo`lmaydi, mubolag`asiz yaratiladi.
Naqllar malum bir hayotiy ehtiyoj munosabati bilan aytiladi. Besabab aytilmaydi: ko`pincha muhokamaga sabab bo`lgan voqeani tasdiqlash Yoki axloq qoidalarini buzib ish yuritayotgan biror-bir shaxsni ogohlantirish yoxud noto`g`ri tushunchani tartibga solish maqsadida aytiladi. Shu bois naqlning majoziy manosi va talimiy-tarbiyaviy vazifasi uning asosiy belgisi hisoblanadi.