Mavsumiy marosimlar folklori. O`zbeklar mavsumiy marosimlarga boy xalqlardandir. Bu marosimlar -yilning to`rt fasliga oid xalqning yashash va mehnat tarzi bilan aloqador bo`lib, fasllarga qarab, to`rt turga bo`linadi:
a) bahorgi mavsumlarga aloqador marosimlar;
b) yozgi mavsumlarga aloqador marosimlar;
v) kuzgi mavsumlarga aloqador marosimlar;
g) qishki mavsumlarga aloqador marosimlar.
Bahor mavsumi bilan bog`liq marosimlar, asosan, kishilarning mehnat faoliyatiga aloqadorlikda o`tkaziladi. Yani, ular bahor kirishi bilan dehqon va chorvadorning hayoti va faoliyatida yuz beradigan o`zgarishlarga bog`liq tarzda o`tadi. Masalan, ekin ekishga tayyorgarlik ko`rish, ariq zovurlarni tozalash, chorvani yaylovlarga ko`chirish kabi ishlar kishilar tomonidan belgilangan kunda maxsus tayyorgarlik bilan tashkil qilinadi va bajariladi. Shu boisdan ular o`ziga xos marosim tarzida namoyon bo`ladi. Bahoriy marosimlar sirasiga «Shox moylar», Navro`z, Yomg`ir chaqirish singarilarni kiritish mumkin.
«Sust xotin» marosimi yomg`ir tangrisi Sust xotinga iltijo qilish orqali yomg`ir chaqirishdan iborat. Marosim jarayonida Sust xotin qo`shig`i kuylangan. Bu marosim tarixan qadimiy bo`lib turli joylarda turlicha ataladi, jumladan, Buxoro viloyatining Qorako`l va Olot tumanlarida Chala xotin deb ham yuritiladi.
Sust xotin Avestoda madh etilgan osmon suvlari tangrisi Tishtriyaning xalq o`rtasida fonetik o`zgarishlarga uchrab Tishtriy, Tushtr, sustr va nihoyat sust xotin shaklini olgan namunasi, deya izohlaydi B.Sarimsoqov.
U o`zbeklar orasida Sust xotun, Sut xotun, Suv xotun, Chala xotun nomlari bilan tarqalgan bo`lsa, turkmanlarda Syuyt xato`n, tojiklarda Sust momo yoki Ashaglen deb yuritiladi. Marosimning o`tkazilish tartibi ham turli joylarda turlichadir. B.Sarimsoqov uning to`rt variantini aniqlab izohlagan. Ammo uning mushtarak jihati hamma joylarda ham ayollar tomonidan o`tkazilishidir. Belgilangan kun va vaqtda o`ndan ortiq ayol qo`g`irchoqqa, bazi joylarda qo`riqchi (xo`sa)ga qari ayol ko`ylagani kiydirib, ayollardan biri uni ko`tarib olgan holda oldinda yursa, boshqalar unga ergashib qishloq yoki mahalla bo`ylab xonadonlarga birma-bir kirib chiqa boshlaydilar. Ular xonadonlarga kira turib:
Sust xotun, sulton xotun,
Ko`lankasi maydon xotun,
Havo yog`mas bo`lama, Sust xotun,
Tomchi tommas bo`lama, Sust xotun.
Yetmishdagi kampirni, Sust xotun,
Sel opketmas bo`lama, Sust xotun,-
qo`shig`ini ayta boshlaydilar. Xonadon egalari ularni xursandlik bilan kutib olib, qo`g`irchoq yoki qo`riqchi (xo`sa) ustidan suv sepib, qo`shiq ijrochilariga xayr-ehson qilishadi. Ular shu xayr-ehson evaziga is qilishib, yomg`ir yog`ishidan umidvor bo`lib qolaveradilar.
Sust xotin marosimi matriarxat davrida vujudga kelgan. U ibtidoiy kishilarning tabiat injiqliklarining tub sabablarini bilmasdan ularning oldini olish choralarini topishga ojizliklari oqibatida vujudga kelgan.
Yozgi marosimlar folkloridan atigi bitta janr saqlanib qolgan. Bu “Choy momo - shamol to`xtatish marosimi va unga aloqador aytimdir. Bu marosim surunkali davom etgan qattiq shamolni to`xtatish maqsadida o`tkazilgan.
Choy momo aslida Chuy momo bo`lib, qadimgi turkiy tilda shamol ona deganidir. Qadimda shamolni jonli narsa sifatida tasavvur qilishgan. Bu marosimni dastlab ayollar, keyinchalik erkaklar ham o`tkazishgan.
Marosimni o`tkazish tartibiga ko`ra ikki kampir eski chopon va kiyim kiyib, yuzlariga qorakuya surtishib, qo`llarida hassa bilan tubandagi Choy momo qo`shig`ini aytib berishadi:
Choy, choy, choy momo, Uchilib qolsin quv shamol.
To`ka-to`ka beringlar,
To`kilib qolsin bu shamol.
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin quv shamol.
Choy, choy, choy momo
Choy momosi o`libdi,
Bosa-bosa beringlar,
Bosilib qolsin bu shamol.
Ucha-ucha beringlar,
Ular orasida esa bo`yga yetgan besh qiz boshlariga qizil sholcha yopib olgan holda jo`r bo`lib borishadi. Orqadan yetti-sakkiz yoshdagi o`g`il bola katta xurjun solingan eshakni minib olgan bo`ladi. O`qlog`, yumshoq supurgi va keli (o`g`ur) sopi birga qo`shib bog`langan holda o`sha eshakka sudratilib boriladi. Choy momochilar qaysi xonadonga borsalar, o`sha xonadon egalari ularga bug`doy, non,pul sadaqa qiladi. Eshak ustidagi bola bularni xurjunga solaveradi. Nihoyat qishloq yoki mahalla to`la aylanib chiqilgach, belgilangan joyda yig`ilgan undan shamol otaga is chiqariladi. Buning uchun chalpak pishirilib, shamol otaga atalgan o`n ikki dona chalpakni yerga yoki muqaddas sanalguvchi joydagi biror teshikka tiqishadi. Bu bilan shamol yo`li bog`lanarmish, shamol esa tinarmish. Bazan yig`ilgan narsalarni sotib, qo`y sotib olingan va u shamol chiqadigan joyga eltib qurbonlik uchun so`-yilgan. Qo`y go`shtidan tayyorlangan sho`rvadan ortib qolganini shamol chiqishi taxmin qilingan teshikka to`kib qo`yilgan. Marosimdagi ramziy narsalardan o`qlog` va keli (o`g`ir) sopi rizq-ro`zini anglatsa, supurgi shamol xudosi qahrini keltiruvchi ziyon-zahmatlarni quvuvchi va supurib tashlovchi manosini ifodalaydi. Umuman, bu marosim matriarxat davrining qoldig`i bo`lib, keyinchalik transformatsiyaga uchrab, erkaklar ijrosida ham bajariladigan bo`lgan.
Kuzgi marosimlar folklori janrlaridan faqat ikkitasi-oxirgi tutam bug`doyni o`rib olish (Oblo baraka) va shamol chaqirish Yo, haydar marosimlarigina saqlanib qolgan.
Oxirgi tutam bug`doy – ona bug`doy de-yiladi. Qaysi o`roqchi ana shu tutamga yetib olsa, yettim-yettim, oblo baraka bersin deb uni o`rib oladi.