1-mavzu: Kirish. Mustaqillik davrida “O‘zbek xalq og'zaki ijodi”ni o'rganilishi. Folklor ma’naviv tarbiyaning poydevori. Reja



Yüklə 1,96 Mb.
səhifə4/103
tarix24.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#192618
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   103
Folklor mavzular

Folklor yuksak badiiyligi bilan ham ajralib turadi. Unda voqelikni ifodalashning doston, ertak, maqol, qo`shiq, topishmoq, afsona, rivoyat va askiya singari xilma-xil janrlari shakllangan. Xalq ijodiyotining voqelikni badiiy umumlashtirish oyin (prinsip)larida, shuningdek, bir qator kompozision usul (priyom)larida, chunonchi, syujet va uning uzvlari, obrazlilik, tasviriy vositalarida talay o`ziga xosliklar mavjud.

Folklorda tasvirlangan voqelik vaqt (zamon) e’tiboriga ko`ra o`tmishga daxldor, shu sababli u yoki bu janr tabiatida, shuningdek, til xususiyatlarida o`sha qadimiy izlargina saqlanib qolgan. Buni badik, kinna, olqish va qarg`ishlarda ibtidoiy ajdodlarimizning so`zning magik qudratiga sig`inganlari, shuningdek, folklor namunalari tilida arxaik ifodalar va dialektizmlarning farovonligi yaqqol tasdiqlaydi. Folklor asarlari tili – jonli so`zlashuv tili, shu bilan birga arxaik ifodalar va dealiktizmlar ular uchun me’yor sanaladi. Bu xususiyati bilan folklor tili adabiy jihatdan sayqallangan badiiy adabiyot tilidan farq qiladi. Folklor tili – muttasil harakatdagi jonli so`zlashuv tili bo`lib, hamma zamonlarda ham adabiy tilning boyish manbai bo`lib keldi va shunday bo`lib qoladi.

O`zbek xalq ijodiyotida ifodaviy-tasviriy vositalarning badiiy adabiyotdan farq qiluvchi o`ziga xos butun bir tizimi ishlangan. Bu xalq qo`shiqlaridagi ramziy obrazlar, doimiy sifatlashlar, an’anaviy qoliplar (klishelar), turg`un iboralarning ko`p va xo`bligida, folklor asarlari tilida erkalovchi, kichraytiruvchi qo`shimchalarning serobligida, ayniqsa, muvoziylik (parallelizm), mubolag`a va saj`ning behad faol va o`ziga xos qo`llanilishida yorqin ko`rinadi.

Folklor – jamoa (kollektiv) ijodi. Folklor asarini aniq ijodkorga nisbat berib bo`lmaydi. Ularning yaratilishi paytini ham aniq ko`rsatishning imkoni yo`q. Chunki folklor asari uzoq muddatli ijodiy jarayonda og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga, ustozdan – shogirdga o`tib yuzaga keladi va yashaydi. Folklor asarlari muallifining noaniqligi – anonimligi (grek anonumis-no`malum) o`sha asarning qachonlardir individual ijodkor tomonidan yaratilganligini inkor etmaydi. V.G.Belinskiy aytganidek, folklorda “mashhur nomlar yo`q, uning muallifi hamisha xalqdir. Uning navqiron xalq yoki qabila ichki va tashqi hayotining jimjimalarsiz va aniq tasvirlangan oddiy va soddagina qo`shiqlarini kim to`qiganini hech kim bilmaydi…va bu qo`shiq urug`dan – urug`ga, avloddan-avlodga o`tadi; va vaqtlar o`tishi bilan o`zgarib boradi; goh uni qisqartirishsa, goh uzaytirishadi, goh yangidan to`qishadi, goh unga boshqa qo`shiqni ulashsa, goh unga qo`shimcha qilib boshqa bir qo`shiqni to`qishadi – shunda qo`shiqdan doston chiqadi. Faqat xalq unga o`zini muallif sanay oladi. Adabiyot – boshqa ish; endi xalq emas, balki xalq hayotining turli tomonlarini o`z aqliy faoliyatlarida aks ettiruvchi alohida shaxslar uning arbobi. Adabiyotda shaxs to`la huquq bilan maydonga chiqadi va adabiy bosqich hamisha shaxslarning nomi bilan ajralib turadi”. Ko`rinayotirki, folklor asarlari qachonlardir noma’lum shaxs (individ) tomonidan to`qilsa-da, og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga o`tish jarayonida jamoa (kollektiv) ijodkorligi namunasiga aylanadi; jamoa ijodiy salohiyatidan to`lishib, mukammallashib, g`oyaviy-badiiy kamolot kasb eta boradi.


Shuni aytish o`rinliki, folklor qadim zamonlarda jamoaning ommaviy ijodi sifatida yuzaga kelgan edi. Ilk namunalariyoq hammabop va ommabop to`qilgan bo`lib, uning ijrosiga mo`ljallangan. O`sha zamonlarda shaxsiy ijodkor jamoadan hali to`la-to`kis ajralib chiqmagan edi. Ijtimoiy – siyosiy munosabatlarining takomillasha borishi, xalq estetik tafakkurining o`sishi va mehnat taqsimotining chuqurlashuvi jarayonida davrlar o`tishi bilan alohida ijrochilar – qo`shiqchilar, ertakchilar, baxshilar, qissasoz-u qissaxonlar, latifago`ylar (bazlago`ylar), hazzollar (hazilkashlar), qiziqchilar, xalfalar o`z mahoratlari bilan yarqirab ko`rina boshladilar. Ammo bu talantlar ham jamoa dahosi bilan ijodiy oziqlanib, og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga, ustozdan shogirdga o`tib kelgan asarlarni kuylar, ijro etar va albatta, shu jarayonda o`zidan ham nimanidir qo`shib, individual mahoratlarini namoyon etar edi. Tilla kampir, Sulton kampir, Jolmon baxshi, Bo`ron shoir, Jumanbulbul, Jossoq, Xonimjon xalfa, Bibi shoira, Ernazar baxshi, Riza baxshi, Suyar baxshi, Amin baxshi,Yo`ldoshbulbul, Sultonmurod, Qurbonbek, Xidir shoir, Yo`ldosh shoir, Suyar shoir, Sherna yuzboshi, Mulla Xolnazar, Haybat soqi, Qunduz soqi, Fozil Yo`ldosh o`g`li, Ergash Jumanbulbul o`g`li, Po`lkan Jonmurod o`g`li, Islom Nazar o`g`li, Saidmurod Panoh o`g`li, Abdulla shoir, Umir Safar o`g`li, Nurmon Abduvoy o`g`li, Xolyor Abdukarim o`g`li, Bola baxshi, Bolta baxshi, Qodir baxshi Rahim o`g`li va boshqalar o`z individual ijrochiliklari tufayli jamoa dahosi bilan yaratilgan asarlarni avloddan-avlodga yetkazib keldilar. Ularning ba’zilari esa shu jamoa ijodkorligiga xos an’analarga mustahkam tayangan holda o`zlari ham ijod eta boshladilar, aniqrog`i, an’anaviy dostonlar kuychisi darajasida qolib ketmay, baxshilikdan shoirlik darajasigacha ko`tarildilar.
Folklor asari og`izdan-og`izga o`tishi tufayli shaklan va mazmunan qanaqa o`zgarishga uchramasin, bu hol uning g`oyaviy – badiiy, ijtimoiy-estetik qimmatini tushirmaydi. Chunki unda ijodkor xalqning voqelikka munosabati aks etgan. Folklor asarlarining og`izdan-og`izga o`tib, uzoq asrlar davomida yashab kelayotganining asosiy sababi shunda.
Improvizatsiya – lotincha “improviso” so`zidan yasalgan bo`lib, lug`aviy jihatdan “oldindan kutilmagan yoki ko`rilmagan, to`satdan yoki birdan degan ma`nolarni anglatsa-da, istilohiy ma`noda badiiy ijod sohasida maxsus tayyorgarlik ko`rmay, zaruriyat tug`ilgan lahzaning o`zidayoq og`zaki ijro jarayonida ko`ngilni junbishga keltirgan hodisa yoki voqea ta`sirida to`qilgan asardir. Bunday asarlar badihalar ham deyiladi. Aslida bunday asarlar xotira qatlari zamirida saqlangan bo`lib, nogohoniy taassurot tufayli yangidan dunyoga keladi. Shu ma`noda har qanday improvizatsiya azaliy ijodiy tajriba, malaka va tayyorgarlikning hosilasidir.
Improvizatsiyada ijodkorning og`zaki badiiy ijod qonun-qoidalaridan xabardorligi ayricha ahamiyatga ega. U shu qonunlarni qancha puxta bilsa, to`qigan asari saviyasi ham shu qadar mukammallik kasb etadi. Xalq ijodkori o`z asarini xilma-xil davralarda, xilma-xil sharoitlarda ijro etishi jarayonida tinglovchilarning yoshi, kasb-kori va qiziqishlarini hisobga olib, o`sha asarining qay bir epizodini, bayti yoki bandini tashlab ketishi, qay bir yangi epizod, bayt yoki bandni qo`shib kuylashi mumkin. Shu asosda o`sha folklor asarining xilma-xil variantlari yuzaga kelishi mumkin. Binobarin, folklordagi variantlilik, asosan, improvizatsiya natijasidir.
Improvizatsiya u yoki bu janrga mansub matnning muttasil harakatda bo`lishini ta`minlaydi va hatto alla, yig`i singari janrlarda nisbatan faolroq namoyon bo`lib, faqat badihaviylik hosilasi sifatida yuzaga kelishini ta`minlaydi.
Folklorda_an’anaviylik'>Folklorda an’anaviylik xalq ijodida u yoki bu asar matnining og`izdan-og`izga o`tishi jarayonida nisbatan barqarorliknigina anglatib qolmay, balki o`sha asarning avloddan-avlodga o`tish jarayonida dastlabki ijrosiga xos xususiyatlarni, kuyi va shaklini, tasviriy ifoda vositalarini va qahramonlarini nisbatan o`zgarmagan holda saqlab qolganligini ham anglatadi.
Xalq ijodiyotida an’anaviylik g`oyaviy-badiiy mazmunda keng ko`lamga ega. Zero, mavzu mohiyatiga ko`ra uning barcha tur va janrlaridagi namunalarida vatan, xalq va mehnatni ulug`lash, adolatsizlikka nafrat bilan qarash, do`stlik va birodarlikni qadrlash, chin insoniy muhabbatni sharaflash mushtarak an’anaviy motivlardir. Shuningdek, an’anaviylik folklorning har bir turi va janrining kompozision tarkibiga xos unsurlar umumiyligini ham namoyon etadi. Aytaylik, qo`shiq janri tabiatiga daxldor an’anaviy unsurlarning hammasi ham doston janri tabiatiga to`g`ri kelavermaydi. Dostonlargagina xos an’anaviy epik ko`lamdorlik, epik qoliplar, umumiy tipik o`rinlar va boshqalar qo`shiqlarda uchramaydi. Lekin bular xalq eposi uchun an’anaviy unsurlar sanaladi. Yoki xalq eposini an’anaviy boshlama va tugallanma, otni egarlash va ta’riflash, otda bahodirona chopish, janglar tasviri, safarga otlangan qahramonga nasihat qilish, jangga kirish oldidan o`zini maqtashi, sevishganlar uchrashadigan chorbog`lar tavsifi, malikalar, kanizaklar, ko`sa va maston kampirlar tasvirisiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Bularsiz dostonlarda an’anaviy syujet qurilmasini yaratish qiyin.
An’ana – jamoa ijodkorligining mahsuli, shu bilan birga folklor asarlarini jamoaviy holda saqlab qolishning ham o`ziga xos shakli hisoblanadi. Binobarin, folklor asarlarining og`izdan-og`izga o`tib yashashining o`zi an’anaviyligidir. Og`zakilik folklorning o`zgarmas shakli bo`lib, o`z navbatida, xotirada saqlamoqni, yodlab eslamoqni taqozo etadi. Buning uchun esa, kuchli hofiza zaruriyatga aylanadi. O`zbek baxshi va shoirlari orasida qirqdan ziyod an’anaviy dostonlarni, tag`in qanchadan – qancha termalarni bilgan, kuylagan, yana o`zi to`qiganlarning borligi shu an’anaviy ehtiyojning hosilasidir. Sirasini aytganda, an’anaviylik folklorninggina emas, balki xalq musiqasi, raqsi va amaliy san’atining ham xos belgisi sanaladi.
An’anaviylik o`zining ijtimoiy – tarixiy manbalariga ega. Chunonchi, folkorning ilk namunalari ibtidoiy jamiyatda yaratilgan, ularda o`sha zamon kishilarining nisbatan qaror topgan urf-odatlari va hayotga oid qarashlari aks etgan. Bu hol folklor asarlari shakli, obrazlari va motivlari muayyan barqarorlik kasb etishini ta’minlagan.
Xalqning asrlar davomida shakllangan badiiy zavqi, didi bor, folklor hamisha shu xalqona estetik prinsipga amal qilib yashaydi. Bu – folklor uchun obyektiv qonuniyat. Ijtimoiy – iqtisodiy taraqqiyotning xalq estetikasiga ko`rsatadigan ta’siri folklordagi an’anaviylikni harakatga soladi. Masalan, ijtimoiy tafakkur taraqqiyoti xalq e’tiqodida yasagan tub burilishlar oqibatida badik, kinna, burey– burey janrlari, shuningdek, “Sust xotin”, “Choy momo”, “Barot keldi” marosimlari so`nib, iste`moldan chiqib ketdi. XX asrning ikkinchi choragidan boshlab yangi voqelikning yuzaga kelishi tufayli doston yaratish an’anasi ham so`nish sari yuz tutdi, qo`shiq, maqol, askiya, og`zaki hikoya davom etmoqda, ayrim yangi shakl – janr, jumladan, tarixiy qo`shiq yuzaga keldi. Shuningdek, an’anaviy qo`shiq motivlari o`zgardi. Yangi voqelik mazmuniga mos obrazlar va qarashlar evaziga to`lishdi.
Ayrim janrlar poetik tizimida jiddiy o`zgarishlar sodir bo`ldi. Jumladan, yangi dostonlarda, garchi an’anaviy dostonchilikka xos, epiklikka, tayyor qoliplarga, motivlarga suyanilsa-da, biroq bular endi an’anaviy dostonlardagidek g`ayritabiiylik asosida emas, balki hayotiy reallikka, obyektivlikka asoslangan holda ifodalanadigan bo`ldi. An’anaviy dostonlarning ideal qahramonlari g`ayritabiiy kuchlar madadkorligida harakat qilib g`alaba qozonsa, yangi dostonlarning qahramonlari real tarixiy shaxslar bo`lib, ular yangi voqelikka suyanib harakat qiladi va o`z maqsadiga erishadi. Bunday farqni an’anaviy dostonlar bilan yangi dostonlar konflikti misolida ham ko`rish mumkin. Konflikt an’anaviy dostonlarda yakka shaxs manfaati taqozosi, yangi dostonlarda esa omma manfaatlari taqozosi hosilasidir. Binobarin, yangi dostonlar konflikti hayotiy zaminga ega va uning yechimi ham realdir.
Anonimlik aslida folklorning jamoa ijodi sifatida yuzaga kelishi natijasi o`laroq paydo bo`lgan xususiyatidir. Anonim yunoncha “anonumos” so`zidan olingan bo`lib, lug`aviy jihatdan “nomsiz, nomi noma`lum” ma`nolarini anglatsa-da, istilohiy ma`noda xalq ijodiyotiga xos xususiyatini bildiradi. Binobarin, ayonlashayotirki, folklor asarlari yaratuvchisi nomining noma`lumligi – uning anonimligini tayinlaydi.
Folklordagi anonimlik hodisasi yozma adabiyotdagi taxallus vositasida asl nomni yashirishdan farq qiladi, albatta. Og`zaki asarlar qachonlardir kim tomonidandir ijod qilinganiga shubha bildirib bo`lmaydi. Biroq o`sha ilk ijodkor uni o`z asari sifatida qabul qilmagan, aniqrog`i, unga mualliflikni da`vo etmagan. U og`zaki aytgan, kuylagan yoki ijro etgan o`sha asar og`izdan-og`izga, otadan-farzandga, avloddan-avlodga, urug`dan-urug`ga, qabiladan-qabilaga ko`chib, zamon elagidan o`tib, didlar ta`sirida sayqallanib, individual ijodkoriga taalluqliligini yo`qotib, jamoa ijodi hosilasiga aylana borgan va muallifi noma`lumlashib qolgan. Bu hodisa xalq ijodiyotining anonimligi xususiyatini shakllantirgan.
Folklorda variantlilik va versiya. Xalq ijodiyoti namunalari jonli ijro jarayonida xilma – xil variantlardagina yashaydi. Variantlilik – folklorning jonli yashash tarzi. “Variantlilik, - deb yozadi T.Mirzayev,- folklor tabiati, uning estetikasi, yaratilishi va jonli og‘zaki ijroda yashash qonuniyatlari hamda funksiyasidan kelib chiqqan xususiyatidir. U folklorning hamma tomonlari va elementlarini – syujeti, obrazliligi, stilistikasini, umuman, poetikasi va janr xususiyatlarini qamrab oluvchi belgisidir”. Binobarin, variant – ma’lum bir asarning jonli og`zaki epik an’ana zaminida vujudga kelgan, bir-birini inkor etmasdan yonma-yon yashay oladigan va o`zaro farqlanuvchi turli-tuman matnlaridir. Chunonchi, «Alpomish» dostonining yigirma sakkiz dostonchidan yozib olingan o`ttiz uchta to`liq, parcha, ertak va mazmunidan iborat variantlari mavjud.
Xalq ijodiyotida variantlar bir – birlaridan, avvalo, asar matnining saqlanishi, ya’ni to`laligi, qisqarganligi, parcha holiga kelganligi yoki kontominasiya (lotincha: contaminatio – bir-biriga tegdirmoq, aralashtirmoq, qorishtirmoq)ga uchraganligi, so`ngra esa, badiiy shaklining o`zgarib turishi, aytaylik, band yo bayt tarkibining o`zgarib turishi, bir matnning goh u va goh boshqa bir janr tarkibida o`rin almashtirishi natijasida farqlilik kasb etadilar. Shu sababli folklorda har bir variant to`la va teng huquqqa ega mustaqil asar sanaladi.
Variantlilikning muhim xususiyati versiya ichida harakat qilishidir. Binobarin, versiya mohiyatan ancha keng hodisa bo`lib, “kompozision va g`oyaviy-badiiy tasvir vositalari jihatidan bir-biridan prinsipial ravishda keskin farq qiluvchi xalq og`zaki poetik ijodining bir syujet va janrdagi namunalari (tekstlari)” dan tashkil topgan. Chunonchi, “Alpomish” dostonining o`zbek, oltoy, tatar, boshqird, qoraqalpoq, qozoq va boshqa xalqlarga mansub versiyalri kabi. Gohida birgina doston birgina xalqning o`zida ham ikki va undan ortiq versiyaga ega bo`lishi mumkin. Masalan, “Shirin bilan Shakar” va “Sohibqiron” dostonlari o`zbek xalqi orasida ikki versiyada tarqalgan.
Shunday qilib, variantlilik folklor asarlarining xalqchilligini hamda tarqalish chegarasini belgilaydi, folklorda kechayotgan o`zgarishlarning sabablarini o`rganish asosida xalq ijodiyotidagi jarayonlarga xos qonuniyatlarni ochish uchun boy material beradi.
Folklordagi bir qator janrlarda, jumladan, maishiy-hayotiy ertaklarda, tarixiy va lirik qo`shiqlarda voqelik ham, qahramon ham real ifodalanadi. Bu, shubhasiz, xalq onginig mifologik tasavvurlardan qutula borib, o`z-o`zini anglashi ancha chuqurlashgan, oilaviy va ijtimoiy turmush tarzidagi o`zgarishlarni teranroq idrok eta borishi tufayli nisbatan keyinroq sodir bo`lgan hodisadir.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin